Leapmotor importiga ruxsat berildi, lekin shartlari bor
Xitoy kompaniyasidan O‘zbekistonda rasmiy dileri faoliyatini tashkil etish talab qilinmoqda. 2023 yil 1 yanvardan bekor qilingan bu talab 2024 yil aprelda tiklangan edi.

Foto: Olx
Leapmotor brendi ostidagi avtomobillarning O‘zbekistonda muomalaga chiqarilishiga shartli ravishda ruxsat berildi. Bu haqda 14 aprel kuni Piskentdagi laboratoriyada o‘tkazilgan takroriy sinovda ijobiy natija olinganidan keyin, Texnik tartibga solish agentligi va UzTest markazi ma’lum qildi.
Ruxsat berish evaziga, Leapmotor kompaniyasining oldiga quyidagi shartlar qo‘yilgan:
- Leapmotor tovar belgili avtotransport vositasining nomuvofiqligi aniqlanganda ularni bartaraf qiluvchi hamda iste’molchiga yetkazilgan zararni qoplovchi ishlab chiqaruvchining rasmiy vakili – O‘zbekiston Respublikasi rezidenti (yuridik shaxs)ni belgilash;
- respublikaga import qilinayotgan Leapmotor tovar belgili barcha avtotransport vositalarining turini ma’qullash uchun zarur bo‘lgan tegishli hujjatlarni taqdim qilish.
Xabarda aytilishicha, Leapmotor kompaniyasi ushbu brend ostidagi avtomobillar ishlab chiqarilayotgan korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari va shartlarini o‘rganish va baholash majburiyatlarini ham o‘z zimmasiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, mart oyi oxirida Leapmotor C16 rusumli elektromobilda “elektromagnit shovqin darajasi ruxsat etilgan chegaradan 16 barobar yuqori” degan vaj bilan, Leapmotor brendi ostidagi barcha modellarga muvofiq sertifikati berish uchun arizalar qabuli to‘xtatib qo‘yilgandi.
14 aprel kuni Leapmotor kompaniyasi vakili ishtirokida xuddi shu rusumdagi, lekin boshqa elektromobil sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natija olindi.
Eslatib o‘tamiz, xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar tomonidan import qilish talabi prezident farmoni asosida 2023 yil 1 yanvardan bekor qilingan edi. Ammo 2024 yil apreliga kelib, bu talab yana joriy etilgan.
Mavzuga oid

14:25 / 15.04.2025
O‘zbekistonda eksklyuziv huquqqa ega kompaniyalar reyestri e’lon qilindi

20:59 / 14.04.2025
Leapmotor avtomobili Piskentdagi sinovda ijobiy natija ko‘rsatdi. Taqiq hali yechilmadi

21:25 / 12.04.2025
Piskentdagi avtomobil sinovining videosi tarqaldi. Mas’ullar “noto‘g‘ri talqin” bo‘layotganini aytmoqda

21:10 / 12.04.2025