Fan-texnika | 10:15 / 10.04.2025
8867
3 daqiqa o‘qiladi

Bastakorning miyasi o‘limdan keyin kuy «yaratishda» davom etmoqda

Avstraliyaning G‘arbiy san’at galereyasida o‘rnatilgan yangicha installyatsiyada tinglovchilar notiq orkestr emas, balki inson miyasining kichik fragmenti yaratayotgan simfoniyani eshitmoqda.

Foto: Revivification

Bu «mini-miya» allaqachon hayotdan ko‘z yumgan amerikalik avangard-kompozitor Elvin Lyusiye qonidan olingan hujayralardan laboratoriya sharoitida to‘rt yil davomida yetishtirilgan, deb xabar bermoqda The Guardian.

«Revivification» deb nomlangan loyiha san’atkorlar va neyrobiologlarni birlashtirib, ijod, hayot va ongning chegaralarini o‘rganishga urinadi. Markaziy element — inson miyasi faoliyatiga taqlid qiluvchi mikro tuzilma — tserebral organoid. U Lyusiye hayotlik payti topshirgan qondan olingan o‘zak hujayralar asosida yaratilgan.

Installyatsiya bir vaqtning o‘zida ham eshitiladigan, ham ko‘rinadigan shaklga ega: u 20 ta katta jyez plastinasidan iborat bo‘lib, devorlarga parabolik shaklda qiya egilib joylashtirilgan. Har bir plastina ortida neyron signallariga javob beruvchi dinamik va mexanik bolg‘acha joylashgan. Bu tizim mini-miyadan chiqadigan elektr impulslari orqali harakatga keladi va binoni g‘ayrioddiy musiqiy muhitga to‘ldiradi.

Loyiha shuning bilan ajralib turadiki, organoid nafaqat «musiqa ijro etadi», balki atrof-muhitdagi tovushlar — mehmonlar ovozlari yoki o‘zi yuzaga keltirgan akustik signallar orqali o‘ziga ta’sir ko‘rsatadi. Bu tovushlar elektr impulsiga aylantirilib, qayta organoidga uzatiladi — ya’ni yopiq sikl vujudga keladi. Mualliflarning ta’kidlashicha, bu organoid qanday o‘zgarayotganini va hatto o‘rganayotganini kuzatish imkonini beradi.

«Zinalardan piyoda pastga qarab tushayotganingizda, siz odatiy hayotni emas, balki boshqacha bir tirik narsani ko‘rasiz», — deydi loyiha hammuallifi, rassom Natan Tompson.

Elvin Lyusiye. Foto: Oilaviy arxivdan

Elvin Lyusiye hayotlik paytidayoq miya to‘lqinlari bilan musiqa yaratish ustida tajriba qilgan. U 1965 yilda «Music for Solo Performer» asari orqali EEG-signallardan musiqada foydalangan birinchi kompozitorga aylangan. Shu sababli organoidni uning «o‘limdan keyingi ijrochisi» sifatida ko‘rish loyihaning mantiqiy davomi hisoblanadi.

«U hayotlik paytidayoq: «men abadiy kuy yarataman», — deb va’da bergandi va ushbu tajribaga rozilik bergan», — deydi loyiha rahbarlaridan biri Gay Ben-Ari.

Bunday loyiha etik va falsafiy savollarni ham ko‘ndalang qo‘ymoqda: ongsiz miya yordamida yaratilgan ovozni haqiqiy ijod namunasi desa bo‘ladimi? San’at deganlari tirik ong bilan bog‘liq bo‘lishi shartmi?

Mavzuga oid