O‘zbekiston | 20:43 / 15.04.2025
1276
6 daqiqa o‘qiladi

15 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Andijonga tashrif, YPX xodimiga qarshilik qilgan haydovchi, Istanbulda erini o‘ldirgan ayol, Leapmotor importiga shartli ruxsat va Sirdaryoda quriladigan parrandachilik fabrikalari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

YPX xodimiga qarshilik qilgan haydovchi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida Yo‘l patrul xizmati xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan Cobalt haydovchisi qamoqqa olindi. Ijtimoiy tarmoqlarda xodimlar bilan haydovchi o‘rtasidagi janjal aks etgani tarqalgan videoda haydovchi xodimga musht urgani ham aniq ko‘rinadi.

Ichki ishlar ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi qonunga zid ravishda to‘xtaganidan so‘ng, undan hujjat so‘ralganda bo‘ysunmay, qochishga uringan. Uni to‘xtatish chog‘ida qarshilik ko‘rsatib janjallashgan.

Qo‘lga olingach u o‘z qilmishidan pushaymon ekanini bildirib yig‘lagan. Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, uning avtomobili jarima maydoniga olib ketilgan. Hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Istanbulda o‘zbekistonlik ayol hibsga olindi

Turkiya nashrlari Istanbulda o‘zbekistonlik ayol o‘z erini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar tarqatmoqda.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, janjal moliyaviy muammolar sabab yuzaga kelgan. Ayol 6 aprel kuni turmush o‘rtog‘ini pichoq bilan jarohatlab, tez yordam chaqirgan. Erkak shifoxonada vafot etgan.

Juftlik 4 yil avval turmush qurgan va bir farzandli bo‘lgan. Hozirda ayol hibsga olingan, tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qilishicha, fuqaroga advokat tayinlangan va u huquqiy yordam olmoqda.

Ayblanuvchi ayolning xolasi tomoni berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, marhum er rafiqasiga muntazam ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazgan.

Leapmotor importiga ruxsat, lekin sharti bor

Xitoyning Leapmotor elektromobillari O‘zbekistonda qayta sinovdan o‘tib, muomalaga chiqishiga shartli ravishda ruxsat berildi. Texnik tartibga solish agentligi va UzTest markazi 14 aprel kuni Piskentda o‘tkazilgan takroriy sinovda ijobiy xulosa chiqardi.

Bundan buyon import uchun kompaniya mamlakatda rasmiy vakili — yurtimizda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxsni belgilashi shart. Shuningdek, barcha modellar bo‘yicha hujjatlar taqdim qilinishi, ishlab chiqarish sharoiti o‘rganilishi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 yanvarda bekor qilingan rasmiy diler shartlari 2024 yil aprelidan qayta joriy etilgan. Martda C16 modeli elektromagnit shovqini yuqoriligi sabab rad etilgandi. Endi boshqa namuna asosida sinov qayta o‘tkazilib, shu turdagi mashinalarga ruxsat berildi.

Prezidentning Andijonga tashrifi

15 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

Mirziyoyev eng avvalo modernizatsiya qilingan Andijon xalqaro aeroporti faoliyati bilan tanishdi. 1978 yilda qurilgan bu aeroport hozirgi talablarga javob bermasdi. Modernizatsiyaning birinchi bosqichi doirasida 3300 metrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi, drenaj tizimi va samolyot to‘xtash maydoni qurildi.

IKAO talablariga mos zamonaviy uskunalar o‘rnatilmoqda. Bu yirik samolyotlarni har qanday sharoitda qabul qilish imkonini yaratadi. Kunlik parvozlar soni 10 barobargacha ko‘payadi.

Ikkinchi bosqichda yangi yo‘lovchi terminali qurilishi rejalashtirilgan. Bu soatiga 1000 nafar yo‘lovchiga xizmat qilish imkonini beradi. Mirziyoyev parvozlar sonini oshirish va xizmatlarni arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Faqat birja orqali sotiladigan mahsulotlar belgilandi

2025 yil 15 iyuldan boshlab qator mahsulotlar faqat birja orqali sotiladigan tovarlar ro‘yxatiga kiritildi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, xlorid va nitrat kislotalari, suyuq azot va xlor, natriy sianid, gipoxlorit natriy, rux belilasi, ferromolibden, bazalt, fosforit va dolomit uni kabi mahsulotlar endi faqat O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi orqali erkin bozor asosida sotiladi.

Bu talab davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar va ularga tegishli yurdik shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Shuningdek, ikki tomonlama qarama-qarshi auksion tartibi joriy qilinadi. Birjaga chiqariladigan tovarlar yuqori likvidli, sifatli va muntazam taklif etiladigan bo‘lishi shart.

Vengriya Sirdaryoda 8 ta parrandachilik fabrikasi quradi

Vengriyaning ZA-Invest Poultry kompaniyasi Sirdaryo viloyatida 130 gektar maydonda 8 ta parrandachilik fabrikasi qurishni boshlaydi. Loyiha doirasida inkubator, so‘yish va qayta ishlash sexlari, ozuqa zavodi, muzlatkich va ma’muriy binolar ham barpo etiladi. Korxonalarning umumiy quvvati — yiliga 16 mln dona broyler tovuq va 120 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarish qilib belgilanmoqda.

Bu haqda investitsiyalar vaziri Laziz Kudratov va vengriyalik OTP Group rahbari Gergey Pokosh uchrashuvi chog‘ida imzolangan hujjatlarda ma’lum qilindi.

Loyiha OTP Green Fund mablag‘lari bilan moliyalashtiriladi. O‘zbekiston To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi, Ipoteka bank va Meditop Pharmaceuticals ham loyiha doirasidagi sheriklardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid