14 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Andijonda radarlarni nishonga olgan mergan, Turkiyadagi ish firibgarliklaridan ogohlantirish, Qarshida uyga kirib qolgan ilon va kuniga 1700 nafarga ko‘payayotgan O‘zbekiston aholisi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Andijonda 52 radar miltiqda otildi
Andijon shahrida 49 yoshli haydovchi Mahmudjon Sirojiddinov pnevmatik miltiq bilan shahar markazidagi ko‘chalarga o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi 52 ta kameraga shikast yetkazgani aniqlandi.
Moddiy zarar miqdori 1,1 mlrd so‘mga baholanmoqda.
IIB ma’lumotiga ko‘ra, u 29 ta chorrahada joylashgan «Hikvision» rusumli 51 ta kamera va 1 ta radarga o‘q uzib, ularni qasddan shikastlagan. Fuqaro ijtimoiy tarmoqda murojaat qilib, ustma-ust jarimalar tufayli qattiq achchiqlanib harakat qilganini aytdi va zararni qoplashda odamlardan yordam so‘radi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 173- (qasddan mol mulkka zarar yetkazish) moddasi bilan ish ochilgan. Hozircha ayblanuvchiga nisbatan biror ehtiyot chorasi qo‘llanmagan. Kameralar «O‘zbektelekom» AJga qarashli «TELECOM SOFT» MChJga tegishli ekani aytilmoqda.
Turkiyadagi ish firibgarliklaridan ogohlantirish
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi fuqarolarni Turkiyadagi yolg‘on ish takliflaridan ogohlantirdi. So‘nggi vaqtlarda ayrim shaxslar ortiqcha maosh va qulay shart-sharoit va’dasi bilan o‘zbekistonliklarni firibgarlik yo‘lida aldayotgani aniqlangan.
Firibgarlar uy-joy, hujjat va ish bilan ta’minlashni va’da qilib, odamlarni og‘ir ahvolga solmoqda. Bunday holatlarda ish haqi to‘lanmasligi, og‘ir mehnat va tahqirga uchrash, hatto deportatsiya va jarimaga duch kelish hollari uchramoqda.
Eng xavflisi — rasmiy hujjatlar mavjud emasligi tufayli firibgarlarni javobgarlikka tortish qiyin bo‘ladi. Bosh konsulxona chet elda ishlash uchun faqat rasmiy ish ruxsatnomasi (Çalışma İzni) bo‘lgan holda safar qilishni tavsiya etmoqda.
UzAirways javobgarlikka tortildi
Istanbul–Toshkent reysida parvoz qilgan Turkiya fuqarosi Uzbekistan Airways’dan maxsus ovqat va sanitariya talablari bajarilmagani uchun Raqobat qo‘mitasiga shikoyat qildi. U chipta sotib olayotganda glyutensiz ovqat talabini oldindan kelishgan, biroq reys vaqtida bu shart bajarilmagan.
Yo‘lovchi shuningdek, o‘zi o‘tirgan joyda oldingi reysdan qolgan chiqindilar bo‘lganini qayd etgan. Raqobat qo‘mitasi murojaatni o‘rganib, passajir talablari asosli ekanini tasdiqladi.
Bu masalada Uzbekistan Airways to‘liq aybdor emasligi, maxsus taom Turkiya aeroportidagi keytering xizmati orqali o‘z vaqtida yetkazib berilmagani oydinlashdi. Kompensatsiya sifatida yo‘lovchining keyingi parvozida xizmat sinfi biznes-klassga ko‘tarildi.
Shu bilan birga, sanitar holat bo‘yicha aviakompaniyaga nazoratni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Malayziya kichik GESlar qurishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Malakoff Corporation Berhad kompaniyasi rahbari Anvar Shaxrin Abdul Ajib bilan uchrashib, energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Suhbat chog‘ida ayniqsa gidroenergiya bo‘yicha foydalanilmayotgan imkoniyatlar qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni Malayziyaga daryo va kanallar bo‘ylab kichik gidroelektr stansiyalarini qurish, yirik gidroinshootlar barpo etish loyihalarida ishtirok etishni taklif qildi. Malakoff — Malayziyadagi eng yirik mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, 8,9 GW quvvatga ega.
Kompaniya rahbari O‘zbekistondagi islohotlardan katta taassurot olganini bildirib, yil davomida Toshkentga tashrif buyurishni va hamkorlik yo‘nalishlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Qarshida uyga kirgan ilon ushlandi
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Mag‘zon mahallasida uyning ichiga kirib olgan ilon Favqulodda vaziyatlar bo‘limi qutqaruvchilari tomonidan zararsizlantirildi.
Qarshi shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Uy egalari ilon tufayli uyga kira olmagani ma’lum bo‘ldi. Taxminan 1 metr uzunlikdagi ilon ushlanib, tabiat qo‘yniga qaytarilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolarga zarur amaliy yordam ko‘rsatilgan va hech kim jabrlanmagan. Qutqaruvchilar bunday holatlarda ehtiyotkorlikka va maxsus xizmatlarga murojaat qilishga chaqiradi.
O‘zbekiston aholisi kuniga 1,7 ming kishiga ko‘paymoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 1 aprel holatiga O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,7 mln kishini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foiz ko‘pdir.
Yil boshidan buyon mamlakat aholisi 154,6 ming kishiga ko‘paygan. Bu har oyda o‘rtacha 51,5 ming, har kuni esa 1,7 ming kishiga o‘sishni anglatadi. Shahar aholisi soni 19,2 mln, qishloqlarda esa 18,4 mln kishini tashkil qilmoqda.
Jami aholining 18,7 mln nafari ayollar, 18,9 mln nafari erkaklardir. Demak, aholi o‘sishi barqarorlik kasb etmoqda va mamlakatda demografik faollik yuqori darajada saqlanmoqda.
Mavzuga oid

20:43 / 15.04.2025
15 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:07 / 11.04.2025
11 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:02 / 10.04.2025
10 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

23:18 / 09.04.2025