Jahon | 20:45 / 21.04.2025
869
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya IIV maktablardagi migrant bolalarning ro‘yxatini yuritishni boshlaydi

Mintaqaviy ta’lim vazirliklari va departamentlar IIVning hududiy organlariga bola ham uning ota-onasiga oid shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etishga majbur bo‘ladi.

Foto: mskagency.ru

Rossiyaning mintaqaviy hukumatlari maktabga qabul qilish jarayonida migrant bolalarni testdan o‘tkazish, ularni o‘qishga qabul qilish va chetlash haqida Ichki ishlar vazirligiga ma’lumot berishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Migratsiya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, mintaqaviy ta’lim vazirliklari va departamentlari IIVning hududiy organlariga bola va uning ota-onasining ismi-sharifi, tug‘ilgan sanasi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari, yashash manzili, sug‘urta raqami hamda ularning individual shaxsiy hisob raqamlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. IIV organlari esa o‘z navbatida, migrant bolalarning ro‘yxatga olinishi va ro‘yxatdan chiqarilishi haqida ma’lumotlarni mintaqaviy hokimiyatlarga yuboradi. Qonun loyihasi izohida aytilishicha, ushbu ma’lumot almashinuvi bolalarni «Rossiya jamiyatiga moslashtirish va integratsiya qilish»ga qaratilgan. Idora, shuningdek, ushbu mexanizm orqali maktabga qabul qilinmagan migrant bolalarni aniqlab, ularning umumiy ta’lim olish huquqini ta’minlashga yordam beradi.

Qonun loyihasining moliyaviy-iqtisodiy asosiga ko‘ra, IIVning axborot tizimini yangilash uchun 125 million rubl ajratilishi ko‘zda tutilgan. «Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risida»gi va «Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning migratsion hisobga olinishi to‘g‘risida»gi federal qonunlarga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Rossiya yuristlar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Vladimir Gruzdevning ta’kidlashicha, yangi mexanizm IIVga Rossiyada noqonuniy asosda yashayotgan voyaga yetmagan xorijiy fuqarolarni aniqroq hisobga olish imkonini beradi. Mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin IIV kollegiyasi yig‘ilishida noqonuniy migratsiya kanallarini yo‘q qilish va migratsiyani nazorat qilishning zamonaviy vositalaridan faolroq foydalanishni talab qilgandi.

Rossiyada 1 apreldan migrant bolalarning rus tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test qilish boshlangan. Birinchi sinfga kirayotgan bolalar tinglash, gapirish va so‘z boyligini ko‘rsatishi kerak. Ikkinchi sinfga kirayotganlar esa minimal darajadagi o‘qish va yozish ko‘nikmalarini namoyish qilishi lozim. Sinf darajasi oshgani sayin testlar murakkablashadi. Minimal o‘tish balli — uch («qoniqarli»). Agar bola ushbu ballni to‘play olmasa, uch oydan so‘ng testni qayta topshirish va rus tilidan qo‘shimcha dars olish taklif qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, aprel boshlarida Rossiyada Fuqarolik va chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha xizmat tashkil etilgandi. Yangi xizmatning asosiy vazifasi — «migratsiya jarayonlarini tartibga solish va migrantlarning Rossiya qonunlariga rioya qilishini ta’minlash, shuningdek, noqonuniy faoliyatni kamaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat».

Mavzuga oid