Jahon | 08:59 / 15.04.2025
5850
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi Rossiyaning 2025 yildagi yo‘qotishlarini taxmin qildi

Buyuk Britaniya razvedkasi 14 aprel kuni 2025 yildagi Rossiya armiyasining tirik kuchdagi yo‘qotishlari bo‘yicha o‘z taxminiy tahlillarini e’lon qildi.

Foto: Alexander Avilov / Moskva News Agency

Britaniya razvedkasining baholashicha, 2025 yil holatiga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda taxminan 138 ming nafar halok bo‘lgan va yaralangan harbiy xizmatchisini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, keng ko‘lamli bosqin boshlangan 2022 yildan beri Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlari 920 ming nafardan oshgani qayd etilgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga tayanib, Britaniya razvedkasi mart oyida Rossiyaning o‘rtacha kunlik yo‘qotishlari taxminan 1300 nafarni tashkil etganini qayd etdi.

Ushbu ko‘rsatkich 2025 yil fevralidagi 1250 nafarlik yo‘qotishlardan ortiq, biroq 2024 yil oxiridagi yuqori ko‘rsatkichlar — kuniga deyarli 1600 nafardan past darajada qolmoqda.

Tahlilda ta’kidlanishicha, yo‘qotishlar darajasi 2025 yil apreli boshlarida ham o‘sishda davom etmoqda. Bu esa, ehtimol, Rossiya tomonidan front chizig‘i bo‘ylab hujumlar faollashganidan dalolat beradi.

«Rossiya qo‘shinlari, ehtimol, yil boshidagi nisbatan sokin davrdan so‘ng hujumkor harakatlar tempini tiklashga urinayotgan bo‘lishi mumkin», — deya xulosa qilgan Britaniya razvedkasi.

Shuningdek, front chizig‘i nisbatan o‘zgarishsiz qolganiga qaramasdan, 2025 yildagi Rossiya armiyasi yo‘qotishlari 2024 yil bahoriga nisbatan ancha yuqori ekani, o‘shanda kunlik yo‘qotishlar kamdan kam hollarda 1000 nafardan oshgani qayd etilgan.

Tahririyatdan: urushdagi statistik ma’lumotlar jang olib borayotgan tomonlarning propagandasi bo‘lishi ehtimoli va raqamlarni tasdiqlab bo‘lmasligi sababli ishonchli hisoblanmaydi.

Mavzuga oid