Jahon | 14:26 / 11.04.2025
3469
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoni arab dunyosidan uzmoqchi bo‘layotgan Isroil, Tramp qarorlaridan hayratda qolgan Oq uy va TikTok xarididan voz kechgan AQSh - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS: Netanyahu G‘azoni arab dunyosidan uzmoqchi

HAMAS harakati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo sektoridagi «sodir bo‘lgan fakt» sifatida taqdim etib, Falastin eksklavining arab dunyosi bilan aloqalarini uzishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Hujjatda Rafahdagi uylar va infratuzilmalarning yo‘q qilinishi «Falastin xalqini yo‘q qilishga qaratilgan shafqatsiz urush»ning yangi bosqichi sifatida baholandi. HAMAS bu harakatlarni xalqaro huquq va insonparvarlik qoidalarining qo‘pol buzilishi, urush jinoyatlari deb atadi.

Isroil harakatlari oqibatida G‘azo sektori yashashga yaroqsiz hududga aylanmoqda. Hozirda eksklavning uchdan ikki qismi evakuatsiya buyrug‘i berilgan yoki harbiy ruxsatsiz kirish mumkin bo‘lmagan «taqiqlangan zona» deb e’lon qilingan.

Isroil humanitar yordam olib kirilishiga to‘sqinlik qilmoqda, chegaralardagi nazorat o‘tkazish punktlari, evakuatsiya yo‘llari o‘qqa tutilmoqda. Infratuzilma yo‘q qilinmoqda, ozuqa, dori-darmon va yoqilg‘i yetkazib berish izdan chiqmoqda.

Ayni paytda 2,1 mln aholi himoyasiz, suvsiz va yordamsiz qolgan. Bu nafaqat urush, balki aholini G‘azodan majburiy siqib chiqarishga qaratilgan harakatdir.

Bu orada Isroil sharqiy Quddusdagi UNRWAga tegishli olti maktabni 8 maydan yopish bo‘yicha qaror qabul qildi. Shahar hokimligi va politsiya xodimlari maktablarga kirib, yopish haqida rasmiy hujjatlar topshirgan. Unga ko‘ra, 800 nafar o‘quvchi tahsilni yakunlay olmay qolishi mumkin. Endi bu maktablarga kirish taqiqlanadi va har qanday urinish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, Isroil G‘azodagi janglar paytida ushlangan 80 falastinlikni ozod qildi. Ulardan kamida o‘n nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.

Isroil boylari mamlakatni ommaviy tark etmoqda

2024 yilda Isroilni kamida 1700 nafar dollar hisobidagi millionerlar tark etgan. Bunga G‘azodagi urush, iqtisodiy tanazzul va siyosiy beqarorlik sabab bo‘lmoqda. Millionerlar soni 24,3 mingdan 22,6 minggacha kamaygan.

Henley & Partners ma’lumotiga ko‘ra, boylar urush boshlanishi bilanoq mamlakatni tark eta boshlagan. Isroil armiyasiga yiliga 68 mlrd dollar sarflanmoqda, iqtisodchilar esa xarajatlar bundan ancha ko‘pligini ta’kidlamoqda.

2024 yilda YaIM o‘sishi atigi 1 foiz bo‘ldi. Xususiy sektorda pasayish, eksport va investitsiyalar qisqardi. Davlat va aholi xarajatlari tufayli iqtisodiyot jon saqlamoqda.

Inflatsiya 3,8 foizga ko‘tarildi. Shu bilan birga, Isroil rahbarlari xalqaro sudlarda urush jinoyatlari va genotsid ishlari bo‘yicha javobgarga aylandi.

Bryusselda Ukraina xavfsizligi muhokama qilindi

Bryusselda Ukrainaga yordam berish bo‘yicha tashkil etilgan ixtiyoriylar koalitsiyasi davlatlarining mudofaa vazirlari uchrashdi. Uchrashuvda Kiyevda tinchlik o‘rnatilsa, mamlakat xavfsizligiga kafolat berish masalalari muhokama qilindi.

NATO qarorgohida o‘tgan uchrashuvga Britaniya va Fransiya tashabbuskorlik qildi. Unda 30 ta davlat vakillari ishtirok etdi. Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va Rossiyaga bosimni saqlab qolish kerakligini ta’kidladi.

Koalitsiyaning asosiy maqsadi — Ukrainaga hujum takrorlanmasligi uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash.

Britaniya va Fransiya ko‘p marta taklif qilgan tinchlikparvar missiya joylashtirish g‘oyasi ham muhokamadan o‘tdi. Kelgusi choralar yuzasidan maslahatlar davom etmoqda.

Turkiya: Moskva va Kiyev yo‘qotishlar miqyosini anglamayapti

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidanning aytishicha, Rossiya va Ukraina janglardagi yo‘qotishlar miqyosini to‘liq anglamayapti. CNN Türk telekanaliga bergan intervyusida u har ikki tomon «harbiy charchoq» holatiga tushganini aytdi.

Fidan Turkiya tinchlik muzokaralarida vositachilik qilishga tayyor ekanini, ammo bu uchun Kiyev va Moskva o‘rtasida kelishuv bo‘lishi shartligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning ishtirokini belgilaydigan «oltin qoida» — taraflarning o‘zaro roziligidir.

Vazir AQShning pozitsiyasi ham o‘zgarganini qayd etib, Tramp davrida Vashington Rossiya bilan to‘qnashuvdan saqlanishi mumkinligini aytdi. Bu esa diplomatiya uchun yangi imkoniyat yaratadi.

Fidan Turkiya mintaqada barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

AQSh va Rossiya Istanbulda muzokaralashdi

AQSh va Rossiya 10 aprel kuni Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng bildirilgan takliflarni tezkor ishlab chiqishga kelishib oldi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasman ma’lum qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat diplomatik missiyalari faoliyatini normallashtirish va o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar bank va moliya xizmatlarining uzluksiz amal qilishini ta’minlash, shuningdek, Rossiyaning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar budjetiga hissalarini o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

AQSh Davlat departamentining Rossiya bilan Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralar yuzasidan rasmiy bayonotida aytilishicha, ikki delegatsiya ikki tomonlama diplomatik vakolatxonalar uchun bank xizmatlarini barqarorlashtirish bo‘yicha kelishuvni yakunlash maqsadida notalar bilan almashdi.

Bu masala AQSh elchixonasining Moskvadagi barqaror faoliyatini ta’minlashdagi eng katta to‘siqlardan biri sifatida qayd etildi. AQSh Rossiyaning mahalliy xodimlarni yollashga qarshi siyosati bo‘yicha tashvish bildirdi.

Trampning qarori Oq uyni ham hayratda qoldirdi

Donald Tramp tomonidan ayrim tariflarni to‘satdan bekor qilishi hatto Oq uy ma’muriyatini ham noqulay ahvolga solib qo‘ydi. Washington Post nashrining yozishicha, prezident bu qarorni hech kim bilan maslahatlashmasdan, yolg‘iz o‘zi qabul qilgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u «yurakdan kelib chiqqan» qarorni avval Truth Social’da e’lon qilgan. Holbuki, shu kun ertalab uning ma’muriyati tariflar o‘zgarmasligini ta’kidlayotgan edi. Biroq tushga yaqin Tramp pozitsiyani keskin o‘zgartirdi: Xitoyga bojlar saqlanib qoldi, boshqa davlatlar uchun esa 90 kunlik tanaffus joriy etildi.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy importiga jami bojlarni 145 foizgacha ko‘tardi. Tramp ma’muriyati buni Pekinning «qabul qilib bo‘lmaydigan xatti-harakatlari»ga iqtisodiy javob deb atadi.

Boshqa davlatlarga yangi bojlar vaqtincha to‘xtatildi, ammo Xitoyga nisbatan choralar to‘liq kuchga kirdi.

Trampning 90 kunlik tanaffus to‘g‘risidagi so‘zlaridan keyin biroz tin olgan bozorlardagi pasayish, yana qulashga tushdi. Birgina shu oraliqdagi zarar 2 trln dollarga baholanmoqda.

Maskning Oq uydagi kunlari sanoqli

Ilon Mask 30 maygacha Donald Tramp ma’muriyatidan ketishi mumkin. Axios yozishicha, Kongressdagi 77 nafar demokrat prezidentga murojaat yo‘llab, Maskni barcha davlat vazifalaridan zudlik bilan ozod etishni talab qilgan.

Asosiy bahona — qonun talablari: maxsus davlat xodimi sifatida Mask lavozimda 130 kundan ortiq bo‘la olmaydi. Demokratlar uning qayta tayinlanishi faqat kompaniyalaridan voz kechish va kamida bir yillik tanaffusdan so‘ng mumkinligini ta’kidlamoqda.

Maskka qarshi kampaniya siyosiy va huquqiy bosim bilan davom etmoqda.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Ilon Mask unga aslida kerak emasligi, shunchaki bu yigitni yoqtirishi»ni aytdi.

AQShda migrantlarga kunlik 998 dollar jarima

AQShda noqonuniy migrantlar uchun kunlik 998 dollar miqdorida jarima tayyorlanmoqda. Donald Tramp ma’muriyati 1996 yilgi qonunni qayta ishga tushirmoqchi — u 2018 yilda qisman qo‘llangandi, endi esa oxirgi 5 yil uchun orqa sana bilan ishlatilishi mumkin.

Reuters’ga ko‘ra, ayrim migrantlar buning oqibatida 1 mln dollardan ortiq qarzga botishi mumkin. Agar to‘lov amalga oshirilmasa, hukumat ularning mulkini musodara qilib, sotishni rejalashtirmoqda.

Ushbu jarayonni chegara bojxona xizmati va Adliya vazirligi amalga oshiradi. Respublikachilar bu orqali deportatsiyalarni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan. AQShda ayni damda 1,4 milliondan ortiq noqonuniy migrant borligi aytilmoqda.

Yuristlar bu sanksiyalar qonuniy yashovchi odamlarga, xususan, aralash oilalarga ham ta’sir qilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. AQShda shunday 10 millionga yaqin oila bor.

AQSh TikTok’ni sotib olishdan voz kechdi

AQSh ma’muriyati TikTok’ni sotib olish rejasini bekor qildi. Fox Business ma’lumotiga ko‘ra, bu masala yaqin kelajakda ehtimolli emas, balkim umuman kun tartibidan chiqarilgan. Sabab — Xitoy bilan keskinlashgan savdo urushidir.

Prezident Donald Tramp bu qarorni tasdiqlab, TikTok’ni sotish masalasi ikki davlat o‘rtasidagi savdo nizosi hal qilinmaguncha muzlatilganini bildirdi. Unga ko‘ra, yaxshi va boy kompaniyalar bu platformani boshqarishga tayyor, ammo Xitoy hozircha kelishuv imzolashga shoshilmayapti.

«Avvalo, Xitoyning nima qilmoqchi ekanini kuzatishimiz kerak», — dedi Tramp Oq uydagi suhbatda.

Bu qaror TikTok atrofidagi siyosiy tortishuvlarni yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Mavzuga oid