Misrdan uzilayotgan G‘azo, Trampning Rossiyaga chaqirig‘i va «Boj urushi»da chekinmayotgan Xitoy - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil G‘azoni butunlay yopmoqda
Isroil G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrini bufer zonaga qo‘shishni rejalashtirmoqda. Haaretz nashri yozishicha, bu mintaqa 75 km kvadratni qamrab olib, G‘azoning qariyb beshdan bir qismini tashkil etadi.
Bu qaror amalga oshsa, G‘azo to‘liq Isroil nazoratidagi hududlar bilan o‘ralgan, Misr bilan bog‘lanishdan uzilgan eksklavga aylanadi. Filadelfiya koridori va Morang marshruti oralig‘ida, urushdan avval 200 mingga yaqin aholi yashagan. Hozir bu hudud deyarli butunlay vayron va aholi qochgan.
Isroil armiyasi janubda ham shimoldagi buza-buz taktikasini qo‘llayotgani taxmin qilinmoqda. Bu harakatlar 18 martda boshlangan yangi hujum fonida kechmoqda. Unda 1600 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 4000 nafardan ko‘prog‘i yaralandi, tinchlik va tutqunlar almashinuvi bo‘yicha kelishuv esa buzildi.
AQShning ikkinchi aviatashuvchisi Yaqin Sharqqa yetdi
AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy hozirligini kuchaytirmoqda. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, mintaqada ikkinchi aviatashuvchi kema — USS Carl Vinson faoliyat boshladi.
U endilikda USS Harry Truman bilan birgalikda Qizil dengizda husiychilar pozitsiyalariga qariyb har kuni zarba bermoqda. Ushbu aviatashuvchi Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralardan bor-yo‘g‘i ikki kun avval akvatoriyaga kirdi — gap O‘monda AQSh va Eron o‘rtasida o‘tayotgan uchrashuvlar haqida bormoqda.
Tahlilchilarning fikricha, AQShning harbiy faolligi mintaqada keskinlikni yanada oshiradi. Bu yangi to‘qnashuvlar va diplomatik ziddiyatlar davrini boshlab berishi ham mumkin.
Tramp Rossiyani urushni tugatishga chaqirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni «dahshatli va bema’ni» deb atab, Rossiyani tinchlikka erishish uchun harakat boshlashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, u prezident bo‘lganida bu urush umuman boshlanmas edi.
Tahlilchilar Tramp ilk marta urushni to‘xtatish masalasida Ukrainani tilga olmaganini qayd etishmoqda.
Fox News manbasiga ko‘ra, Tramp Rossiya rasmiylarini muzokaralarni cho‘zib yuborishda ayblamoqda va Vladimir Putindan «hafsalasi pir bo‘lgan». Shu sabab Oq uy Rossiyaning «xufiyona floti»ga qarshi yangi sanksiyalar ustida ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff kecha Rossiyaga borib, Sankt-Peterburg shahrida Putin bilan muzokara o‘tkazdi. Kreml muzokaralardan katta natija kutmayotganini ta’kidladi.
Kongress Rossiya neftini musodara qilmoqchi
AQSh senatorlari Rossiyaning «xufiyona floti» orqali olib chiqilayotgan neftini musodara qilish haqidagi qonun loyihasini Kongressga kiritdi. Finlandiyaning CREA markaziga ko‘ra, bu flot Rossiya nefti eksportining uchdan ikki qismini tashiydi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, Moliya vazirligi «qora ro‘yxat»dagi tankerlardagi neftini musodara qilishi va sotib olingan mablag‘ni AQSh davlat qarziga yo‘naltirishi mumkin. Shuningdek, 150 mln dollarlik maxsus jamg‘arma tashkil etish ham taklif etilmoqda.
Senator Joni Ernst bu tashabbusni Moskvaga qarshi keskin chora sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, loyiha josuslik ma’lumotlari almashinuvini kuchaytiradi va noqonuniy savdoga qarshi yangi vositalar yaratadi.
Yanvarda G7 sanksiyalarini chetlab o‘tgan 200 tanker aniqlangan, ulardan 180 tasi «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.
Germaniya Ukrainani kuchliroq qo‘llashga chaqirdi
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Yevropani Ukrainaga harbiy yordamni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Uning fikricha, yaqin kelajakda tinchlikka umid kam va Kiyev faqat kuchli armiya orqali adolatli muzokaraga erisha oladi.
Bu bayonot Ramshtayn formatidagi 27-yig‘ilishdan so‘ng Britaniya va Ukraina vazirlari bilan birgalikdagi matbuot anjumanida yangradi. Boris Pistorius xalqaro sheriklar tomonidan e’lon qilingan yordam paketlari va majburiyatlarni olqishlab, ular joriy yilda frontda sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
U Rossiyaning doimiy hujumlarini tinchlikka qiziqish yo‘qligining isboti sifatida baholadi. Shu munosabat bilan Yevropa davlatlaridan Ukrainaga uzluksiz va birgalikda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni so‘radi. «Rossiya Ukraina urushni davom ettira olishini anglashi kerak», — dedi Pistorius.
Rossiyaga sanksion tovarlar importi keskin kamaydi
The Insider tahliliga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyaga olib kirilayotgan qo‘sh maqsadli mahsulotlar — ya’ni harbiy va fuqarolik sohalarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlar importi sezilarli darajada kamaydi. 2023 yilda 11 mlrd dollarlik bunday mahsulot yetkazilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 7,7 mlrd dollarga tushgan.
Xususan, Xitoydan olib kirilayotgan elektron butlovchi qismlar importi 17 barobarga qisqargan. Bu, tahlilchilarga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilarning xavfdan qochishi yoki Rossiya banklari bilan ishlashdagi muammolar bilan bog‘liq.
Elektr stansiyalari, metallurgiya uskunalari va mexanik qismlar importida ham jiddiy pasayish kuzatilmoqda. Ba’zi toifalarda, masalan, elektronika bo‘yicha, import 6 baravarga tushgan.
Xitoy «Boj urushi»da chekinmoqchi emas
Xitoy AQShning paydar-pay boj tariflari joriy etishiga nisbatan keskin munosabat bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Lin Jian Pekin «qo‘l qovushtirib o‘tirmasligini» va «oxirigacha kurashishga tayyor» ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bojlarni iqtisodiy qurol sifatida ishlatib, o‘z manfaatlarini boshqa davlatlar hisobiga himoya qilmoqda. Bu Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid va jahon savdo tizimiga jiddiy zarar yetkazadi.
«Xitoy urushni istamaydi, biroq jangdan qo‘rqmaydi. Xitoy xalqi o‘z huquq va manfaatlaridan mahrum etilishiga rozi bo‘lmaydi», — dedi Lin Jian.
Savdo vazirligi vakili He Yunjian ham Xitoy teng huquqli muzokaralarga ochiqligini, biroq bosimga taslim bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh Xitoy mahsulotlariga 145 foizlik boj joriy etganidan so‘ng Xitoy ham Amerika mahsulotlariga 145 foizlik boj joriy qildi.
AQShning davlat qarzi chegarasi yana oshiriladi
AQSh rasmiylari davlat qarzining yuqori chegarasini yana oshirishni va qarz muammosini ikki yilga yopishni rejalashtirmoqda. Ayni vaqtda AQShning umumiy qarzi 36,6 trln dollardan oshib ketgan. Bu yalpi ichki mahsulotning 122 foiziga teng. Unga hali shtatlarning qarzi, xususiy sektor va ijtimoiy majburiyatlar kiritilmagan.
Bu haqda Moliya vaziri Skott Bessent prezident Donald Tramp boshchiligidagi yig‘ilishda ma’lum qildi. AQSh qarzi 2013 yilda YaIMga nisbatan 100 foizdan oshib ketgan va shundan beri uzluksiz o‘sib bormoqda.
Ikki partiyaviy siyosiy markaz tahlilchilariga ko‘ra, 2024 yilning iyul—oktyabr oylarida defolt xavfi paydo bo‘lishi mumkin. Bu holat davlat budjetiga soliqlar tushumiga bog‘liq.
Standard & Poor’s agentligi esa 2025 yilda jahon davlat qarzi 12,3 trln dollargacha yetib, 3 foizga oshishini taxmin qilmoqda. AQSh qarzi bu qarzning 40 foizini tashkil qiladi.
Apple’ni sudga berishmoqda
Apple kompaniyasi AQSh va Kanadada bir necha sud ishlariga duchor bo‘lmoqda. Barchasiga sabab — reklama qilingan, ammo hali ishga tushmagan Apple Intelligence sun’iy intellekt funksiyalari.
Shikoyatchilarning da’volariga ko‘ra, kompaniya reklama roliklarida sun’iy intellekt funksiyalarini tayyor mahsulot sifatida namoyish etib, mijozlarni chalg‘itgan.
Bu holat ayniqsa iPhone 16 xaridorlarini qattiq ranjitgan — ular mazkur funksiyalar ishlaydi, deb o‘ylab qurilma sotib olgan. Ammo amalda bu imkoniyatlar hali ishga tushmagan.
Apple kompaniyasi atrofida bu masala katta shov-shuvga aylanib bormoqda. Kompaniya hozircha bu borada biror rasmiy munosabat bildirmadi.
Avvalroq Apple o‘z ichki hisoboti bilan Siri’ni sun’iy intellekt bilan boyitishga urinishi muvaffaqiyatsiz yakun topganini tan olgan edi. Bunga asosiy sabab qilib rahbariyatdagi no‘noqlik va aniq yo‘nalishning yo‘qligi ko‘rsatilgan.
Ayni paytda Siri rahbarligi yangi rahbarlarga topshirildi. Ular Apple’da tashqi SI modellaridan foydalanishga ruxsat berdi. Mutasaddilarga ko‘ra, bu Siri’ni haqiqiy aqlli yordamchiga aylantirishi mumkin.
Mavzuga oid

13:23 / 14.04.2025
HAMASning omon qolgan tunnellari, Sumi shahriga vayronkor hujum va Bayden sanksiyalarini uzaytirgan Tramp - kun dayjesti

14:26 / 11.04.2025
G‘azoni arab dunyosidan uzmoqchi bo‘layotgan Isroil, Tramp qarorlaridan hayratda qolgan Oq uy va TikTok xarididan voz kechgan AQSh - kun dayjesti

13:43 / 10.04.2025
G‘azoda istehkomlar qurayotgan Isroil, Ukrainada yangi hududlarga hujum boshlagan Rossiya va Xitoyga 125 foizli boj joriy etgan Tramp - kun dayjesti

13:37 / 09.04.2025