Jahon | 17:14 / 12.04.2025
1871
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda internetda «layk» bosganlik uchun jinoiy jazo bekor qilindi

Aynan shu qilmishi uchun Tojikiston qamoqxonalarida 1500 dan ortiq odam qolmoqda.

Foto: Asia-Plus

Tojikiston parlamentining quyi palatasi ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga «layk» bosganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi tuzatishni qabul qildi. Avvalroq, prezident Imomali Rahmon fuqarolar internetdagi materiallarni yoqtirgani uchun qamalayotganidan xavotir bildirgan edi, deb xabar berdi Asia-Plus.

Majlisi Namoyandagon (parlament quyi palatasi) yangi tarkibining 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisida «Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bir ovozdan qabul qilindi.

Unga ko‘ra, internetda e’lon qilingan video va xabarlar ostida emodzi va «layk» qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik butunlay bekor qilindi. Tuzatish Majlisi Milliy tomonidan ma’qullanib, prezident tomonidan imzolanib, hukumat gazetasida e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.

Shu paytgacha Tojikiston fuqarolari internetda chop etilgan taqiqlangan materiallarga «layk» bosganlik yoki ulashganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Tojikiston bosh prokurori birinchi o‘rinbosari Umed Karimzoda so‘zlariga ko‘ra, hozir 1507 nafar fuqaro internetdagi videolar va reportajlarni yoqtirgani, shuningdek, «terroristik va ekstremistik mazmundagi sharh va fikrlarni» yozgani uchun qamoqda saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 2024 yilning 29 oktabr kuni internetdagi «layk»lar uchun jinoiy ishlar asossiz qo‘zg‘atilayotganini tanqid qilib, «bu amaliyotga chek qo‘yish kerakligini» aytgan edi.

Mavzuga oid