Tojikistonda zilzila vaqtida uch yoshli bola halok bo‘ldi
Qo‘shni respublikada bir kunda uch marta zilzila kuzatildi. Tabiiy ofat oqibatida 29 ta turar joy binosi va bitta maktabga zarar yetgan.

Foto: Asia-Plus
13 aprel kuni Tojikistonda kun davomida uch marta yer silkinishi qayd etildi.
Qo‘shni respublika Favqulodda vaziyatlar va mudofaa qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Rasht tumanida uch yoshli bolani devor bosib qolgan.
Birinchi silkinish soat 9:24 da sodir bo‘lgan. Uning kuchi Rasht tumanida 5–6 ballni tashkil etgan. Bu zilzila vaqtida O‘zbekistonning yetti viloyati hududida, jumladan Toshkent shahrida ham 2–3 ballik yer silkinishi sezilgandi.
Soat 12:14 da Tojikistonda 4,3 magnitudali ikkinchi zilzila ro‘y berdi. Zilzila episentri Toshkentdan 291 km janubi-sharqda joylashgan.
Soat 13:33 da 3 magnitudali yana bir yer silkinishi qayd etilgan.

Tojikiston hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo‘mitasining Inqirozlarni boshqarish markazining qayd etishicha, Rasht tumanidagi yer osti silkinishlari kuchi 5 ballni, poytaxt Dushanbeda esa 3 ballni tashkil etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida Rasht tumanida 17 ta turar joy binosi (Asia-Plus nashrining yozishicha 28 ta uy) va bitta maktab qisman vayron bo‘lgan. Shuningdek, Tojikobodda 12 ta uy shikastlangan.
Tumanga Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Hotamsho Latifzoda yetib borgan. Hozirda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish komissiyasi zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda ish olib bormoqda.

Mavzuga oid

22:26 / 14.04.2025
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Andijonda sezildi

08:57 / 14.04.2025
Tojikistonda uchinchi zilzila yuz berdi

09:37 / 13.04.2025
Tojikistondagi zilzila kuchi O‘zbekiston hududlarida sezildi

17:14 / 12.04.2025