“Bemor 12 soat qarovsiz qolgan” – telejurnalist Ramina Yagafarova o‘limi bo‘yicha ikki shifokor jinoiy jazoga tortildi
“Doctor Servis” MChJga qarashli xususiy klinika shifokori Ramina Yagafarovaga nisbatan noto‘g‘ri tashxis qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Telejurnalistga noto‘g‘ri dori vositalari ham qo‘llangan. Shifokorlardan birining “o‘z kasbiga beparvolik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida” bemor 12 soat vaqt mobaynida qarovsiz qolib ketgan.

Foto: Ramina Yagafarova/VK
Telejurnalist Ramina Yagafarova vafot etgan xususiy klinikaning ikki shifokori jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, A.K. va O‘.K. “Doktor servis” MChJga qarashli xususiy klinikada reanimatolog shifokor bo‘lib ishlab kelgan.
2023 yil 12 sentabr kuni Ramina Yagafarova ushbu xususiy klinikada davolanayotgan onasini ko‘rgani kelgan. U betobligi sababli o‘zi bilan birga olib kelgan “Taygeron” nomli dori vositasini iste’mol qilgan hamda mazkur dori vositasi reaksiyasi oqibatida anafilaktik shok holatiga tushib qolgan.
Shifokor O‘.K. Ramina Yagafarovada anafilaktik shok holati yaqqol ko‘rinib turganiga qaramasdan unga “dori vositalaridan anafilaktik reaksiya” tashxisini noto‘g‘ri qo‘yib, dastlabki davo choralarini patogenetik yo‘nalishga mos bo‘lmagan usulda olib borgan. Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol”da bunday bemorga inson organizmi ichki a’zolari faoliyatini tiklovchi “Epinefrin” (Adrenalin) dori vositasi qo‘llanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilganiga qaramasdan shifokor beparvolik bilan mazkur dori vositasini qo‘llashni buyurmagan.
Bundan tashqari, O‘.K. Yagafarovaga so‘roq ostida pnevmoniya tashxisini qo‘ygan bo‘lsa ham, rengten tekshiruvlari o‘tkazib, pnevmoniya tashxisi bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan. Qolaversa, bemordagi anafilaktik shok holatini bartaraf etish, uning hayotini saqlab qolish hamda davo usulini tanlash maqsadida allergolog va terapevt mutaxassislarining maslahatini olmagan. Aksincha, ushbu kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda anafilaktik reaksiyani yanada kuchaytiruvchi qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan “Kalsiy glyukonat” dori vositasini hamda qorindagi kuchli og‘riqni qoldirish maqsadida tarkibida “narkotik” moddasi bo‘lgan “Promedol” dori vositasini qo‘llashni buyurgan.
Shuningdek, O‘.K. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekistondagi dori vositalarining qo‘llanmalari haqidagi “Spravochnik vidal” nomli kitobda “Natriy gidrokarbonat” dori vositasi tutqanoq xurujini keltirib chiqarishga moyilligi qayd etib o‘tilgan bo‘lsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri anafilaktik shok holatida qo‘llanmaydigan 400 ml dozada “Natriy gidrokarbonat” dori vositasini qo‘llagan.
Sud hukmida “shifokor O‘.K. tomonidan o‘z kasbiga beparvolik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida bemor 12 soat vaqt mobaynida qarovsiz qolib ketgani” ham keltirib o‘tilgan.
Shifokor A.K. esa Yagafarovani umumiy og‘ir ahvolda qabul qilib olgan hamda bosh shifokor M.I. bilan birgalikdagi ko‘rikda unga “anafilaktik shok” hamda “qarindoshlari so‘zidan tutqanoq sindromi” tashxisini qo‘ygan. U Yagafarovaning ahvoli og‘ir bo‘lsa ham uni anafilaktik shok holati bo‘yicha davo muolajalarini olib borishga ixtisoslashtirilgan muassasaga ko‘chirish choralarini ko‘rmagan. Bemorning tibbiy kartasiga “bemor va uning qarindoshlariga ixtisoslashtirilgan davolash muassasasiga ko‘chirish taklif qilingani, biroq bemor va uning qarindoshlari bunga rozilik bermagani” haqidagi yozuvlarni kiritish bilan cheklangan.
A.K. ham Yagafarovaga mazkur kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan “Natriy tiosulfat” hamda “Kalsiy glyukonat” dori vositalarini qo‘llashni buyurgan.
Shifokorlar O‘.K. va A.K. bemor Ramina Yagafarovaga tibbiy yordam ko‘rsatish davomida “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol” talablariga zid ravishda tibbiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatida bemorning umumiy ahvoli og‘irlashgan va “tutqanoq xuruji” sodir bo‘lgan. So‘ngra telejurnalist yuqori nafas yo‘llari ovqat massalari bilan berkilishi oqibatida mexanik asfiksiya-aspiratsion sindromdan vafot etgan.
Har ikki shifokor sudda aybiga iqrorlik bildirmagan. Biroq ularning aybi bemor tibbiy kartasi, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, sud-tibbiy ekspertizasining xulosalari, guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan o‘z isbotini topgani qayd etilgan.
Sud hukmi bilan O‘.K. va A.K. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 1 yil 6 oy muddatga Sog‘liqni saqlash tizimida reanimatolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek, O‘.K. va A.K.dan solidar tartibda jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 334 mln 150 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
31 yoshida vafot etgan telejurnalist Ramina Yagafarova “Dunyo bo‘ylab” telekanalida rus tilida efirga uzatiladigan “Svoimi glazami” hamda “Aktualno” dasturlarini olib borgan. U 2023 yil 12 sentabr kuni xususiy klinikada davolanayotgan onasini ko‘rish uchun borib, 13 sentabr kuni o‘sha yerda vafot etgandi.
Mavzuga oid

21:45 / 16.04.2025
Germaniyada shifokor 15 nafar bemorni o‘ldirganlikda gumonlanmoqda

12:07 / 08.04.2025
2,1 mlrd so‘mlik elektrni noqonuniy ishlatgan klinika aniqlandi

22:59 / 07.04.2025
Hindistonda soxta kardiojarroh 15 kishini operatsiya qildi. Kamida yetti bemor vafot etdi

15:21 / 29.03.2025