Trampning ortga tisarilishi. U nega bojlarni 90 kunga muzlatib qo‘ydi?
Savdo urushi uch oydan keyin qayta boshlanadimi? AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat kuchayishidan nima kutish mumkin?

Jabin Botsford / The Washington Post / Getty Images
10 aprel kuni, AQSh o‘nlab mamlakatlardan tovar importidan qo‘shimcha bojxona to‘lovlarini yig‘ishni boshlashi kerak bo‘lganidan bir necha soat o‘tib, Donald Tramp savdo siyosatida yana bir keskin burilish yasadi – va tariflar oshirilishini 90 kunga muzlatib qo‘ydi. Bo‘ysunmas Xitoy bundan mustasno bo‘lib, u uchun stavka yana bir bor oshdi – shundoq ham haddan tashqari darajada bo‘lgan 104 foizdan 145 foizgacha. Shunga qaramay, investorlar Trampning murosaga kelishga tayyorligidan xursand bo‘lishdi va so‘nggi haftadagi «ayiq» trendi bir zumda fond indekslarining rekord darajadagi o‘sishi bilan almashdi. Trampni o‘z qarorini qaytib olishga nima majbur qildi? Va uch oydan keyin savdo urushi qaytadan boshlanishini kutish kerakmi? Vashington va Pekin o‘rtasidagi tirashuv dunyoga qanday ta’sir qiladi? «Meduza» shu savollarga javob izladi.
Tramp nega tanaffus qildi?
AQSh prezidenti moliya bozorlarining mamlakatning barcha asosiy savdo hamkorlariga qarshi tarif to‘lqinlariga reaksiyasini payqamay qolmagani aniq. Birjalar mojaro kuchayishining har bir yangi bosqichida shiddat bilan quladi; hatto respublikachining nufuzli partiyadoshlari va Uoll-stritning og‘ir vaznli vakillari – masalan, JPMorgan Chase bosh direktori Jyeymi Daymon ham tanqidiy chiqish qildi.
Amalda Vashington uchun asosiy ogohlantirish signali, katta ehtimol bilan, AQSh davlat obligatsiyalari bozoridagi muammolar bo‘lgan. AQSh davlat qarzini moliyalashtirishning asosiy vositasi bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarning daromadliligi – butun qimmatli qog‘ozlar bozorining qulashi bilan birga yuqoriga ko‘tarila boshladi. Kelajakda bu tobora ko‘proq investorlarni davlat obligatsiyalarini sotib yuborishga undashi mumkin. Bunday aktivlarning eng yirik egalari esa tariflardan «ranjigan» Yaponiya va Xitoy davlatlaridir. Amerika prezidenti esa aynan davlat qarzi yukini yengillashtirishni o‘z siyosatining strategik vazifalaridan biri sifatida belgilagandi.
Shu bilan birga, Tramp yo‘nalishni noto‘g‘ri olganini tan olmadi va faqat davlat obligatsiyalari bozorini kuzatayotgani hamda «ba’zida moslashuvchan bo‘lishga to‘g‘ri kelishi»ni ta’kidladi. The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib yozishicha, AQSh moliya vaziri Skott Bessent so‘nggi lahzada prezidentni «moslashuvchan bo‘lish lozimligi»ga ishontirgan bo‘lishi mumkin. Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, aynan u investorlar shikoyatlarining asosiy manzili bo‘lgan va sahna ortida turib bu boradagi siyosatni yumshatishni lobbi qilgan. Endi ushbu rasmiy Trampga o‘zining haqligini isbotlashi va yaqin kelajakda savdo hamkorlari bilan Amerika eksporti uchun yanada qulay shartlar bo‘yicha kelishib olishi kerak bo‘ladi.
Oq uyda hukmronlik qilishda davom etayotgan xaosning illyustratsiyasi Kongressdagi munozara bo‘ldi. Tramp bojlarni muzlatish to‘g‘risida e’lon qilgan paytda, uning maslahatchisi Jyemison Grir Vakillar palatasi a’zolarining savollariga javob berib, hozirgina prezident tomonidan rad etilgan pozitsiyani himoya qildi. «Jin ursin, bularning barchasi uchun kim javob beradi?» – deb qichqirdi Grirga palataning Nevada shtatidan saylangan a’zosi, demokrat Stiven Horsford. «Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti», – dedi davlat rahbari maslahatchisi lo‘nda qilib.
Xitoyga qarshi tariflardan tashqari barcha tariflar muzlatilganmi?
Yo‘q. AQSh dastlabki ro‘yxatda ko‘rsatilgan barcha 180 ta davlat va hududlar uchun import bojlarini birdek 10 foizga oshirish g‘oyasidan voz kechmadi. Shu bilan birga, bir qator tovar toifalari ushbu tariflar ta’siridan chiqarildi: chiplar, mis, yog‘och materiallari, farmatsevtika mahsulotlari, oltin quymalari, energiya resurslari va AQShda zaxiralari yo‘q bo‘lgan foydali qazilmalar.
Shuningdek, avtomobillar va avtomobil ehtiyot qismlari ham yangi cheklovlar ostida emas – ammo mart oyidan beri ular Amerika chegarasini kesib o‘tishda 25 foizlik bojga tortilmoqda. Ba’zi hollarda tariflarning xuddi shunday darajasi mamlakat darajasida (Meksika va Kanadaga nisbatan) va tovar darajasida (po‘lat va alyuminiyga nisbatan) saqlanib qoldi. Ma’lumki, Oq uyda mis, yog‘och materiallari, chiplar va farmatsevtika mahsulotlariga 25 foizlik stavkani qo‘llash masalasi muhokama qilinmoqda.
«Aks ettiruvchi» tariflar ham uch oydan keyin qaytadimi?
Hozircha bunday ssenariy ehtimoldan yiroq ko‘rinadi. Trampning ta’kidlashicha, 70 dan ortiq davlat AQSh bilan 2 apreldan keyin bojlarning individual shartlari yoki hatto ularni nollashtirish bo‘yicha muzokaralar uchun navbatga turgan. Financial Times ta’kidlashicha, Oq uyning o‘zi ham hech bo‘lmaganda Yaponiya va Janubiy Koreya kabi yirik savdo hamkorlari hamda AQSh korxonalari uchun sanoat quvvatlarini infratuzilma bilan ta’minlay oladigan Vetnam va Kambodja kabi davlatlar bilan tezroq murosaga kelishdan manfaatdor.
Hatto rasmiy ravishda Vashington bilan bojlar bo‘yicha «otishma»ga kirishga ulgurgan kontragentlar ham mojaroni yumshatishga tayyor. Masalan, Yevropa Ittifoqi allaqachon AQSh importiga qarshi 15 apreldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan tariflar paketini muzlatib qo‘yishini e’lon qildi.
SEC Newgate konsalting firmasi tahlilchisi Elli Renisonning fikricha, ko‘plab muzokaralarni parallel ravishda olib borish uchun AQSh rasmiylariga barcha tovarlar importini yalpi soliqqa tortishdan qochish hamda faqat muayyan toifalar yoki alohida istisnolar uchun bojlarni muhokama qilish qulayroq bo‘ladi. Bunday muloqot bozor tomonidan ancha konstruktiv qabul qilinadi va Vashingtonga AQShning boshqa mamlakatlarga eksportiga qarshi haqiqiy adolatsiz bojxona amaliyotlarini bartaraf etishga yordam beradi, deya xulosa qilgan ekspert.
AQSh va Xitoy savdo urushidan nima kutiladi?
Afsuski, hech qanday yaxshi narsa yo‘q – agar bu holatda ham murosa topilmasa. 2024 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 580 milliard dollardan oshgan. Savdo balansi Amerikaning Xitoydan importi foydasiga o‘zgardi: AQSh deyarli 439 milliard dollarlik tovarlarni import qildi va 143,5 milliard dollarlik tovarlarni teskari yo‘nalishda yetkazib berdi. Mamlakatlar, shubhasiz, bir-biriga juda bog‘liq va savdo aloqalari uzilishi oson kechmaydi.
So‘nggi kunlarda asl holatni aks ettiruvchi dastlabki muammolar va xavotirlar haqida ko‘plab yangiliklar paydo bo‘ldi: masalan, Apple tariflar joriy etilishi arafasida AQShga ayfonlar bilan to‘ldirilgan beshta samolyot olib kelgan, Xitoydagi archa o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchilar esa yozgi mavsumda amerikalik mijozlarni yo‘qotib, buyurtmalarsiz qolish xavfi ostida. Ta’minotga bog‘liq kompaniyalar biznes jarayonlarini qayta qurish bilan shug‘ullanarkan, yaqin kelajakda bunday yangiliklarni yana ko‘p eshitish mumkin.
Tabiiyki, bu Xitoy iqtisodiyoti uchun og‘riqli zarba bo‘ladi. Goldman Sachs tahlilchilariga ko‘ra, joriy va kelgusi yilda AQSh bilan savdo mojarosi mamlakat iqtisodiyoti o‘sishini 0,5 foizga sekinlashtirishi mumkin (investbankning yangi prognozi – 2025 va 2026 yillar uchun oldingi prognozga ko‘ra kutilgan 4,5 va 4 foiz o‘rniga 4 va 3,5 foiz).
Xitoy o‘z eksportini diversifikatsiya qilishga majbur bo‘ladi va yetkazib berishning bir qismi Rossiya bozoriga yo‘naltirilishi mumkin. RBK bilan suhbatlashgan ekspertlar hatto Rossiya hukumati mamlakatga Xitoy mahsulotlari kirib kelgan taqdirda, ayrim tovar toifalari bo‘yicha o‘z proteksionizm choralarini ko‘rishiga to‘g‘ri kelishini istisno qilishmadi.
Global savdo urushi xavfi muqarrar deyish mumkinmi?
Biz bilib bo‘lmaydi. Buni hech kim bilmaydi. Ko‘plab ekspertlar endi aynan shuni asosiy muammo sifatida ko‘rsatmoqda: Tramp o‘zining beqarorligi bilan ishonchsizlik va noaniqlik to‘lqinini keltirib chiqardi. «Iqtisodiyotga oid [akademik] adabiyotlarda noaniqlik ta’siri ba’zan [haddan tashqari] tariflardan kam bo‘lmagan darajada zararli deb ta’riflanadi. Hozir esa juda katta noaniqlikni ko‘ryapmiz. Agar Tramp bugun tariflarni joriy qilmaslik uchun bitimlar tuzsa ham, ertaga u yana fikrini o‘zgartirishi [va yana bojlarni joriy qilishi] mumkin», – dedi Sasseks universitetining savdo siyosati bo‘yicha tadqiqotchisi Nikolo Tamberi Financial Times nashriga bergan sharhida.
Hozircha, bozorga qisqa muddatli optimizm to‘lqinidan so‘ng, ko‘plab investorlar kutish pozitsiyasini egallab, uch oy davomida faol xaridlardan voz kechishlari mumkin, dedi Santander US Capital Markets investitsiya kompaniyasi strategi Stiven Abrams: «Biz barchamiz birinchi „ozodlik kuni“ni ko‘rdik. Shubhasiz, kimdir ikkinchisi ham bo‘lishi mumkinligiga qaramay, sarmoya kiritishga qaror qiladi. Lekin ko‘pchilik kutishni ma’qul ko‘radi».
Mavzuga oid

00:35
Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushida Bayden, Zelenskiy va Putinni aybladi

22:21 / 14.04.2025
Kiyevda ukrainlarga asir tushgan Xitoy harbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

21:13 / 14.04.2025
«AQShda Rossiya qarashlari ustunlik qilmoqda» – Zelenskiy Trampni Ukrainaga chaqirdi

20:45 / 14.04.2025