Jahon | 08:11 / 14.04.2025
3241
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil armiyasi G‘azoda 1,2 kmlik tunnelni yo‘q qildi

Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) «HAMAS» harakatiga tegishli tunnelni yo‘q qildi. Uzunligi 1,2 km, chuqurligi taxminan 20 metr bo‘lgan ushbu tunnel G‘azo sektori shimolida joylashgani ma’lum qilindi.

Foto: AP / Pool / Jack Guez

«Amaliyot paytida Isroil armiyasi droni jarohatlovchi qurilma o‘rnatmoqchi bo‘lgan bir necha terrorchini aniqladi va ularni aniq zarba bilan yo‘q qildi», — deyiladi bayonotda. Tunnel yaqinida harbiylar qurol-aslaha omborini aniqlagan, u yerda taxminan 20 ta portlovchi qurilma va tankka qarshi raketalar saqlangani qayd etildi.

Bu orada Isroil armiyasi 1,5 yillik urush davomida faqat HAMASga tegishli tunnellarning atigi to‘rtdan bir qismini yo‘q qilgan, deb yozdi The Jerusalem Post nashri armiyadagi manbalariga tayanib.

Nashrga ko‘ra, harbiylar G‘azo sektoridagi janglar bir yil, balki undan ham ko‘proq vaqt davom etishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Isroil harbiy tahlilchisi Yossi Yyehoshua Ynet nashridagi maqolasida muammo faqatgina yo‘q qilinmagan tunnellarda emasligini ta’kidlagan. Uning eslatishicha, o‘tgan yili Isroil armiyasi «Rafah» brigadasini to‘liq yo‘q qilgani haqida rasman hisobot bergan edi. Ammo yaqinda Bosh shtab boshlig‘i shaxsan o‘zi yaqinda harbiylarga ushbu brigada ustidan g‘alaba qozonish zarurligini ta’kidladi.

«Kim tushunmagan bo‘lsa: «Rafah» brigadasi kuldan qayta tirilgani yo‘q. U hech qachon butunlay mag‘lub etilmagan», — deb yozadi Yyehoshua.

Uning ta’kidlashicha, rasmiy bayonotlar va voqelik o‘rtasidagi bunday nomutanosibliklar jamoatchilikning Isroil armiyasiga bo‘lgan ishonchini zaiflashtirmoqda.

Mavzuga oid