O‘zbekiston | 11:53 / 11.04.2025
7780
6 daqiqa o‘qiladi

Piyoz narxi nega qimmatlashdi?

O‘zbekistonda aprel oyining boshida ertapishar piyoz narxi keskin qimmatlashib ketdi. EastFruit narxlar 2024 yilning mos davriga nisbatan 10 barobargacha oshganini qayd etib, ekin maydonlarining qisqarib ketganligini sabab sifatida keltirdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, bu vaqtinchalik holat bo‘lib, 15 apreldan keyin narxlar barqarorlashadi. 

Foto: EastFruit

Mart oyining oxirlaridan boshlab Surxondaryo viloyati fermerlari ertapishar kuzgi piyoz hosilini yig‘ishni boshladi. Poliz ekini viloyatning o‘zi va qo‘shni hududlar bozorlarida ham paydo bo‘ldi. Biroq, o‘tgan yillardan farqli o‘laroq, bu mavsumda piyoz narxi rekord darajaga qimmatlashdi, deya xabar berdi EastFruit.

Yangi hosildan olingan piyozning dastlabki partiyasini fermerlar o‘rtacha 5000 so‘mdan yoki 39 sentga teng narxda sotishgan. O‘z navbatida, bozorlarda chakana narxlar 7000−8000 so‘m yoki 54−62 sentgacha oshgan.

O‘zbekiston piyoz bozoridagi vaziyatni VESAGRO konsalting kompaniyasi rahbari O‘rmonali Usmonov shunday izohladi:

«2025 yil mart oyining ikkinchi yarmida Surxondaryo viloyatining bir qator tumanlarida (Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sherobod) fermerlar ertapishar piyoz hosilini yig‘ishni boshladi. Biroq, piyozning yetilish darajasi hali uni uzoq masofalarga tashishga imkon bermayapti. Xalq tilida aytganda, piyoz hali „kiyinmagan“. Shu sababli hozirda mahsulot asosan Surxondaryo viloyati va unga qo‘shni hududlarda sotilyapti. Shunday bo‘lsa-da, bu mavsumda fermerlar narxlardan juda mamnun. O‘tgan yili ayni shu paytda yangi hosildan olingan piyozning kilosi dalalarda taxminan 500 so‘mdan (4 sent) yuklab jo‘natilgan bo‘lsa, bu yil boshlang‘ich narxlar 10 baravar yuqori», degan Usmonov.

Mutaxassisning fikricha, narxlar yuqori bo‘lishining asosiy sababi ekin maydonlarining sezilarli darajada qisqargani bilan bog‘liq.

«Mart oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tgan yilning avgust-sentabr oylarida ekilgan kuzgi piyozni yig‘ib olish boshlandi. Taxminiy hisob-kitoblarimga ko‘ra, butun O‘zbekiston bo‘yicha ushbu kuzgi piyozning umumiy maydoni 30−40 foizga qisqargan. Menimcha, bunday vaziyat qo‘shni davlatlarda ham kuzatilgan. Hosildorlik va pishish muddatlariga kelsak, 2024 yilning kech kuzi va qishida anomal sovuqlar bo‘lmadi, ob-havo qulay edi. Hosildorlik o‘tgan yilgi darajada qoldi, pishish muddati esa o‘zgarmadi. Biroq, hozirda piyoz hali «kiyinmagan» va kerakli yetuklikka erishish uchun vaqt talab etiladi. O‘ylaymanki, tarmoq sifatidagi va eksportga yaroqli hajmdagi mahsulotlar 2025 yilning 15−20 aprel kunlari ichki bozorda paydo bo‘ladi», deya qo‘shimcha qilgan u. 

Shuningdek, yangi piyoz narxlari o‘tgan yilgi hosilning zaxiralariga, aniqrog‘i, ularning tugash tezligi va tashqi bozorlardagi talabga bog‘liq bo‘lishi ta’kidlangan.

«Piyoz narxi arzonlashi kutilyapti»

Qishloq xo‘jaligi vazirligi yangi piyoz narxi oshishi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, narxlarning oshishiga 2024 yilning may-iyun oylarida piyoz narxining bir kilogrammi 500−1000 so‘mgacha tushib ketgani sabab bo‘lgan. Natijada 2025 yilda qator hududlarda piyoz ekin maydonlari qisqartirilgan. Xususan, Jizzaxda 5 ming gektar, Navoiyda 6,7 ming gektar, Namanganda 8,4 ming gektar, Samarqandda 14 ming gektar, Surxondaryoda 2,6 ming gektar, Sirdaryoda 2,8 ming gektar, Toshkentda 2,6 ming gektar, Xorazmda 7,6 ming gektar kam piyoz ekilgan.

«Shunga qaramasdan, respublikamizda joriy yil jami 1 412 ming tonna piyoz yetishtirilishi kutilmoqda. Bu o‘tgan 2024 yilga nisbatan 12 ming tonnaga ko‘pdir», deyiladi vazirlik izohida.

Qayd etilishicha, 2024 yil 1 aprelda yangi piyoz narxi 5−6 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 7 aprelda 3−3,5 ming so‘mgacha tushgan. 2025 yil 1 aprelda yangi piyoz 7−8 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kun holatiga narx 4−5 ming so‘mgacha arzonlashgan.

Shuningdek, 2024 yilgi hosildan 75 ming tonna piyoz omborxonalarda ichki bozorga yetkazib berilgan bo‘lsa, yana 46 ming tonnasi 2−3 ming so‘mdan sotilyapti.

Pishish davriga qarab joriy yilning 15 aprelidan piyoz narxi 2-2,5 ming so‘mgacha arzonlashishi kutilmoqda. Bundan tashqari, aprel oyining 2-3-dekadalari 70 ming tonna, may oyida esa 90 ming tonnadan ortiq piyoz pishib yetiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi har bir mavsumda qishloq xo‘jaligi ekinlarining ilk yetilgan pallasida narxlar oshishi kuzatilishini, bu vaqtincha holat bo‘lib, tez orada o‘zgarish tendensiyasiga egaligini eslatib o‘tdi.

«Ba’zi hududlarda dehqonlar odatdagidan ortiq mablag‘ talab etuvchi innovatsion agrotexnik tadbirlarni qo‘llash orqali o‘z mahsulotini odatdagidan 10−15 kun avval yetishtirib bozorga chiqarishi hech kimga sir emas», - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik piyoz eksportchisi hisoblanadi. 2024 yilda mamlakat 76,3 million dollarlik 354,8 ming tonna piyoz eksport qilgan, bu 2023 yilga nisbatan 19,2 foizga ko‘p.

Mavzuga oid