HAMASning omon qolgan tunnellari, Sumi shahriga vayronkor hujum va Bayden sanksiyalarini uzaytirgan Tramp - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil va HAMAS tunnellari
18 oydan beri davom etayotgan urush davomida Isroil armiyasi «HAMAS»ga tegishli tunnel tarmoqlarining bor-yo‘g‘i 25 foizini yo‘q qila olgan. Qolgan 75 foizi hanuz ishlaydigan holda qolmoqda, deb yozadi The Jerusalem Post nashri.
Isroil harbiy manbalarining ta’kidlashicha, toki HAMASning yerosti kommunikatsiya tarmog‘i soz holatda qolar ekan, G‘azodagi harbiy harakatlar kamida bir yil, ehtimol, undan ham uzoq davom etishi mumkin.
Bunday tanqidlar fonida Ynet nashri uchun maqola yozgan harbiy tahlilchi Yossi Yyehoshua Isroil armiyasi bundan avval «Rafah» brigadasini to‘liq yo‘q qilganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, yaqinda Genshtab rahbari uni qaytadan tor-mor etishga chaqirganini eslatib o‘tgan.
Yyehoshuadaning ta’kidlashicha, rasmiy bayonotlar bilan frontdagi real vaziyat o‘rtasidagi farq jamoatchilik ishonchini zaiflashtirmoqda. HAMAS esa da’vo qilinayotgan talafotlarga duchor bo‘lmagan va qarshilik qilishda davom etmoqda.
Eronga nisbatan sanksiyalar yengillashadimi?
Eron va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi 12 aprel kuni O‘monda bo‘lib o‘tdi. Eron yadroviy dasturini cheklash evaziga AQShdan sanksiyalarni yengillatishni, muzlatilgan aktivlarini ochishni va xitoylik neft xaridorlariga bosimni to‘xtatishni talab qilmoqda, deb xabar beradi The Wall Street Journal.
Tehron uranni 2015 yilgi kelishuvda belgilangan darajada boyitishga tayyorligini bildirgan. Mazkur muzokaralardan keyin Donald Tramp uchrashuvni ijobiy baholadi. Muzokaralarning ikkinchi bosqichi 19 aprelda bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Eron yadroviy dasturini 2018 yilda AQSh kelishuvdan chiqqanidan so‘ng qayta faollashtirgan edi. AQSh razvedkasiga ko‘ra, Tehron qisqa vaqt ichida yadroviy qurol yaratishi mumkin. Tramp Eronga ikki oy muhlat berib, quroldan to‘liq voz kechishni talab qilmoqda. U diplomatiya samara bermasa, harbiy choralardan chekinmasligini bildirgan.
Sumiga hujum: 32 kishi halok bo‘ldi
Rossiyaning Sumi shahriga qilgan raketali hujumi oqibatida kamida 32 kishi halok bo‘ldi, 83 kishi yaralandi. Zelenskiy hujum nasroniylar bayrami kuni sodir bo‘lganini ta’kidlab, buni tinch aholiga qarshi tajovuz deb baholadi.
Volodimir Zelenskiy Sumalarga qilingan raketa hujumidan so‘ng xalqaro hamjamiyatni keskin chora ko‘rishga chaqirdi. Uning ma’lumoticha, halok bo‘lganlar orasida ikki nafar norasida go‘dak bor, 84 nafar yaralanganlar orasida bolalar 10 nafar.
Zelenskiy Rossiyaning ushbu harakatlarini insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholab, jahon hamjamiyatini befarq qolmaslikka chaqirdi. U Rossiyaga bosimni kuchaytirish va Ukrainaga yetarchi darajada qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti, shuningdek, Putin AQShning to‘liq va shartlarsiz otashkesim taklifini ikki oydan beri inkor etayotganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya javobsizlik hissida urushni cho‘zmoqda va buni faqat qat’iy amaliy choralar bilangina to‘xtatish mumkin.
Ukraina rasmiylari raketa oddiy shahar ko‘chasiga, uylar va ta’lim muassasalari joylashgan hududga tushganini ma’lum qildi. Rossiyalik harbiy muxbirlar esa hujum universitet kongress markaziga, harbiylar taqdirlanayotgan tadbir paytida amalga oshirilganini iddao qilmoqda.
Rossiya tomoni hozircha hujum yuzasidan izoh bermagan. Kreml avvalroq Rossiya faqat harbiy obektlarni nishonga olishini bayon qilgan edi.
Tramp Bayden joriy qilgan sanksiyalarni uzaytirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp 10 aprel kuni 2021 yilda Jo Bayden tomonidan qabul qilingan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bir yilga uzaytirish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqdagi hujjat AQSh Federal reyestrida e’lon qilindi.
Gap 14024-sonli farmon haqida ketmoqda — u 2020 yildagi AQSh saylovlariga aralashuv va SolarWinds orqali amalga oshirilgan kiberhujumga javob tariqasida qabul qilingan. Sanksiyalar Rossiya davlat qarzi va moliyaviy operatsiyalariga cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
Mazkur farmon 2025 yil 15 aprelda kuchini yo‘qotishi kerak edi, ammo Tramp uni muddatidan avval uzaytirdi. U bundan avval ham Qrim anneksiyasi va «DXR» hamda «LXR»ni tan olish bilan bog‘liq sanksiyalarni saqlab qolgan.
Axios manbasiga ko‘ra, agar aprel oxirigacha Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, yangi sanksiyalar muhokama qilinayotgani aytilmoqda.
Kreml muzokaralardan «darhol natija» kutmaslikka chaqirdi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni «noldan qayta boshlash» oson emasligini ta’kidlab, muzokaralardan tezkor natija kutmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha faqat o‘zaro ishonch muhitini tiklash bo‘yicha kichik qadamlar qo‘yilyapti.
Peskov munosabatlar yaxshilanishi uchun diplomatlar, maxsus xizmatlar va prezidentlarning maxsus vakillari doimiy muloqot olib borayotganini bildirdi. «Haddan tashqari murakkab muammolarga tez yechim bo‘lishi qiyin», — dedi u.
Avvalroq AQSh Rossiya va Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini boshlagan, biroq hozircha faqat energetika hujumlarini 30 kunga to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Rossiya Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha AQSh taklifini rad etgan.
Tramp 1 mln migrantni deportatsiya qilmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp 2025 yil davomida mamlakatdan 1 million migrantni chiqarib yuborishni rejalashtirmoqda. Bu raqam Barak Obama davridagi rekorddan 400 mingga ko‘proq bo‘lishi mumkin, deb yozadi The Washington Post nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu strategiyani Stiven Miller boshchiligidagi guruh tayyorlamoqda. Ular Ichki xavfsizlik vazirligi bilan hamkorlikda vataniga qaytarilishi kerak bo‘lgan 1,4 million shaxslarning bir qismini deportatsiya qilish imkonini o‘rganmoqda.
AQSh bu maqsadda 30 ta davlat bilan muzokaralar olib bormoqda. Migrantlarni chiqarib yuborish jarayonida moliyalashtirish, kadr tanqisligi va sud protseduralari asosiy to‘siq bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, yil boshidan beri allaqachon 117 ming kishi mamlakatdan chiqarib yuborilgani ma’lum qilinmoqda.
AQSh va Xitoy o‘rtasida «yumshoq muloqot» boshlandi
AQSh Xitoy bilan savdo masalalari yuzasidan vositachilar orqali «yumshoq muloqot» boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda savdo vaziri Hovard Lyutnik ma’lum qildi. Uning aytishicha, Donald Tramp va Si Jinping kelishmovchiliklarni samarali hal etish yo‘lini topishlari mumkin.
AQSh smartfonlar, noutbuklar va yarimo‘tkazgichlarga boj joriy etmaslikka qaror qildi. 12 aprel kuni Bojxona va chegara qo‘riqlash xizmati rasman e’lon qilgan ro‘yxatga ko‘ra, ushbu elektronika tovarlariga Xitoy uchun belgilangan 145 foizlik va boshqa mamlakatlar uchun amalda bo‘lgan 10 foizlik bojlar tatbiq etilmaydi.
Bloomberg’ning yozishicha, qaror Apple va Samsung kabi kompaniyalarga yordam beradi hamda iste’molchilarni «narxlarning dahshatli o‘sishidan» himoya qiladi.
Istisno faqat AQShda ishlab chiqarilmaydigan, biroq keng tarqalgan texnologiya tovarlariga taalluqli. Lyutnikning ta’kidlashicha, bu tovarlarga alohida bojlar ikki oy ichida qayta kiritilishi kutilmoqda.
Tramp bugun, 14 aprel kuni yangi tarif rejasini e’lon qilishi kutilmoqda.
Rossiyada tug‘ilish darajasi XVIII asrga qaytdi
2025 yilning birinchi choragida Rossiyada tug‘ilish darajasi tarixiy past ko‘rsatkichga tushdi — hammasi bo‘lib 293 ming bola dunyoga kelgan. Demograflar bunday holat so‘nggi bor Yekaterina II davrida kuzatilganini ta’kidlamoqda.
Mart oyi tug‘ilish soni bo‘yicha Rossiya tarixidagi eng past natijalardan birini qayd etdi, deb yozadi demograf Aleksey Raksha. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda tug‘ilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha barqaror tug‘ilish o‘sishini ta’minlab kelgan Kavkaz respublikalarida ham 10,7 foizlik keskin pasayish kuzatildi.
Bundan avval, Rossiya parlamenti va Kreml ham tug‘ilishning tanazzulidan tashvish bildirgan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov tug‘ilish koeffitsiyentining 1,4 darajasi millat kelajagi uchun «fojiali» ekanini aytgan edi.
Mavzuga oid

13:45
G‘azodagi strategiyani o‘zgartirayotgan Isroil, yana Zelenskiyni ayblagan Tramp va AQShdan bojlarni bekor qilishni so‘ragan Xitoy - kun dayjesti

14:26 / 12.04.2025
Misrdan uzilayotgan G‘azo, Trampning Rossiyaga chaqirig‘i va «Boj urushi»da chekinmayotgan Xitoy - kun dayjesti

14:26 / 11.04.2025
G‘azoni arab dunyosidan uzmoqchi bo‘layotgan Isroil, Tramp qarorlaridan hayratda qolgan Oq uy va TikTok xarididan voz kechgan AQSh - kun dayjesti

13:43 / 10.04.2025