Qimmatlashayotgan oltin. Keyingi prognozlar qanday?
Iqtisodiy beqarorlik va noaniqliklar kuchayib borayotgani fonida oltin narxi qimmatlashishda davom etyapti. Yirik moliya institutlari ham o‘z prognozlarini yangiladi. Goldman Sachs kutilmalariga ko‘ra narxlar 2025 yil oxiriga qadar 3700 dollarga, UBS kutilmalariga ko‘ra esa 3500 dollarga yetishi mumkin.

Foto: Matthias Schrader / AP
AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Xitoyga nisbatan yangi tariflar joriy etilishi va Xitoyning javob chorasi sifatida AQSh mahsulotlariga bojlar qo‘yishi global iqtisodiy noaniqlikni kuchaytirdi. Bu esa sarmoyadorlarning oltinga investitsiya kiritishini qo‘llab-quvvatlayapti.
AQSh dollarining boshqa valutalarga nisbatan qadrsizlanishi oltinni xorijiy investorlar uchun arzonlashtirdi, bu esa qimmatbaho metallga talabni oshirdi. Markaziy banklar, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlar o‘z rezervlarini diversifikatsiya qilish maqsadida oltin xaridlarini oshiryapti.
Yil boshidan beri oltin narxi qariyb 26 foizga qimmatlashdi. 2025 yil 17 aprel Toshkent vaqti bilan 16:00 holatiga ko‘ra, qimmatbaho metallning 1 troya unsiyasi 3327 dollargacha qimmatlashdi.
Kutilmalar
Bloomberg’ning yozishicha, Goldman Sachs 2025 yil uchun oltin prognozini yangiladi. Tahlilchi Lina Tomas boshchiligidagi guruh narxlar 2025 yil oxiriga qadar 3700 dollarga, 2026 yil o‘rtalariga kelib esa 4000 dollarga yetishini prognoz qilyapti. Bunda markaziy banklar tomonidan oyiga o‘rtacha oltin xaridi 70 tonnadan 80 tonnaga yetishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, iqtisodiy pasayish ehtimoli ham 45 foiz deya baholangan.
UBC ham 2025 yil dekabriga qadar narxlarning 3500 dollargacha o‘sishini kutyapti. Savdo urushlari va geosiyosiy tanglik oltinga "xavfsiz boshpana" sifatida talabning oshishini rag‘batlantirgan.
Shuningdek, 2025 yilning birinchi choragida oltin bilan bog‘liq ETF’larga 226,5 metrik tonna oltin qo‘shildi, bu esa narxning oshishiga olib kelgan.
Oltin narxining qimmatlashishi O‘zbekiston uchun qay darajada muhim?
Birinchidan, joriy yil 1 aprel holatiga O‘zbekiston rasmiy zaxiralarining qariyb 77 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Oltin narxining qimmatlashishi mamlakat valuta zaxiralari qiymatini oshiradi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik, 2024 yilda esa 7,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan. Oltin narxining oshishi eksportdan tushadigan daromadlarni ko‘paytirib, tashqi savdo balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va budjet taqchilligi kamayishiga yordam berishi mumkin.
Uchinchidan, oltin narxining oshishi dollar va boshqa valutalarga nisbatan so‘mning qadrsizlanishini to‘xtatadi yoki sekinlashtiradi.
Mavzuga oid

13:31 / 16.04.2025
Oltin quymalar narxi yangi tarixiy maksimumni qayd etdi – 1 gramm narxi 1,4 mln so‘m

13:35 / 05.04.2025
«Oltinlarimiz qayerda?» - nemislar AQShdagi zaxiralar yuzasidan xavotir bildirdi

22:42 / 27.03.2025
Savdo urushi fonida oltin narxi yangi rekordga yetdi

10:50 / 15.03.2025