Jahon | 13:45 / 15.04.2025
2957
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi strategiyani o‘zgartirayotgan Isroil, yana Zelenskiyni ayblagan Tramp va AQShdan bojlarni bekor qilishni so‘ragan Xitoy - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil G‘azodagi strategiyasini o‘zgartirmoqda

TSAHAL G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlar strategiyasini o‘zgartirmoqda. Bundan buyon asosiy e’tibor reydlarga emas, balki hududni uzoq muddatli nazorat qilishga qaratiladi.

General-leytenant Eyal Zamir boshchiligidagi yangi taktika muhandislik ishlari va strategik yo‘nalishlarni shakllantirishga tayanmoqda. Maqsad — HAMASni cheklash va logistika zanjirlarini uzish.

Ayni paytda Isroil qo‘shinlari G‘azo hududining taxminan 30 foizini nazorat qilmoqda, yakuniy maqsad esa yarmidan ko‘prog‘ini egallashdir. Bu HAMAS pozitsiyalarini zaiflashtirish va tunnel infratuzilmasini yo‘q qilishga xizmat qiladi.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats ham G‘azo sektorida harbiy okkupatsiyani kengaytirish va yangi hujumlar uyushtirish niyatida ekanini e’lon qildi.

TSAHAL har 24–48 soatda aniq razvedka ma’lumotlariga tayangan aviahujumlarni amalga oshirmoqda. Harbiylar Rafah va Xon Yunus o‘rtasidagi harakatni to‘suvchi Morag yo‘nalishini shakllantirib, sektorni ikkiga bo‘lmoqda.

Kats G‘azoni «yanada kichik va ajratilgan hudud»ga aylantirishni va’da qildi. Uning bayonotiga ko‘ra, Rafah va Xon Yunus o‘rtasidagi 12 km masofa ham rasman Isroil xavfsizlik zonasiga kiritildi. Shunga o‘xshash choralarni G‘azo shimolida ham qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.

Isroil 18 martdan beri G‘azoga hujumlarni qayta boshladi. Shundan buyon 1574 falastinlik halok bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi ayollar va bolalar. G‘azodagi jami qurbonlar soni 50 ming 944 nafarga, yaralanganlar soni esa 116 ming 156 nafarga yetdi.

Husiychilar AQShni harbiy jinoyatlarda aybladi

Yamandagi husiychilar AQShni so‘nggi havo hujumlari orqali «xalqaro huquqni buzganlik» va «harbiy jinoyatlar»da aybladi. Ularga ko‘ra, 16 martdan buyon Amerika zarbalaridan kamida 123 tinch fuqaro halok bo‘lgan, 247 kishi, jumladan 5 bola yaralangan.

So‘nggi hujumlardan biri Sanodagi «As-Suvoriy» zavodiga qilingan bo‘lib, 6 kishi halok bo‘ldi, 30 kishi jarohat oldi. Husiychilar bu zarbalarni «AQSh va Isroil qo‘shinlari tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi jinoyat», deb baholadi.

Amerika mediasining yozishicha, Vashington husiychilarga qarshi yangi quruqlik operatsiyasi rejasini ma’qullagan. U Janub va Sharq yo‘nalishlardan boshlanib, Saudiya va BAA harbiy-dengiz kuchi yordamida amalga oshirilishi mumkin. Biroq Ar-Riyod va Abu-Dabi bu operatsiyada ishtirok etishini hozircha tasdiqlamagan.

Bunga javoban husiychilar AQSh havo kuchlariga va harbiy kemalariga zarbalar berish bilan tahdid qilmoqda.

Zelenskiy Trampni Ukrainaga taklif qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy CBS News’ning «60 daqiqa» dasturiga bergan intervyusida Donald Trampni shaxsan Ukrainaga tashrif buyurishga chorladi.

Unga ko‘ra, urush haqida qaror qabul qilishdan avval tinch aholi, bolalar, kasalxonalar va jabrlangan shaharlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish zarur.

«Keling, ko‘ring, shunda kim bilan ish tutayotganingizni tushunasiz», — dedi Zelenskiy.

Intervyu Rossiya 4 aprel kuni Kriviy Rihni nishonga olgan zarbasidan keyin yozib olingan, unda 20 kishi halok bo‘lgan, jumladan 9 nafar bola. Keyinroq Sumi shahriga qilingan hujumda 34 tinch fuqaro halok bo‘ldi.

Zelenskiy Rossiyaga va shaxsan Putinga ishonch yo‘qligini, uning maqsadi NATO himoyasidagi hududlarni bosib olish ekanini aytdi. U AQShni faolroq pozitsiya egallashga chaqirib, Amerikada Rossiya targ‘iboti ta’siri kuchayganini ta’kidladi.

Tramp yana Zelenskiyni urush boshlashda aybladi

Zelenskiyning CBS’dagi intervyusiga javoban AQSh prezidenti Donald Tramp yana Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyni Rossiya bilan urush boshlashda aybladi.

«O‘zingdan 20 barobar katta davlatga qarshi urush ochib, kimdir senga raketalar berishidan umid qilmasliging kerak», dedi u Oq uyda. Tramp, shuningdek, millionlab insonlar «uch kishining xatosi» tufayli halok bo‘lganini aytdi — Putin, Bayden va Zelenskiy. Uning fikricha, Bayden qanday harakat qilishni bilmagan, Zelenskiy esa mojaroni toqat qilib kuzatgan.

Zelenskiy esa o‘z intervyusida «haqiqat buzib ko‘rsatilayotgan dunyoda ishtirok etmoqchi emasligini» aytdi. U Ukraina hech qachon urushni boshlamaganini, Rossiya agressor ekanini yana bir bor ta’kidladi. Shuningdek, u vitse-prezident Jyey Di Vens Putinning harakatlarini oqlashga urinayotganini tanqid ostiga oldi.

Lavrov: NATO SSSR bilan birga tugashi kerak edi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NATO’ni «aqliy qadriyatini yo‘qotgan tashkilot», deb atadi va uni 1990-yillardayoq tarqatish kerak edi, deya bayonot berdi.

Unga ko‘ra, sovet ittifoqi parchalanishi ortidan NATO’ni tashkil qilgan tahdid ham yo‘qolgan, shu sababli alyans ham o‘z-o‘zidan ma’nosiz tuzilmaga aylangan.

Lavrov NATO va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotini ko‘hna qit’ada xavfsizlikni ta’minlashda muvaffaqiyatsizlikda ayblab, ularni «tashqi boshqaruv ostidagi tashkilotlar» deb baholadi. Unga ko‘ra, AQSh va G‘arb davlatlari NATO orqali Yevropani qayta militarizatsiya qilmoqda.

Vazirning ta’kidlashicha, Germaniya, Fransiya va Britaniya yangi urushga tayyorgarlik ko‘rayotgan davlatlar sirasida. U shuningdek, NATOning Rossiyaga bergan va’dalarini buzganini, alyansning Sharqqa kengaymaslik haqidagi og‘zaki kelishuvlarga rioya qilmaganini esga oldi.

Xitoy AQShdan barcha bojlarni bekor qilishni so‘radi

Pekin AQShni savdo urushiga barham berish va barcha bojlarni to‘liq bekor qilishga chaqirdi.

Xitoy Savdo vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha, o‘zaro tariflar dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiyot o‘rtasidagi taranglikni yanada kuchaytirayotgani qayd etildi.

Bu chaqiriq Donald Trampning 90 kunlik bojlarni to‘xtatish qarori ortidan yangradi. Ammo Xitoyga nisbatan tariflar rekord darajaga ko‘tarilgan — 145 foizgacha yetkazilgan. AQSh elektron tovarlar uchun vaqtinchalik imtiyoz berganini e’lon qildi, lekin Tramp va vazir Lyutnik buni doimiy ozodlik emas, balki «boshqa tarif toifasiga o‘tkazish», deb ta’rifladi.

Pekin bunday qadamni «ijobiy ishora» deb baholadi, ammo barcha bojlar bekor qilinishi lozimligini urg‘uladi. AQSh tomoni esa Xitoyni «do‘stona bo‘lmagan savdo hamkori» deb atab, elektron ta’minot zanjirlarini qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi.

 

 

Fujayrada neft sizmoqda: turistlar tahlikada

Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahridagi portda kemadan neft sizib chiqishi oqibatida bir necha plyajlar mazut bilan qoplandi. Novotel Fujairah, Ibis Fujairah va Al Bahar kabi mashhur hotellar yonidagi sohillarda quyqa qora dog‘lar hosil bo‘lgan. Turistlarning so‘zlariga ko‘ra, ular sohildan 5 km uzoqlikdan turib ham o‘tkir qo‘lansa hidni his qilishmoqda.

Kemalarni motor moylari va yonilg‘i bilan ta’minlaydigan yonilg‘i tashuvchi kemalar hodisaga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Tozalash ishlari 11 aprelda boshlanganiga qaramay, yangi mazut oqimi qayd etilmoqda. Sohilda dam olayotgan yosh bolalar va kattalarda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va og‘izda achchiq ta’m kuzatilmoqda.

Hotellarda mehmonlar o‘z hisobidan boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘lmoqda.

Ma’muriyat esa nafaqat mas’uliyatdan qochmoqda, balki yordam ko‘rsatishdan ham bosh tortmoqda. Ayni paytda plyajlar kamida ikki haftaga yopildi, ekologik halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun yana bir necha kun kerak bo‘ladi.

iPhone ishlab chiqarishda Hindiston ulushi ortmoqda

Apple Hindistondagi iPhone ishlab chiqarish hajmini bir yilda 60 foizga oshirdi. 2024 yil martidan 2025 yil martigacha mamlakatda 22 mlrd dollarlik smartfon tayyorlangan. Bu — Apple’ning jahon bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan barcha iPhone modellarining taxminan 20 foizini tashkil etadi.

Hindistonda ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali Apple yetkazib berish zanjirini diversifikatsiya qilmoqda.

Bu faqat bojlar bilan bog‘liq emas — pandemiya paytida Xitoydagi zavodlarda yuz bergan uzilishlar ham qarorga ta’sir etgan.

Hozirga kelib «Assembled in India» deb yozilgan iPhone modellari bozorda tobora ko‘paymoqda.

Mavzuga oid