O‘zbekiston | 16:14 / 11.04.2025
11135
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda YPX xodimlari noqonuniy olib ketilayotgan 360 ta iPhone’ni “qo‘lga oldi”

Qamchiq dovonidagi YPX maskanida tekshirilgan mashinada tegishli hujjatlarsiz olib ketilayotgan 360 ta iPhone 16 Pro Max telefonlari aniqlangan. Ularning bozor qiymati 430 ming dollardan oshadi.

2025 yil 11 aprel kuni soat 05:30 larda «Namangan« YPX maskanida YHXX «Qamchiq» dovoni bo‘yicha YPX otryadi xodimlari tomonidan «Vodiy-Toshkent« yo‘nalishida harakatlanib kelgan haydovchi A.M. boshqaruvidagi Lacetti to‘xtatilib tekshirildi. YHXX axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tekshiruvda transport vositasining saloni va yukxonasida jami 360 ta iPhone 16 Pro Max telefon qurilmalari olib ketilayotgani, ushbu qurilmalarga oid tegishli hujjatlar mavjud emasligi aniqlangan.

«Holat yuzasidan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qurilmalar hamda fuqaro A.M. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Namangan viloyati Pop tumani bo‘limi xodimlariga surishtiruv ishlarini davom ettirish uchun topshirildi», deyiladi YHXX xabarida.

Ma’lumot uchun, ayni kunlarda iPhone 16 Pro Max telefonlarining eng arzon komplektatsiyasi 1200 dollardan boshlanadi. YHXX xodimlari qo‘lga olgan qurilmalarning umumiy bozor narxi 430 ming dollardan oshadi. 

Mavzuga oid