Sport | 12:08 / 13.04.2025
15133
16 daqiqa o‘qiladi

«Siti»da superkambek, «Barsa» nursiz o‘yinida ham g‘alaba qozondi. Kun o‘yinlari

Husanov yana zaxirada qoldi, «Arsenal» yana ochko yo‘qotdi, muxlislarini gollar shousiga o‘rgatib qo‘ygan kataloniyaliklarga autsayderga qarshi o‘yinda avtogol yordam berdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: 0:2 hisobi 5:2 ga o‘zgartirildi

«Manchester Siti» — «Kristal Pelas» 5:2
Gollar:
De Bryuyne 33, Marmush 36, Kovachich 47, Makeyti 56, O'Rayli 79 — Eze 8, Richards 21.
«Manchester Siti»: Ederson (Ortega, 71), Lyuis, Diash, Gvardiol, O’Rayli, Gonsales, Kovachich (Grilish, 87), Gundo‘g‘an, De Bryuyne (Doku, 87), Makeyti (Savinio, 82), Marmush (Bobb, 82).
«Kristal Pelas»: Henderson, Richards, Lakrua (Klayn, 63), Lerma, Munyos, Uorton (Devenni, 80), Kamada, Mitchell (Chilvell, 63), Sarr, Eze (Francha, 80), Mateta (Hyuz, 46).
Ogohlantirishlar: Kamada 31, Gonsales 40, Lakrua 54, Makeyti 68, Lerma 90+4.

Gvardiola Gvardiol avvaliga markaziy himoyachi bo‘lganini eslab qolgach, u va Diashdan iborat juftlikni tushirmoqda, xorvatiyalik himoyachining o‘rniga chap qanotda O’Rayli harakatlanmoqda, Abduqodir Husanov esa zaxirada qolmoqda.

«Kristal Pelas» 21-daqiqagacha ikki gol urishi «Manchester Siti» muxlislarini shok holatiga tushirdi. Eze (hisob 0:2 holatida uning yana bir goli ofsayd tufayli hisobga olinmadi) va Richardsning muvaffaqiyatli hujumlari oralig‘ida mezbonlar penalti talab qilishdi: Gvardiola burchak zarbasidan keyin Marmushga qo‘pollik ishlatilgan deb hisoblab, norozilik bildirdi. Ammo de Bryuyne kambek uchun penaltiga hojat qoldirmadi. «Etihad» bilan xayrlashayotgan belgiyalik futbolchi jarima zarbasini ayyorona tarzda ijro etib, Hendersonni dog‘da qoldirdi.

Kevinning bu ijrosi o‘yinni 180 darajaga o‘zgartirib yubordi. «Kristal Pelas» ochiqchasiga sochilib ketdi, avvaliga Makeyti mehmonlarni kechirgandi, ammo Marmush o‘ziga kelib qolgan to‘pni kuch bilan darvoza to‘riga yo‘naltirdi. Bu hujumda ham de Bryuyne muhim rolni o‘ynadi: u to‘pni Gundo‘g‘anga tashlab bergach, uning muvaffaqiyatsiz zarbasi golli uzatmaga aylanib ketdi. Londonliklar tanaffusgacha chidab berishdi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida O'Rayli o‘z qanotidan jarima maydoniga yorib kirib, to‘pni markazga oshirdi, undan to‘pni qabul qilib olgan de Bryuyne esa yanada qulayroq vaziyatda turgan Kovachichga golli uzatma berdi.

Shanba kungi shouni Ederson davom ettirib, Makeytini raqib darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi va APL tarixidagi eng sermahsul posbon (7 golli uzatma)ga aylandi. Ammo bu o‘yin ham «shaharliklar» uchun muammosiz kechmadi va braziliyalik posbon yo‘q joyda jarohat olib, maydonni tark etdi.

«Nottinghem Forest» – «Everton» 0:1
Gollar:
Dukure 90+4.
Ogohlantirishlar: Dukure 16, Brentveyt 39, Guyye 87.

«Aston Villa» – «Sauthempton» 3:0
Gollar:
Uotkins 73, Malen 79, Makginn 90+4.
Aniq ijro etilmagan penaltilar: Asensio 69, 90+4. 
Ogohlantirishlar: Fernandes 38, Bednarek 38, Harvud-Bellis 88.

Keyingi turda «Manchester Siti» «Hudison Park» sehriga qarshi turishi kerak bo‘ladi, joriy mavsumda bu yerda «katta oltilik»ning biror jamoasi g‘alaba qozona olmagan. Devid Moyyes qaytganidan keyin «Everton» amalda deyarli barcha jamoalar uchun o‘ta yoqimsiz raqibga aylangan. Bu turda «irislar» «Nottinghem»ni uning maydonida mag‘lubiyatga uchratgan holda, amalda imkonsiz ishni uddalashdi. «O‘rmonchilar» jamoasi uyda ketma-ket o‘n uchrashuv davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi, qo‘shimcha daqiqalarda Murilloning ahmoqona tarzda to‘p yo‘qotishi o‘yin taqdirini hal qildi. To‘pni braziliyalik himoyachidan olib ketgan Maknil Dukureni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi va turnir jadvalining yuqori qismida intrigani kuchaytirdi.

Uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolgan «Nottinghem» endi «Siti»dan atigi ikki ochkoga oldinda bormoqda. «Chelsi» ham yakshanba kungi o‘yinda g‘alaba qozonib, yaqinlashib olishi mumkin. Hozircha esa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi beshinchi o‘ringa «Aston Villa» ko‘tarilib olgan. Birminghemliklar APLni tark etayotgan «Sauthempton» maydonida bir soatgacha darvozaga yo‘l topolmadi. Asensio esa shu kuni ikki bor penaltidan foydalana olmadi. Qo‘shimcha daqiqalardagi ikkinchi holatda esa Ramsdeyl qaytargan to‘pga baribir Makginn birinchi bo‘lib yetib keldi. Ispaniyalik yarimhimoyachining hisob 0:0 holatidagi birinchi xatosi esa barchasini barbod qilishi ham mumkin edi. Uotkins zaxiradan maydonga tushishi o‘yinda burilish yasadi, u Tilemansning uzun pasidan keyin to‘pga bir teginishda uni darvozabon ustidan oshirib to‘rga yo‘lladi.

«Arsenal» – «Brentford» 1:1
Gollar
: Parti 61 – Vissa 74
«Arsenal» — Rayya, Saliba, Parti (Timber, 69), Kiver, Tirni (Lyuis-Skelli, 62), Zinchenko (Edegor, 62), Jorjinio, Rays (Merino, 75), Nvaneri (Saka, 63), Trossar, Martinelli.

O‘yin kuni «Arsenal» va «Brentford» o‘rtasidagi durang bilan yakunlandi. «Kanonirlar» bir necha kundan keyin YeChL chorakfinalida «Real»ga qarshi kechadigan javob uchrashuvini birinchi o‘yinga qo‘ymoqda. Aralash tarkib tushirilgan (Edegor, Saka, Skelli, Merino zaxirada qoldirildi) o‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlar son jihatdan ustunlikka erishishi mumkin edi, Martinelli qulay vaziyatga chiqib ketishi mumkin bo‘lgan hujumda Norgard uni o‘ta qo‘pollik bilan to‘xtatdi, ammo hakam sariq kartochka bilan kifoyalandi.

Birinchi bo‘limda Mikel Arteta jamoasi o‘nta burchak zarbasidan naf chiqara olmadi. Ikkinchi bo‘limda londonliklar raqib tomonidan amalga oshirilgan burchak zarbasidan keyin muvaffaqiyatli qarshi hujum amalga oshirildi. Havodagi to‘pni ilib olgan darvozabon Rayya uni tezlik bilan Raysga yetkazib berdi, madridliklarga qarshi birinchi o‘yin qahramoni esa uni raqib jarima maydoniga qadar olib bordi va o‘ng qanotda ochilgan va hech kim qo‘riqlamagan Partiga assistentlik qildi. Ingliz yarimhimoyachisi bu mavsumda barcha turnirlar doirasida 16-golli harakatini amalga oshirib, shaxsiy rekordini takrorladi. Ammo Vissa qizil-oqlarni g‘alabadan mahrum etdi, mehmonlarning bu safargi burchak zarbasi jamoaning o‘ziga muvaffaqiyat keltirdi, hujumni ikkinchi tempda davom ettirgan Mbemo to‘pni jarima maydoniga oshirib berdi va Vissa himoyadagi palapartishlikdan foydalanib, «asalarilar» jamoasidagi 50-golli harakatini amalga oshirdi (41 gol va 9 pas). «Arsenal» bu mavsumda hisobda oldinda borgan o‘yinlarida yo‘qotgan ochkolari soni 16 taga yetdi. Bu esa oldingi ikki mavsumdagidan atigi bittaga kam. Bu esa londonliklar chempionlik uchun kurashni «Liverpul»ga nega bu qadar erta boy berganini izohlaydi.

Ispaniya: Martines xaloskor

«Leganes» – «Barselona» 0:1
Gol:
Saens 48 (avtogol)
«Leganes» – Dmitrovich, Roze, Saens, Gonsales, Ernandes, Tapia, Altimira, Rodriges, Sisse, Diomande, Raba.
«Barselona» – Shesni, Arauxo (De Yong, 46), Martines, Balde (Martin, 41), Garsiya (Kubarsi, 80), Pedri, Yamal, Lopes (Gavi, 67), Rafinya, Levandovski (Torres, 67)

«Barselona» bor hissiyotlarini Chempionlar ligasi o‘yinida qoldirgandek tasavvur hosil bo‘ldi. «Leganes» maydonida ko‘k-anorranglar tanaffusga qadar biror marta golli vaziyat yarata olmadi va raqib darvozasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba yo‘llanmadi. Tanaffusdan keyin esa Martin to‘pni olib qo‘yishi bilan boshlangan hujumni Rafinya davom ettirdi va to‘pni Levandovski tomon uzatdi, Saens esa uni to‘sishga urinib, o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Lekin Fermin Lopesga bunday omad yetishmadi, u bir necha himoyachini ortda qoldirib, bir necha metrdan zarba berdi, ammo to‘p xato ketdi. Natijada g‘alabali hisobni katta qiyinchilik bilan saqlab qolishga to‘g‘ri keldi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Inigo Martines yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Munirni to‘xtatib qolib, qahramonlik ko‘rsatdi. Endi chempionlik poygasida bunday g‘alabalar yirik hisoblardan ham muhimroq. Kamida «Real»ning yakshanba kungi o‘yiniga qadar Hansi Flik jamoasi madridliklardan yetti ochkoga oldinda bo‘ladi.

Italiya: «Inter» xatosini takrorlamadi

«Inter» – «Kalyari» 3:1
Gollar:
Arnautovich 13, Martines 26, Bissek 55 – Pikkoli 48
«Inter» — Zommer, Bissek, de Vrij, Auguston, Zaleski (Bastoni, 67), Frattezi, Chalxano‘g‘li, Barella, Dimarko (Darmian, 59), Martines (Tyuram, 67), Arnautovich (Korrea, 59).
«Kalyari» — Kaprile, Palomino, Mina, Zappa (Obert, 72), Zortea, Adopo, Makumbu (Marin, 62), Deyola (Gaetano, 72), Augello, Koman (Luvumbo, 62), Pikkoli

«Inter» bu o‘yinni ham kuchli boshladi, boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan Arnautovich nafaqat hisobni ochdi, balki milanliklarning ustunligini oshirgan Lautaro Martinesga golli pas ham berdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Pikkoli hisobdagi farqni qisqartirganida ko‘pchilik neradzurrilar bir hafta oldin «Parma» maydonida birinchi bo‘limdagi ikki gol ustunligi boy berilganini (2:2) yodga oldi. Ammo bu safargi o‘yinda chempionat peshqadamlari tezda hisobni yana mustahkamladi. Burchak zarbasidan keyin Bissek tom ma’noda to‘pni boshi bilan darvoza to‘riga olib kirdi va Simone Indzagining A seriya doirasida Milanda kechgan o‘yinlardagi 54-g‘alabasini ta’minladi. Ushbu mutaxassis «Inter» boshqaruviga kelganidan buyon Italiyada hech bir klub o‘z stadionida bunday natija qayd etmagan. Agar shu davr uchun top-5 ligalardagi ko‘rsatkichlar olinsa, faqat «Manchester Siti» (56) va «Liverpul»da (55) yaxshiroq, «Real»niki esa bir xil.

«Yuventus» – «Lechche» 2:1
Gollar:
Kopmeyners 2, Yildiz 33 – Baskirotto 87
«Yuventus» — Di Gregorio, Kalulu, Veyga, Kelli, Gonsales (Konyseysau, 76), Lokatelli, Tyuram, Makkenni, Kopmeyners (Vea, 67), Yildiz (Savona, 90+1), Vlahovich (Kolo-Muani, 67).
«Lechche» – Falkone, Veyga, Baskirotto, Gaspar, Gallo (Sala, 46), Jiyen, Kulibali, Perotti, Piyerret, Krstovich (Rebich 46), Tete.

Igor Tudor mavsum davomida jamoani qabul qilganda tez natija ko‘rsatadigan murabbiy sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi. Xorvatiyalik murabbiy qo‘l ostidagi «Yuventus» 3 turda 7 ochko jamg‘arib, 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Qolaversa, «keksa siniora» chempionlik kvartetida qolishi aniq, chunki uning asosiy raqobatchilari - «Bolonya» va «Atalanta» yakshanba kuni o‘zaro o‘ynaydi. «Lechche»ga qarsh o‘yinda esa Vlahovichning harakatlarini alohida ta’kidlash kerak. Serbiyalik futbolchi Italiyadagi faoliyati davomida (247 ta o‘yinda) ilk bor bir o‘yinda ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.

Germaniya: nemis klassikasida kuchlar teng

«Bavariya» – «Borussiya» D 2:2
Gollar:
Gerreyru 65, Gnabri 69 – Bayyer 48, Anton 75
«Bavariya» — Urbig, Laymer, Dayyer, Stanishich, Kimmix, Min-Je (Gerreyru, 54), Goretska (Pavlovich, 63), Olise, Myuller (Koman, 81), Sane (Gnabri, 63), Keyn.
«Borussiya» Dortmund — Kobel, Zyule, Svensson, Jan, Anton, Riyerson, O‘zjan (Chukvuemeka, 71), Gross, Brandt (Nmecha, 70), Bayyer (Adeyemi, 81), Girassi.

Nemis klassikasi an’anaga ko‘ra turning qolgan barcha o‘yinlarini soyada qoldirdi, «Bavariya» esa YeChLdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng «Borussiya» bilan ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, Dortmund ssenariysi asosida boshlangan ikkinchi bo‘limda. Birinchi bo‘limda Kobelning seyvlari «asalarilar»ni o‘yinda qoldirgandi, u qulay vaziyatlarga ega bo‘lgan Olise va Keynga gol urishga imkon bermadi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa so‘nggi haftalarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazayotgan Bayyer mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ryuyersonning uzatmasi vaqtida Kim Min Je ortida ochilgan raqibni ko‘rmay qolgach, to‘p Uriganing oyoqlari orasidan o‘tkazildi.

Vensan Kompani futbolchi almashtirishlar bilan o‘yinni o‘zgartirdi, golda xato qilgan koreyalik himoyachi o‘rniga tushgan Rafael Gerreyru sobiq jamoasini ranjitib, hisobni tenglashtirdi. Unga esa shu kuni 29-marta nemis klassikasida maydonga tushib, Hummelsning rekordini takrorlagan Myuller assistentlik qildi. Yana bir joker — Gnabri ham ajoyib harakat qildi. Aynan u birinchi golli hujumda jarima maydoni ichidagi Myullerni to‘p bilan ta’minlagandi, keyin esa o‘zi mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo shu kuni «Borussiya» mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatmagandi va Girassining sa’y-harakatlari bilan mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Uning noqulay holatda yo‘llagan zarbasini Urbig qaytargandi, ammo to‘p Antonning oyog‘iga borib tushdi.

«Bayyer» — «Union» 0:0
«Bayyer» — Gradetskiye, Ta, Tapsoba (Artur, 74), Inkapie, Frimpong, Garsiya (Virs, 57), Jaka, Grimaldo (Bonifase, 74), Tella, Palasios (Hofmann, 86), Shik

«Hoffenhaym» — «Mayns» 2:0
Gollar: Kramarich 4, 32

«Bayyer»ning «Union» bilan o‘yinda durang o‘ynashi esa «Bavariya» foydasiga xizmat qildi. Myunxenliklar ochko yo‘qotganiga qaramay, ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqi hamon olti ochkoligicha qolmoqda. «Mayns» esa mavsum oxiriga kelib pasaymoqda va kuchli to‘rtlikdan chiqib ketdi. Ayni vaqtdagi holatga ko‘ra, juma kuni «Volfsburg» ustidan qozonilgan g‘alaba (3:2) bilan turni ochib bergan «Leypsig» YeChLga yo‘llanma oladigan to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Lekin turnir jadvalida jamoalar tig‘iz joylashgan — to‘rtinchi va Menxengladbahning «Borussiya» jamoasi egallab turgan yettinchi o‘rin orasidagi farq atigi to‘rt ochko.

Mavzuga oid