Zelenskiy Sumi oblasti rahbarini ishdan bo‘shatdi
Vladimir Artyux Rossiya Sumi shahri markaziga raketa zarbasi bergan kuni ukrainalik askarlarni taqdirlash marosimi rejalashtirilganini aytgan edi.

Foto: fakty.com.ua
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Sumi oblasti harbiy boshqarmasi boshlig‘i Volodimir Artyuxni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda «Suspilne» nashri xabar berdi.
Hukumatning Oliy Radadagi vakili Taras Melnichuk Ukraina vazirlar mahkamasi Artyuxni ishdan bo‘shatishga rozi bo‘lganini aytdi.
Rossiya harbiylari 13 aprel kuni ertalab Sumi shahri markaziga ikkita «Iskandar-M» raketasi bilan zarba berdi. Oxirgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 35 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan. Ertasi kuni Artyux raketa zarbasi kuni shaharda ukrainalik askarlarni taqdirlash marosimi rejalashtirilganini aytdi. «Bu mening tashabbusim emas edi, meni taklif qilishdi», dedi u.
Zarba sodir bo‘lgan kuni Sumida harbiy mukofotlar topshirilayotgani haqidagi ma’lumot zarbadan keyingi dastlabki soatlarda ba’zi ukrainalik siyosatchilar tomonidan tarqatildi. Sumi oblastining Konotop shahri meri Artyom Seminixin so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari Sumi markazida bunday tadbirni kim uyushtirganini aniqlash uchun tekshiruv boshlagan.
14 aprel kuni tushdan keyin Rossiya mudofaa vazirligi zarba nishoni «Seversk» operativ-taktik guruhi qo‘mondonlik shtabining yig‘ilishi bo‘lgani va buning oqibatida Ukraina qurolli kuchlarining 60 dan ortiq harbiy xizmatchisi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Mavzuga oid

09:06
«Sumi uchun qasos»: Ukrainaning Shuya va Kurskka zarbalari haqida

08:40
Tramp Ukraina bilan yerosti boyliklari bo‘yicha bitim imzolanishini e’lon qildi

00:47
Tramp Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga 3 kun muhlat berdi

23:09 / 17.04.2025