AQSh deportatsiyaga duchor bo‘lgan noqonuniy migrantlarga kunlik jarima joriy etmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati sud qaroriga qaramasdan mamlakatni tark etmagan migrantlarga nisbatan keng qamrovli jarima siyosatini amalga oshirmoqchi: ularga kuniga qariyb ming dollarlik jarimalar solinadi. Shuningdek, mol-mulki ham musodara etilishi mumkin.

Foto: CNN
Reuters agentligi tanishgan hujjatlarga ko‘ra, deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan migrantlar AQSh hududini tark etmagan taqdirda kuniga 998 dollar miqdorida jarimaga tortiladi. Agar jarima to‘lanmasa, ularning mulki musodara qilinadi.
Bu sanksiyalar 1996 yilda qabul qilingan qonunga asoslanadi. U ilk bor Trampning birinchi prezidentlik muddatida — 2018 yili qo‘llangan edi.
Ma’muriyatning yuqori lavozimli rasmiylaridan biri anonimlik sharti bilan ma’lum qilishicha, ushbu jarimalarni besh yil orqa sanadan qo‘llash rejasi bor. Bu esa 1 mln dollardan ortiq jarima yig‘ilishiga olib kelishi mumkin.
Reuters agentligi tanishgan hukumatning elektron maktublariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati jarima to‘lamaydigan migrantlarning mulkini musodara qilish imkoniyatini ham o‘rganmoqda. Bu vazifa bilan AQSh Bojxona va chegara xizmati shug‘ullanadi. Bundan tashqari, Adliya vazirligining fuqarolik aktivlarini musodara qilish bo‘limi ham musodara jarayonida qatnashishi mumkin.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibi Trisha Maklaflin Reuters agentligiga bergan izohida mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketayotgan migrantlar maxsus mobil ilovadan foydalanib, «o‘z xohishlari bilan deportatsiya qilinib, mamlakatni darhol tark etishlari shart», dedi. Bu ilova avval CBP One nomi bilan tanilgan, Tramp davrida esa CBP Home deb qayta nomlangan.
«Agar ular bunday qilmasalar, oqibati bo‘ladi. Har bir kun uchun 998 dollarlik jarima — bu noqonuniy xorijiy shaxs deportatsiya qarorini bajarmasdan o‘tkazib yuborgan har bir kuni uchun jazodir», — dedi Maklaflin.
Ichki xavfsizlik vazirligi 31 mart kuni ijtimoiy tarmoqdagi xabar orqali bu jarimalar joriy etilishidan ogohlantirgan.
Reuters o‘rganib chiqqan hukumat maktublariga ko‘ra, Oq uy Bojxona va chegara xizmatiga jarimalarni undirish, jarima to‘lanmagan hollarda mulkni musodara qilish va uning aktivlarini sotish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishni topshirgan.
Rejalashtirilayotgan jarimalar 1,4 mln atrofidagi migrantlarga taalluqli bo‘lib, ular immigratsiya sudi qaroriga ko‘ra deportatsiya qilinishi kerak.
Mavzuga oid

17:26
Oq uy Trampning tibbiy ko‘rik natijalarini e’lon qildi

17:02
Xitoy avtomobil va elektronika uchun zarur og‘ir nodir metallar eksportini chekladi

16:52
Tramp boj urushi bilan o‘z maqsadiga erisha oladimi? Moliyachi va iqtisodchi suhbati

16:18