AQSh Ukrainaga harbiy yordam uchun «qarz» miqdorini uch barobarga kamaytirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya tomonidan keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Ukrainaga ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun «qarz» miqdori bo‘yicha talablarni kamaytirdi.

Foto: Ukraina QK Bosh shtabi
Agar avvalroq Oq uy Kiyev 300 mlrd dollar qaytarishi kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa, Vashingtonda o‘tkazilgan so‘nggi muzokaralar davomida bu summa taxminan 100 mlrdgacha tushirildi. Bu esa Kiyevning o‘z bahosiga yaqin, deb xabar qilmoqda Bloomberg manbalariga tayanib.
Ushbu summa qaytarilishi nodir foydali qazilmalar bo‘yicha bitim doirasida muhokama qilinmoqda. Tramp ma’muriyati fikricha, mazkur kelishuv AQShga Jo Bayden prezidentligi davrida Kiyevga ajratilgan mablag‘larning kompensatsiyasi bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, Vashington Ukrainaga ko‘rsatilgan harbiy yordamni bo‘lajak maxsus rekonstruksiya investitsiya fondiga qo‘shilgan hissa sifatida ko‘rib chiqmoqda, biroq bu fondga yangi investitsiya majburiyatlarini o‘z zimmasiga olishni rad etmoqda.
AQSh va Ukraina o‘rtasidagi nodir foydali qazilmalar bo‘yicha navbatdagi muzokaralar 11–12 aprel kunlari bo‘lib o‘tdi. Reuters manbalari ma’lum qilishicha, uchrashuvlar muhiti «maksimalistik» talablar tufayli dushmanona ruhda o‘tgan. Ammo AQSh moliya vaziri Skott Bessent Bloomberg agentligiga muzokaralar yakuniga yaqin ekanini, tomonlar 20 aprelgacha kelishuvga erisha olishini aytgan.
Aslida, Kiyev va Vashington ushbu shartnomani qishda imzolashi kerak edi, ammo Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuv tufayli bitimga erishilmadi.
Shundan so‘ng AQSh Ukrainaga shartlarning yanada qattiqroq variantini taklif qildi. Xususan, Vashington bitim doirasida infratuzilma va resurs loyihalarida investitsiya bo‘yicha «birinchi taklif huquqi» hamda resurslarni ustuvor ravishda xarid qilish huquqini talab qildi.
Avvalroq Volodimir Zelenskiy AQSh tomonidan berilgan harbiy yordamni Ukrainaning «qarzi» deb hisoblash niyati yo‘qligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Kiyevga 100 mlrd dollar miqdorida yordam ko‘rsatgan, ammo bu mablag‘lar grantlar shaklida berilgan.
Shuningdek, u AQSh bilan nodir foydali qazilmalar bo‘yicha bitimni «ukrainaliklarning o‘n avlodi» to‘lashga majbur bo‘lsa, imzolamasligini ta’kidlagan edi.