Jahon | 13:59 / 15.04.2025
1445
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Harvardning 2,2 mlrd dollarlik grantlari muzlatib qo‘yildi

AQSh federal hukumati Harvard universitetidan antisemitizmga qarshi kurashish uchun islohotlar o‘tkazishni talab qildi. Biroq, universitet tartibga solishni kuchaytirishni Tramp ma’muriyatining maqsadi deb hisoblayapti.

Foto: Joseph Prezioso / AFP / Getty Images

AQSh federal hukumati Harvard universitetiga 2,2 milliard dollardan ortiq grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatib qo‘yadi. Bu haqda AQSh ta’lim vazirligining 14 aprel, dushanba kuni chop etilgan press-relizida aytildi.

Qayd etilishicha, universitet avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining kampusdagi faollik borasidagi talablarini bajarmasligini bildirgan.

11 aprel kuni Tramp ma’muriyati Harvard universitetiga maktub yo‘llab, universitet boshqaruvida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish, shuningdek, qabul siyosatini o‘zgartirishga chaqirdi, deb yozadi AP. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyatining Harvardga qo‘ygan talablari, shuningdek, universitet, professor-o‘qituvchilar va rahbariyatning xilma-xillik haqidagi qarashlarini ko‘rib chiqish va kampusda niqob kiyishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Jurnalistlarning fikricha, oxirgi talab aniq Falastin tarafdori namoyishchilarga qaratilgan.

Bundan tashqari, AQSh federal hukumati universitetdan «jinoiy faoliyat, noqonuniy zo‘ravonlik yoki noqonuniy ta’qiblarni qo‘llab-quvvatlovchi yoki targ‘ib qiluvchi har qanday talaba guruhlari yoki klublarini» tan olishni yoki moliyalashtirishni to‘xtatishni talab qildi, deyiladi nashrda.

Federal hukumat, agar Harvard o‘z siyosatini Tramp ma’muriyati talablariga muvofiqlashtirmasa, 9 milliard dollarlik grant va shartnomalar xavf ostida qolishini bildirdi.

O‘z navbatida, Harvard universiteti prezidenti Alan Garber 14 aprel kuni universitet hukumat talablarini bajarmasligini aytdi.

Mavzuga oid