UzAirways yo‘lovchiga maxsus ovqat bermagani uchun javob berishiga to‘g‘ri keldi
Turkiya fuqarosi Istanbul–Toshkent reysiga chipta sotib olayotganda kelishuvga alohida band kiritgan, lekin bu band bajarilmay qolgan. Boz ustiga, u o‘tirgan o‘rindiqning sanitar holati talabga javob bermagan. Chet el fuqarosi O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilish orqali o‘z huquqlarini himoya qildi.

Foto: Kun.uz
Turkiya fuqarosi Uzbekistan Airways'ning xizmatidan shikoyat qilib, O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasiga murojaat qildi.
Murojaatda aytilishicha, aviakompaniyaning Anqara–Toshkent reysida yo‘lovchiga uning sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan maxsus (glyutensiz) ovqat berilmagan.
Bundan tashqari, murojaatda samolyot salonining sanitariya-gigiyena holati talabga javob bermagani – yo‘lovchi o‘tirgan joyda oldingi reysdan qolgan chiqindilar mavjudligi ham ko‘rsatilgan.
“Yo‘lovchi chipta sotib olish chog‘ida o‘z sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatni oldindan aviakompaniya bilan kelishib olgan va aviakompaniya ushbu maxsus ovqat reysda ta’minlanishini kafolatlagan edi. Biroq, parvoz kuni bu talab bajarilmagan”, – deyiladi Raqobat qo‘mitasi tarqatgan xabarda.
Qo‘mita tomonidan “Uzbekistan Airways” AJga yuborilgan so‘rov bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida yo‘lovchi haqligi, maxsus ovqat Anqara aeroportidagi keytering xizmati tomonidan yetkazib berilmagani tasdiqlandi.
Natijada, yo‘lovchiga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararni qoplash maqsadida aviakompaniya tomonidan iste’molchining keyingi reysida xizmat ko‘rsatish klassini biznes-klassga oshirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
Shu bilan birga, samolyot salonidagi sanitariya-gigiyena holati bo‘yicha ham mas’ul tashkilotga qo‘shimcha nazorat choralari o‘rnatilishi belgilandi, deyiladi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organi axborotida.
Mavzuga oid

01:01
Uzbekistan Airways Toshkent-Jidda reyslarida Umra vizasiga ega yo‘lovchilarni qabul qilishni to‘xtatdi

14:42 / 11.04.2025
Raqobat qo‘mitasi qurilishni vaqtida tugallamagan qurilish kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

16:44 / 09.04.2025
Uzbekistan Airways yangi samolyotlarida internetdan foydalanish imkoniyati bo‘ladi

22:21 / 08.04.2025