O‘zbekiston | 12:07 / 15.04.2025
3491
10 daqiqa o‘qiladi

Ichimlik suvi va kanalizatsiya: raqamlar yaxshilanyapti, lekin ular qanchalik haqqoniy?

O‘zbekistonda aholini ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlash uchun jami 3,26 mlrd dollar tashqi qarz olingan. Natijada vaziyat yaxshilanyapti, lekin o‘tkazilgan o‘rganishlar rasmiy raqamlarni savol ostiga qo‘ymoqda. Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit loyiha ofisi bu yo‘nalishdagi mavjud holat, tizimli muammolar va yechimlar bo‘yicha takliflarni ma’lum qildi.

Foto: Shutterstock

2025 yil boshiga kelib, O‘zbekistonda aholining 80 foiz qismi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Taqqoslash uchun, 2017 yil 1 yanvar holatiga bu ko‘rsatkich 64 foiz edi.

Hududlar kesimida eng yuqori qamrov darajasi Toshkent shahri (98,2%), Andijon (91,9%) va Xorazm (91,6%) viloyatlarida kuzatilgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Qashqadaryo (61%) va Surxondaryo (65,3%) viloyatlarida. Bu esa janubiy hududlarda ichimlik suvi ta’minoti hali ham hal etilmagan muhim muammo ekanini ko‘rsatadi. (Bu raqamlar manbasi – “O‘zsuvta’minot” AJ)

Yana bir muhim jihat: rasmiy va haqiqiy qamrov o‘rtasidagi farq. Masalan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Yangiyo‘l tumanida aholining 16 foiz qismi markaziy ichimlik suvi ta’minotiga ega emas. Biroq, 2023 yilda o‘tkazilgan "Mapaton" tadbiri xonadonlar kesimida bu ko‘rsatkich 24 foiz ekanini aniqlagan.

Bu esa qamrovni aholi soniga nisbatan hisoblash noaniq natijalar berishi va real ehtiyojlar noto‘g‘ri baholanishi mumkinligini anglatadi. Haqqoniy manzarani aks ettirish uchun qamrov xonadonlar kesimida hisoblanishi lozim.

Shu bilan birga, aholi mavjud tarmoqlarda suv sifatini past deb baholagani sababli ularga ulanishdan bosh tortayotgani ham katta muammo. Bu esa infratuzilma rivojlanishiga sarflanayotgan mablag‘larning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Kanalizatsiya bilan qamrov holati ichimlik suviga qaraganda ancha yomon. Bugungi kunda aholining atigi 20,5 foiz (7,6 mln kishi) kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanmoqda. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 15 foiz edi.

Eng yuqori qamrov darajalari: Toshkent shahri – 93,6%, Navoiy – 25,8%, Toshkent – 22,5% va Samarqand – 22,1% viloyatlarida kuzatilgan. Eng past qamrov darajalari: Qoraqalpog‘iston – 5,4% Surxondaryo – 6,3%, Andijon, Namangan, Qashqadaryo – 8,4% viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, mavjud kanalizatsiya tarmoqlari ham juda eskirgan. Masalan: Xorazmda – 65,6%, Qashqadaryoda – 46,7%, Qoraqalpog‘istonda – 45,2% tarmoqlar kapital ta’mirga muhtoj. (Raqamlar manbasi – “O‘zsuvta’minot” AJ)

Ichimlik suvi va kanalizatsiyaga investitsiyalar: keng ko‘lamli rivojlanish yoki qarz yukining ortishi?

Ichimlik suvi va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ davlat kafolati ostida xalqaro moliya institutlari (XMI) va xorijiy hukumat tashkilotlaridan jami 3,26 mlrd AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilgan. Bu mablag‘lar 38 ta loyihani amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan.

Hozirgi kunda 2,54 mlrd dollarlik 24 ta loyiha faol bosqichda amalga oshirilmoqda. Kredit mablag‘lari 10 ta xalqaro moliya instituti tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, ular quyidagicha taqsimlangan:

XMI ishtirokidagi eng yirik loyihalar Buxoro viloyatida amalga oshirilmoqda – 633,5 mln dollar. Biroq, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida hech qanday loyiha mavjud emas.

Ichki infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun davlat kafolati ostida kredit mablag‘larini jalb qilish rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tabiiy holat hisoblanadi. Biroq, bunday mablag‘larning samarali va oqilona ishlatilishi talab etiladi. Agar loyihalar samarasiz bajarilsa, davlat budjetidan qarzlarni to‘lash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishiga to‘g‘ri keladi, bu esa boshqa ijtimoiy sohalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Budjet mablag‘lari: yirik investitsiyalar va kelajak rejalari

Kredit mablag‘laridan tashqari, davlat budjeti hisobidan ham katta mablag‘lar ajratiladi. 2024 yilda ichimlik suvi va kanalizatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika budjetidan 1,6 trln so‘m ajratilgan. Shu jumladan:

  • 918 mlrd so‘m – 76 ta loyiha Investitsiya dasturi doirasida,
  • 327 mlrd so‘m – 102 ta loyiha Vazirlar Mahkamasi rayosatlari bayoni asosida aholi punktlarida,
  • 171 mlrd so‘m – 34 ta loyiha "Yangi O‘zbekiston" massivlarida.

Shuningdek, 2025–2027 yillar Investitsiya dasturiga muvofiq, shu uch yil davomida ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish uchun 4,384 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan:

  • 3360 km muhandislik tarmoqlari,
  • 215 ta yangi obekt quriladi.

Loyihalarning moliyalashtirilishi yillar kesimida taqsimlangan, tarmoqlar va obektlarning parametrlari viloyatlar bo‘yicha ko‘rsatilgan. Ammo aniq manzilli ro‘yxat hali shakllantirilmagan.

O‘zbekistonda ichimlik suvi va kanalizatsiya loyihalarini kim boshqarishi kerak: davlatmi yoki XMIlar?

O‘zbekistonda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ko‘pincha xalqaro moliyaviy institutlar (XMI) tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Aslida esa, davlatning mazkur sohada o‘z tasdiqlangan strategiyasi bo‘lishi, unga asosan loyihalarni mustaqil tashabbus asosida shakllantirishi va muvofiqlashtirishi zarur emasmi?

Hozirda soha 10 ga yaqin turli XMIlar tomonidan moliyalashtirilmoqda, bu esa loyihalarni muvofiqlashtirishda muammolarni keltirib chiqaradi. Tashabbuslarning takrorlanishi va hududlarning nomutanosib rivojlanishiga sabab bo‘lib, moliyalashtirishdagi tartibsizliklar soha samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oddiyroq va samaraliroq yo‘nalish sifatida, suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida kredit jalb qilishni bir yoki ikkita asosiy XMIga (masalan, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki) biriktirish afzalroq bo‘lishi mumkin.

Hududiy loyihalardagi muammolar

2023 yilda Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan mapaton natijalari loyihalashdagi muhim kamchiliklarni ochib berdi. Loyihalarda mahalla ichidagi ko‘chalar mustaqil mahalla sifatida ko‘rsatilgani natijasida, ko‘zlangan natijalarning past bo‘lish ehtimoli oshgan. Bundan tashqari, kredit shartnomalari imzolangandan so‘ng, mahallalarning chegaralari va nomlari o‘zgargani loyihalarni amalga oshirishda qiyinchiliklarga sabab bo‘ldi.

Ko‘pincha, XMIlar loyihalarni tayyorlashda mahalliy aholi bilan faqat dastlabki bosqichda maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Biroq, bu muloqotlar asosan ko‘chirish rejalarini monitoring qilish va ekologik jihatlar bilan cheklanib, loyihalarning amaliy samaradorligiga kam e’tibor qaratiladi. Shuningdek, barcha moliyalashtirish manbalari bo‘yicha yagona hisobi yuritilmayotgani monitoring va nazoratni murakkablashtirmoqda.

Loyihalarni muvofiqlashtirish masalasi

Masalan, "Tashabbusli budjet" loyihasi, mahalliy budjet mablag‘lari yoki XMIlar mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari muvofiqlashtirilmagani sababli, avval avtomobil yo‘llari ta’mirlanib, keyin ularni qaytadan qazish zarurati paydo bo‘lmoqda. Bu nafaqat ortiqcha xarajatlarga, balki aholining kundalik hayotida qo‘shimcha noqulayliklarga olib keladi.

Davlat dasturlari doirasida qurilgan obektlar topshirilganda ham, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha jiddiy qoidabuzarliklar aniqlanmoqda. Masalan, quvur yotqizish texnologiyalariga amal qilinmasligi yoki suv tozalash inshootlarining yo‘qligi kabi muammolar uchrab turibdi. Shu sababli, “O‘zsuvta’minot” AJ bunday obektlarni o‘z balansiga qabul qilmaydi, natijada ichimlik suvi tizimlari tegishli xizmat ko‘rsatishsiz qolib, ifloslanish yoki butunlay ishdan chiqish xavfi yuzaga keladi.

Nima qilish kerak?

Avvalo, davlat tomonidan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash zarur. Bunda loyihalar yagona tizimda shakllantirilishi va tasdiqlanishi, shundan keyingina moliyalashtirish manbalari (respublika budjeti, mahalliy budjet, kreditlar yoki grantlar) aniqlanishi kerak. Bu tizim nafaqat loyihalarni shakllantirish, balki monitoring va baholashni ham o‘z ichiga olishi lozim.

PIMIS tizimi: samarali moliyalashtirish vositasi

Bunday yagona tizim xalqaro amaliyotda PIMIS (Public Investment Management Information System – Davlat investitsiya boshqaruvi axborot tizimi) deb ataladi. U quyidagi jarayonlarni qamrab oladi:

  • Loyiha takliflarini taqdim etish va ko‘rib chiqish;
  • Loyihalarni tasdiqlash va amalga oshirish;
  • Monitoring va baholash.

PIMIS tizimi davlat mablag‘larini shaffof va samarali boshqarish imkonini beradi. Bunday tizim Keniya va Ozarboyjonda muvaffaqiyatli joriy etilgan.

Loyihalarni shaffof va hisobdor qilish

Ichimlik suvi ta’minoti loyihalarining shaffofligini ta’minlash uchun mahalliy hokimliklar veb-saytlarida hududda amalga oshirilayotgan har bir loyiha haqidagi ma’lumotlar (moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari, pudratchilar va texnik sxemalar) e’lon qilinishi lozim. Shuningdek:

  • har bir qurilish obektida aholi uchun ochiq bo‘lgan ish rejalari va muddatlari ko‘rsatilgan axborot stendlari o‘rnatilishi;
  • foydalanuvchilar uchun fikr-mulohaza qoldirish va dolzarb savollar bilan murojaat qilish imkoniyati yaratilishi;
  • ommaviy axborot vositalari orqali har chorakda hisobotlar e’lon qilinishi kerak.

Bundan tashqari, mahalliy aholini qurilish ishlarining sifatini jamoatchilik tomonidan nazorat qilishga jalb etish maqsadida, ular uchun maxsus yo‘riqnomalar ishlab chiqish, qurilish obektlariga muntazam tashrif buyurish, ish jarayonini nazorat qilish va aniqlangan kamchiliklar haqida murojaatlar yuborish imkoniyatini yaratish maqsadga muvofiq.

Strategik islohotlar agentligi
Delivery Unit loyiha ofisi

Mavzuga oid