O‘zbekiston | 12:28 / 11.04.2025
9043
3 daqiqa o‘qiladi

IMV davlat xizmatchilariga haq to‘lash tizimida kutilayotgan o‘zgarishlarga izoh berdi

O‘zbekistonda barcha vazirlik va idoralar uchun “yagona, shaffof va adolatli” mehnatga haq to‘lash tizimi joriy etiladi, deya Kun.uz'ga ma’lum qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Bunda ish haqi faqat budjet hisobidan to‘lanib, budjetdan tashqari mablag‘larni ish haqiga yo‘naltirish taqiqlanadi. Tarif koeffitsiyentlari, martaba darajasi, qo‘shimcha ustama (KPI) va yillik bonuslar xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarining lavozim maoshlarini yagona prinsip asosida shakllantirishga o‘tiladi. Kun.uz avvalroq xabar berganidek, bu – Vazirlar Mahkamasining 8 aprel kungi qarorida belgilangan.

Qarorga binoan, davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash mexanizmlari bekor qilinishi kutilmoqda.

Xo‘sh, bu nimani anglatadi, qanday o‘zgarishlar kutilmoqda, bu o‘zgarishlardan maqsad nima? Kun.uz shu kabi savollar bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Vazirlikka ko‘ra, bugungi kunda amaldagi davlat hokimiyati, respublika ijro etuvchi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimida quyidagi kamchiliklar mavjud:

  • xodimlarning mehnatga haq to‘lash miqdorlari har xil;
  • budjetdan tashqari jamg‘armalardan turli xil miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar va to‘lovlar mavjud;
  • sohadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar eskirgan;
  • lavozim maoshining oylik ish haqi fondidagi ulushi kam;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlariga mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan turli xil miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar to‘lab kelinmoqda.

IMVga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmati xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini “tubdan takomillashtirish” natijasida quyidagi natijalar kutilmoqda:

  • barcha vazirlik va idoralar uchun yagona, shaffof va adolatli mehnatga haq to‘lash tizimini joriy etish;
  • bajaradigan funksiya va vazifalarning turi va murakkabligiga qarab, lavozim toifalarini belgilash;
  • barcha vazirlik va idoralar uchun ish haqi tizimini va ularni moliyalashtirish manbalarini birxillashtirish (faqat budjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi);
  • budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ish haqi xarajatlarini amalga oshirishni taqiqlash;
  • xalqaro tan olingan standartlarga mos ravishda davlat xizmatchilariga yangidan tarif koeffitsiyentlari, martaba darajasi, qo‘shimcha ustama (KPI) va yillik bonuslar joriy etish.

Qaror asosida, sentabr oyigacha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Bunda, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘arma hisobvaraqlarini qisqartirish tartibi belgilanishi ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid