Jahon | 17:50 / 16.04.2025
1632
2 daqiqa o‘qiladi

Peru sobiq prezidenti pul yuvishda ayblanib 15 yilga qamaldi

Olyanta Umala va uning rafiqasi Nadin Eredia 2006 va 2011 yillardagi saylov kampaniyalari davomida noqonuniy xayriya sifatida taxminan 3 million dollar olgani aniqlandi.

Foto: Getty images

Peruning sobiq prezidenti Olyanta Umala pul yuvishda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Peru matbuoti xabarlariga ko‘ra, Milliy Oliy sudi Umala va uning rafiqasi Nadin Eredia 2006 va 2011 yillardagi saylov kampaniyalari davomida Braziliyaning Odebrecht qurilish kompaniyasi va Venesuela hukumatidan noqonuniy xayriya sifatida taxminan 3 million dollar olganini aniqladi.

Sudning «hukmni zudlik bilan vaqtincha ijro etish» to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng, sud majlisida ishtirok etgan Umala politsiya tomonidan Milliy jazoni ijro etish instituti (INPE) vakillariga topshirildi.

Umalaning rafiqasi Eredia ham saylov kampaniyasini boshqarishda aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

«Ushbu holatda jinoiy daromadlarni legallashtirish sodir etilgan. Noqonuniy kelib chiqqan pullarni legallashtirishga qaratilgan turli harakatlar o‘z isbotini topdi», dedi sudya.

Sud majlisida videokonferensiya orqali ishtirok etgan Eredia hukm e’lon qilinganidan keyin Braziliyaning Limadagi elchixonasidan boshpana so‘radi.

Shuningdek, Eredianing ukasi Ilan Eredia ham xuddi shu ish bo‘yicha 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Xabar qilinishicha, Umala boshqa sobiq prezidentlar qatori Limadagi «Barbadilo» qamoqxonasida jazoni o‘taydi.

Bu hukm bilan Olyanta Umala Odebrecht mojarosi bo‘yicha sudlangan Peruning uchinchi prezidenti bo‘ldi. Avvalroq sobiq prezidentlar Alexandro Toledo va Alberto Fuximori ham shu kabi korrupsiya jinoyatlari uchun qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

2016 yilda Braziliyaning qurilish giganti Odebrecht Lotin Amerikasi bo‘ylab ko‘plab amaldorlarga pora berganini tan oldi, bu esa Peruda ko‘plab yuqori martabali amaldorlarga qarshi sud jarayonlariga sabab bo‘ldi.

Mavzuga oid