«Real» chempionlik poygasida qoldi, «Liverpul»ga chempionlik uchun bir g‘alaba qoldi. Kun o‘yinlari
Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Mateo Villalba/Getty Images
Angliya: «Arsenal»ning yuzinchi goli va «MYu»ning navbatdagi dahshatli tushi
«Ipsvich» — «Arsenal» 0:4
Gollar: Trossar (14, 69), Martinelli (28), Nvaneri (88).
«Ipsvich» — Palmer, Tuanzebe, O'Shi, Grivz, Devis, Morsi (Chaplin, 90+1), Kayuste (Luongo, 81), Jonson, Ensiso (Teylor, 46), Klark (Burjyess, 35), Hirst (Delap, 82).
«Arsenal» — Rayya, Uayt, Saliba, Kivyor, Zinchenko, Edegor, Rays (Tirni, 73), Merino (Lyuis-Skelli, 57), Saka (Nvaneri, 57), Trossar (Batler-Oyyedeji, 83), Martinelli (Sterling, 73).
Chetlatish: Devis (32).
«Arsenal» aralash tarkib tushirib ham «Ipsvich»ni osonlik bilan mag‘lub etib, mavsumdagi gollari sonini 100 dan oshirdi. O‘yin startida Trossar jarima maydoni ichida u qadar yaqqol bo‘lmagan vaziyatda to‘pni himoyachi oyoqlari orasidan o‘tkazib, darvozabonni ham dog‘da qoldirdi. Biroz o‘tib Martinelli Merinoning tovonda bergan uzatmasini golga aylantirdi, bo‘lim oxirlarida Devis Sakaga qarshi qo‘polligi uchun maydondan chetlatilganida o‘yin masalasi amalda hal bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda belgiyalik forvard o‘z uslubida yana bir gol urib, hisobni yiriklashtirdi. E’tiborli jihati, bu gol burchak zarbasidan keyin urilgan bo‘lsa-da, bu vaziyatda to‘p «Arsenal»ga xos tarzda to‘g‘ridan to‘g‘ri jarima maydoniga uzatilmagan, to‘pni eng yaqin futbolchiga yerlatib yetkazib berish orqali o‘ynalgandi. O‘yin oxirida Nvanerining goli ham burchak zarbasini shunday amalga oshirish orqali urildi, bu esa «kanonirlar»ning raqiblari uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i - darvozaga burchak zarbasi belgilanganida, xavf qayerdan kelishini topish qiyinlashmoqda.
«Manchester Yunayted» — «Vulverhempton» 0:1
Gol: Sarabiya (77).
«Manchester Yunayted» — Onana, Frederikson, Lindelyof (Yoro, 79), Mazraviy, Dorgu (Dalot, 59), Ugarte (Fernandesh, 59), Eriksen, Amass, Maynu (Maunt, 59), Garnacho, Hoylund (Obi, 70).
«Vulverhempton» — Bentli, Bueno, Agbadu, Toti, Semedu (Gomesh, 74), Andre, Gomes, Ait-Nuri (Doerti, 82), Manetzi, Kunya (Jiga, 90+4), Larsen (Sarabiya, 74).
Ogohlantirishlar: Andre (29), Ait-Nuri (48), Dorgu (56), Eriksen (76), Sarabiya (80).
Yevropa ligasida «Lion»ga qarshi hissiyotlarga boy kechgan o‘yindan keyin «MYu»ning omad limiti tugab qolgandi va «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinda hech qanaqasiga darvozani ishg‘ol etib bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘lim oxirlarida Sarabiya tomonidan jarima zarbasidan urilgan gol esa «bo‘rilar»ga qatorasiga beshinchi g‘alabani taqdim etdi, bunaqasi jamoa tarixida 55 yildan buyon kuzatilmagandi. «Qizil iblislar» esa APLdagi ishtiroki davridagi eng yomon mavsumni o‘tkazmoqda va ilk bor bir mavsumda 15 uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi. Shu bilan birga, «MYu» kelasi mavsumda ham APLda qolishi kafolatlandi. 18-o‘rindagi «Ipsvich» «Arsenal»ga yutqazgach, 14-o‘rindagi «MYu»bilan oradagi 17 ochkolik farq saqlanib qoldi. Mavsum tugashiga 5 tur qolgani hisobga olinsa, «Manchester Yunayted» qolgan besh o‘yinda yutqazgan taqdirda ham, «Ipsvich» qolgan besh o‘yinda g‘alaba qozonib ham ushbu jamoaga yetib ololmaydi.
«Fulhem» — «Chelsi» 1:2
Gollar: Ivobi (20) — Jorj (84), Netu (90+3).
«Fulhem» — Leno, Tete (Kastan, 78), Andersen, Bessi, Robinson, Berg, Lukich (Kerni, 72), Sessenon (Uilson, 79), Pereyra, Ivobi (Traore, 84), Ximenes (Vinisius, 84).
«Chelsi» — Sanches, Jyeyms (Gyusto 46, Adarabioyo 89), Chaloba, Koluill, Kukurelya, Fernandes, Kaysedo, Madueke (Sancho, 46), Palmer, Netu, Jyekson (Jorj, 78).
Ogohlantirishlar: Bessi (24), Koluill (29), Kukurelya (80), Kaysedo (85).
Yakshanba oqshomiga qadar «Chelsi» APLning yil boshidan buyon safar o‘yinlarida g‘alaba qozona olmagan yagona jamoasi bo‘lib turgandi, safardagi so‘nggi g‘alaba 8 dekabrda, «Tottenhem»ga qarshi derbida kuzatilgandi. Bu safar ham noxush an’ana davom etadigandek edi. «Fulhem» birinchi bo‘limda Ivobi urgan gol evaziga qo‘lga kiritilgan ustunlikni uzoq vaqt saqlab turdi, ammo 84-daqiqada londonliklarning 19 yoshli yarimhimoyachisi Jorj urgan gol o‘yinni o‘zgartirib yubordi. Klub tarbiyalanuvchisining muvaffaqiyati ko‘klarni ilhomlantirdi va hal qiluvchi shturm qo‘shimcha daqiqalarda Pedru Netuning chiroyli goli bilan yakunlandi. Portugaliyalik futbolchi jarima maydoni markazida turib, Enso Fernandesning uzatmasini a’lo darajada o‘ziga bo‘ysundirdi va to‘pni to‘sin ostidan darvoza to‘riga mixladi. 3 apreldan buyon qo‘lga kiritilgan ilk g‘alaba evaziga Enso Mareska shogirdlari qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga «Aston Villa»ni quvib o‘tib, to‘rtinchi o‘rindagi «Manchester Siti»ga bir ochkolik masofada yaqinlashib oldi. «Chelsi» Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi beshinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolishi dushanba kuni «Nottinghem» va «Tottenhem» o‘rtasida kechadigan o‘yindan keyin ayon bo‘ladi.
«Lester» — «Liverpul» 0:1
Gol: Aleksander-Arnold (76).
«Lester»: Hermansen, Tomas, Pereyra (Jastin, 83), Koudi, Fas, Sumare, Ndidi (Skipp, 83), El-Xannus, Mavididi (Monga, 85), Dekordova-Rid (Buonanotte, 61), Vardi (Daka, 62).
«Liverpul»: Alisson, Tsimikas, Bredli (Aleksander-Arnold, 71), van Deyk, Konate, Mak Allister, Gravenberh, Gakpo (Jota, 60), Saloh, Soboslai (Elliott, 71), Dias (Jons, 90+4).
O‘yinning birinchi bo‘limida mehmonlar zarbalar bo‘yicha 14:2 nisbatida ustunlikka ega bo‘lishdi. Shu bilan birga, bu statistika «Liverpul» qanchalik ko‘p vaziyatlardan foydalana olmaganini ko‘rsatadi. Eng yaxi vaziyatlar Salohda yuzaga keldi, ammo bu safar APLning eng yaxshi to‘purarining ishlari yurishmadi, jumladan, bir necha metr masofadan gol urolmadi.
«Liverpul»ning ustunligi tanaffusdan keyin ham davom etdi, ammo mezbonlar ancha vaqtgacha darvozasini daxlsiz saqlab turishdi. Dias markaziy forvard pozitsiyasiga chiqib, Bredli qanotdan oshirgan to‘pni yaqin masofadan to‘rga joylay olmadi. Keyin esa Tsimikas yanada qulayroq pozitsiyadan aniq zarba berdi, bu safar «Lester» darvozaboni ishonchli harakat qildi.
71-daqiqada esa Slot o‘ng qanotni almashtirdi. Bredli ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynagan bo‘lsa-da, o‘yin boshida uch marta to‘pni oldirgandi. Uning o‘rniga bir oydan ortiq vaqt davomida jarohatini davolagan Trent tushirildi. Bu vaqt ichida esa u yozda «Real»ga o‘tishi aniq bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Shuning uchun, himoyachini ayrim muxlislar hushtakbozlik bilan qarshi olishdi. Yakunda esa aynan Trent o‘yindagi g‘alaba golini urdi va golini qattiq hissiyotga berilib nishonladi. Bundan keyin muxlislar unga hushtakbozlik qilishga haqli emasdi.
Bu gol «Liverpul»ni chempionlikka yanada yaqinlashtirdi. Chempionlikni rasmiylashtirish uchun jamoa keyingi turda o‘z maydonida «Tottenhem» ustidan g‘alaba qozonishi yetarli bo‘ladi.
Yakshanba oqshomida oxirigacha chidab bera olmagan «Lester» esa chempionshipga qaytib ketadigan bo‘ldi, Ruda van Nistelroy boshchiligidagi «tulkilar» Angliya yuqori divizioni tarixiga qatorasiga to‘qqiz uy uchrashuvida gol ura olmasdan yutqazgan ilk jamoa sifatida kirdi.
Ispaniya: Valverdening zambarak zarbasi
«Real» — «Atletik» 1:0
Gol: Valverde 90+3.
«Real»: Kurtua, Kamavinga, Ryudiger, Asensio (Vaskes, 84), Valverde, Chuameni Modrich (Guler, 78), Sebalos (Endrik, 58), Bellinghem, Vinisius, Rodrigo (Dias, 79).
«Atletik»: Simon, Gorosabel, Paredes, Nunes, Boyro (Vivian, 87), Prados, Vesga, Jalo (I. Uilyams, 62), Gomes (Lekue, 72), Berenger (Sanset, 62), Guruseta (Sannadi, 62).
Ogohlantirishlar: Asensio, 75 – Nunes, 63, Prados, 86.
«Real» futbolchilari Karlo Anchelotti iste’fosi haqidagi navbatdagi mish-mishlar fonidagi o‘yinning birinchi bo‘limni o‘ta nursiz o‘tkazishdi va xG bo‘yicha mavsumdagi eng yomon ko‘rsatkich qayd etildi (0,16). Ammo ikkinchi bo‘limga jamoa butunlay boshqacha ruhda chiqdi. Ispaniyadagilar hatto bu bo‘limni —madridliklarning so‘nggi oydagi eng yaxshi bo‘limi deb atashmoqda. Ammo shunday o‘yinda ham hadeganda mezbonlarning omadi kelavermadi. Bellinghemning o‘zi bir daqiqa ichida ikkita xavfli vaziyatga ega bo‘ldi. Birinchi holatda Unai Simon to‘sin ostidan kirayotgan to‘pni to‘sib qoldi, keyin esa golga bir necha santimetr yetmay qoldi.
«Qirollik klubi» muxlislari so‘nggi soniyalargacha o‘yinni asabiy holatda kuzatishga majbur bo‘lishdi. Vinisius yaqin burchakka zarba yo‘llab, chiroyli gol urdi, ammo bu gol bekor qilindi. Videotakrorni ko‘rish uchun monitor qarshisiga borgan arbitr ofsayd chizig‘ida bo‘lgan Endrik epizodga ta’sir ko‘rsatgan deb topdi. «Real» esa o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda baribir raqibni taslmi etdi. Valverde jarima maydoni ichida turib «to‘qqizlik»ni aniq nishonga oldi.
Bu g‘alabadan keyin madridliklar birinchi o‘rindagi «Barselona» bilan oradagi 4 ochkolik farqni saqlab qoldi. Mavsum yakuniga qadar yana 6 o‘yin bor va bu o‘yinlardan biri chempionlik masalasini hal qiladigan o‘yin bo‘ladi - 11 may kuni «Barselona» «Real»ga o‘z uyida yutqazmasa, amalda chempionlik masalasini hal qiladi.
Italiya: barcha umid Kubokdan
«Bolonya» — «Inter» 1:0
Gol: Orsolini (90+4).
«Bolonya» — Ravalya, Holm, Bekema, Lukumi, Miranda, Ebisher (Moro, 88), Froyler, Ndoyye (Kambiyagi, 77), Odgor (Fabbian, 89), Dominges (Orsolini, 70), Dallinga (Kastro, 77).
«Inter» — Zommer, Pavar, Bastoni (Di Marko, 65), Acherbi, Darmian (Bissek, 88), Barella, Chalxono‘g‘li, Mxitayarn (Frattezi, 65), Augusto, Martines (Arnautovich, 88), Korrea (Torimiy, 69).
Ogohlantirishlar: Mxitaryan (39), Ndoyye (58), Bastoni (62), Korrea (83), Orsolini (90+6).
«PSJ» allaqachon chempion. «Liverpul» keyingi haftalarda chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin. «Bavariya» va «Barselona» ham o‘z ligalarida yaxshi farq bilan ilgarilab ketgan. Kuchli beshlikda faqatgina Italiyada oxirigacha intriga saqlanib qolmoqda. Apennin yarimorolida finishga besh tur qolganida turnir jadvalida qo‘shhokimlik o‘rnatilgan, buning uchun esa «Bolonya»dan minnatdor bo‘lish kerak. Ushbu jamoa birinchi navbatda o‘zi uchun harakat qilmoqda va YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rin uchun «Yuventus» bilan kurashmoqda.
«Bolonya» o‘yin davomida yaxshi harakat qildi va qo‘shimcha daqiqalarda o‘zi haqli bo‘lgan golni urdi. G‘alaba goli muallifi Orsolini esa o‘z faoliyatida ilk bor bir mavsumda 12 gol urishga erishdi. «Bolonya» yetakchisi autdan oshirilgan to‘pga havodaligida zarba berdi va haqiqiy shedevr muallifiga aylandi. Qizil-ko‘klar endi to‘rtinchi o‘rinda va dushanba kuni «Parma» maydoniga safar qiladigan «Yuventus»ning javobini kutadi. «Inter» esa ochkolar teng holatida faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga turnir jadvalida «Napoli»dan yuqorida joylashgan.
«Milan» — «Atalanta» 0:1
Gol: Ederson 62.
«Milan»: Menyan, Pavlovich, Gabbiya, Tomori (Himenes, 83), Ernandes, Himenes (Felish, 75), Reynders, Fofana, Pulishich (Sottil, 75), Leau (Chukvueze, 83), Yovich (Abraham, 75).
«Atalanta»: Karnezekki, Jimsiti (Toloi, 59), Hin, Bellanova, Pashalich (De Ketelare, 80), Lukman, Zappakosta (Kossunu, 59), Kuadrado (Rujyeri, 59), Lorenso, de Ron, Retegi (Sulemana, 90+1).
Ogohlantirish: Kuadrado 56.
Birinchi bo‘limni «Milan» faollik bilan o‘tkazdi, ammo ko‘p hollarda aniqlik yetishmadi, vaziyatlardan birida esa raqib himoyachisi yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Rafael Leauni zararsizlantirdi. Ikkinchi bo‘limda esa «Atalanta» ajoyib golli hujum uyushtirdi. Lukman jarima maydoniga uzatma amalga oshirdi, Bellanova to‘pni markazroqdagi Edersonga qulay qilib tashlab berdi — barchasi namunali tarzda ijro etildi. «Milan»ni mavsumning ikki o‘yinida ham mag‘lub etgan bergamoliklar uchinchi o‘rinni mustahkamladi (to‘rtinchi o‘rin bilan oradagi farq to‘rt ochko). Serjiu Konseysau jamoasi esa mavsumni «Inter»ga qarshi Italiya kubogi finalida g‘alaba qozonish orqali qutqarib qolishga harakat qiladi.
Mavzuga oid

09:50 / 20.04.2025
Shomurodov «Roma»ga g‘alaba keltirdi, «Barsa»da chempioncha kambek. Kun o‘yinlari

17:54 / 18.04.2025
Anchelotti «Real»dan ketishi kutilmoqda. Uning o‘rniga da’vogarlar ma’lum

11:41 / 18.04.2025
Remontada «Old Trafford»da bo‘ldi. «MYu» 7 daqiqada uchta gol urib yarimfinalga chiqdi

12:20 / 17.04.2025