O‘zbekiston | 21:07 / 16.04.2025
2949
7 daqiqa o‘qiladi

16 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Andijonni rivojlantirish bo‘yicha takliflar, ta’ziyali xonadondan ko‘ngil so‘ragan prezident, bekor qilingan yarashuv muddati va mustaqil organga aylangan Qurilish inspeksiyasi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Sharqiy chegarada savdo zonalari tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda Qirg‘iziston bilan chegarada erkin savdo va sanoat zonalari yaratish zarurligini bildirdi.

Xususan, Qo‘rg‘ontepa yoki Xo‘jaobod hududlaridan birida bu loyihani amalga oshirish taklif etildi.

Shuningdek, Xo‘jaoboddagi «Do‘stlik» postida yuzaga kelayotgan tirbandliklar aholi va tashuvchilar noroziligiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Mas’ul idoralardan muammoni tahlil qilib, yechim taklif etish so‘raldi.

Andijondan Qirg‘izistonga yillik eksport hajmi 200 mln dollarni tashkil etayotgani ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan logistika salohiyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident «O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy» temiryo‘li haqida to‘xtalar ekan, yuk tashish imkoniyati 10 barobar oshishi kutilayotganini, ammo ichki infratuzilmalar bu yukni qabul qilishga qanchalik tayyorligi masalasiga e’tibor qaratdi.

«Andijon turmasi» ko‘chiriladi, ko‘prik ta’mirlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi chog‘ida 3-son tergov hibsxonasini — xalq orasida «Andijon turmasi» deb ataluvchi muassasani shahar markazidan chiqarish haqida qaror qabul qildi.

Davlat rahbari 100 yil avval qurilgan, «sovuq» binoning markazda joylashishi noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Turma shahar chetidagi joyga ko‘chiriladi, uning o‘rnida zamonaviy savdo va servis markazi barpo etiladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Xonoboddagi Qoradaryo ustidagi ko‘prikning yomon ahvoli ko‘tarildi. Xalqaro transport oqimi oshgan, biroq ko‘prikning nosozligi sabab tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Prezident bir oy ichida rekonstruksiya dasturini tasdiqlash va 25 mlrd so‘m ajratishni buyurdi. Ko‘prik 2026 yilda foydalanishga topshirilishi shartligi qayd etildi.

Shu kuni prezident Buloqboshi tumanidagi yig‘ilishdan so‘ng ta’ziya marosimida ham ishtirok etdi. Marhuma Mamlakatxon aya Davronovaning xonadonini ziyorat qildi.

«Yarashuv muddati» bekor qilindi

O‘zbekistonda sudlar tomonidan ajrashish paytida belgilanadigan «yarashuv muddati» endi yo‘q. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu me’yorni rasman bekor qiluvchi muhim qonunchilik o‘zgarishini imzoladi. Endi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar, oilaviy ta’qib va bosimlardan bezor bo‘lgan fuqarolar ajrashish uchun qo‘shimcha muddat kutishga majbur emas.

Bu normaning amaldan olinishi oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar uchun nihoyatda katta yengillik bo‘ldi.

Bunga qadar hatto jismoniy yoki ruhiy azoblarga uchragan ayollar sud qarori bilan muayyan muddat davomida «yarashish ehtimoli» bilan zo‘ravon eri bilan birga yashashga majbur bo‘lardi. Bu muddat davomida farzandlar ham shunday muhitda qiynalardi. Endi esa jabrlangan shaxs darhol ajrashish huquqiga ega bo‘ladi.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 9 aprelda qabul qilingan mazkur o‘zgarishni ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligi yo‘lida katta qadam deya baholadi.

«Shaxsiyatni poymol qilgan muhitda hech qanday yarashuv bo‘lmasligi kerak. Hurmat va xavfsizlik bo‘lmagan oilada yarashuv mumkin emas. Ayol o‘zini tanlashi kerak, jamiyat esa buni qo‘llab-quvvatlashi shart», dedi Saida Mirziyoyeva. Bu nafaqat ayollar, balki bolalarning ham manfaati uchun muhim ekanini ta’kidladi u.

Qurilish inspeksiyasi endi mustaqil organ

O‘zbekistonda qurilish sohasini nazorat qiluvchi inspeksiya alohida ijro organiga aylantiriladi. Prezidentning maxsus farmoniga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi vazirlik tarkibidan chiqariladi va mustaqil tuzilma sifatida faoliyat yuritadi.

2025 yil 1 maydan tadbirkorlar inspeksiya bilan shartnoma tuzgan taqdirda, ular qurilish obektlarida qisqa muddatli davlat nazoratini amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu holda nazorat tadbirlari “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Inspeksiya moliyalashtirish manbasidan qat’i nazar, tadbirkorlarning moliyaviy ishlariga aralasha olmaydi. Bundan tashqari, sohadagi barcha nazorat funksiyalari raqamlashtiriladi, xususiy nazorat mexanizmlari ham joriy etiladi. Bu o‘zgarishlar shaffoflikni ta’minlash va sohadagi ishonchni kuchaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, 1 iyuldan boshlab balandligi 2 qavatdan, umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan oshmaydigan yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino-inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari xususiy sektor nazoratiga topshiriladi.

Xususiy qurilish nazorati olib borilmaganda yoki nazoratni olib borgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lmaganda, obekt foydalanishga qabul qilinmaydi.

O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq nogiron bor

2025 yil mart oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 mln 31 ming 609 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs qayd etilgan. Bu aholining 2,7 foizini tashkil etadi. Ulardan 465 mingdan ortig‘i ayollar, 566 mingga yaqini erkaklar, 173 ming 285 nafari esa bolalardir.

Yil boshidan buyon 17 ming 499 nafar shaxsga birlamchi, 41 ming 487 nafarga qayta nogironlik belgilandi. Birlamchi nogironlik ko‘p hollarda qon aylanishi, suyak-mushak, tug‘ma nuqsonlar, endokrin va asab tizimi kasalliklari sabab berilgan.

Nogironlar orasida eng ko‘p — 493 879 nafar kishi 30 yoshdan pensiya yoshigacha bo‘lganlardir. Guruhlar bo‘yicha esa II guruhdagi nogironlar — 695 372 nafarni tashkil etadi.

Mavzuga oid