«O‘lim zonasi» yaratayotgan Isroil, Kremldan otashkesim uchun shartlar va bojlar zaruriyatini tushuntirgan Tramp - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil havo hujumlarining navbatdagi qurbonlari
Isroil armiyasining G‘azodagi navbatdagi havo hujumlari oqibatida 27 falastinlik halok bo‘ldi. Dayr-ul-Balah va Xon Yunusdagi turar joy binolari vayron qilingan. O‘lganlar orasida bolalar ham bor.
Dayr-ul-Balah va Xon Yunus shaharlaridagi zarbalardan biri Nossir shifoxonasi yonida joylashgan jurnalistlar lageriga to‘g‘ri kelgan. Hujum oqibatida falastinlik jurnalist Hilmi al-Faqaviy halok bo‘ldi. Guvohlarning aytishicha, u chodir ichida tiriklay yonib ketgan. Yana to‘qqiz nafar jurnalist jarohatlangan.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 18 martdan buyon qaytalangan agressiya oqibatida 505 bola halok bo‘lgan, 1249 bola yaralangan. Hujumlar vaqtida 271 ayol va 86 qariya ham halok bo‘lgan.
7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyotlari natijasida halok bo‘lganlar soni 50 752 nafarga yetdi. Odamlar turar joylari va hayot kechirish uchun zarur narsalaridan mahrum bo‘lgan. G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar 210 nafarni tashkil qilmoqda.
Isroil G‘azoda «o‘lim zonasi» yaratmoqchi
Isroil armiyasi G‘azo atrofidagi keng hududni vayron qilib, u yerda yashagan barcha aholini chiqarib yubordi. Guardian nashriga ko‘ra, bu hududda har qanday inson ko‘zga tashlansa, unga qarata o‘q uziladigan «o‘lim zonasi» tashkil etilmoqda.
Harbiylar 1 kmgacha ichki hududdagi barcha uylarni, bog‘lar va bino-inshootlarni yo‘q qilmoqda. Bu orqali yaqinlashib bo‘lmaydigan bufer hudud yaratish ko‘zlangan. «Breaking the Silence» tashkiloti ma’lum qilishicha, harbiylarga uylar, maktablar, masjidlar va hatto qabristonlarni ham tekislash buyrug‘i berilgan.
Ayrim askarlar bu harakatlarni etnik tozalash deb baholagan. Isroil askarlarining guvohlik berishicha, bu hududda «fuqarolar yo‘q» deb hisoblangan va har qanday odam «terrorchi» sifatida o‘qqa tutilgan. Hatto ayol va bolalarga nisbatan ham o‘t ochish buyrug‘i berilgan.
Bu orada Isroil ultrao‘ng millatchi moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘azoga hech qanday humanitar yordam kiritilmasligini ma’lum qildi: «Hatto bir dona bug‘doy doni ham G‘azoga kirmaydi», — dedi u.
2 mart kuni asirlar almashinuvining birinchi bosqichi tugaganidan so‘ng Isroil eksklavga yordam yetkazishni to‘liq to‘xtatgan. BMT agentliklari ma’lumoticha, G‘azodagi 2,3 mln falastinlik aholi ocharchilik yoqasida turibdi.
Kremldan otashkesim uchun shartlar
Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor, ammo xavfsizlik bilan bog‘liq qator shartlar ilgari surilmoqda.
Kreml rasmiysi Dmitriy Peskovning aytishicha, Moskva Kiyev armiyasining qayta qurollanishi va ekstremistik guruhlar ustidan nazoratning yo‘qligidan tashvishda. Unga ko‘ra, Ukrainadagi ayrim millatchi tuzilmalar Kiyev buyrug‘ini inkor etmoqda.
Kreml tinchlik kerakligini tan olsa-da, Rossiyaning milliy manfaatlari kafolatlanishi shartligini ta’kidlamoqda. AQSh taklif etgan 30 kunlik otashkesim rejasiga Ukraina rozi bo‘ldi, ammo Rossiya tomoni “nyuanslar” borligini aytdi.
Ayni paytda, Qora dengizdagi navigatsiya xavfsizligi va energetika obektlariga zarba bermaslik bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Biroq tomonlar bir-birini kelishuvni buzishda ayblashda davom etmoqda.
Rossiya nefti o‘z qiymatining 25 foizini yo‘qotdi
Rossiya nefti Urals narxi bir barreliga 50 dollar atrofiga tushib ketdi. Bu davlat budjeti uchun asos qilib olingan 70 dollarlik ko‘rsatkichdan ancha past.
Shuningdek, 50 dollarlik neft Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon qayd etilgan eng past narxlardan biri sanaladi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Primorsk portidagi yuklash narxi barreliga 52,76 dollarga tushmoqda. Umuman, narx o‘rnatishda etalon sifatida ishlatiladigan Brent markali neftning narxi ham 12,5 foizga pasayib, barreliga 65,5 dollarni tashkil etmoqda.
Bunday narx pastlashi oqibatida Rossiya budjetida 1 foizgacha taqchillik vujudga kelishi mumkin. ING tahlilchilariga ko‘ra, global retsessiya xavfidan cho‘chish oqibatida neftga bo‘lgan talab kuniga 1 mln barrelgacha pasayib ketish ehtimoli bor.
Tramp Xitoyga yangi 50 foizlik boj solmoqchi
Dunyoda qaynoq urush bilan birga savdo urushlari ham avj olmoqda. Endi shu haqda eng asosiy yangiliklarga o‘tamiz.
AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy 8 aprelgacha 34 foizlik javob bojlarini bekor qilmasa, 9 apreldan 50 foizlik yangi bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Bu holda Xitoy importi uchun umumiy bojlar 104 foizga yetadi.
Tramp bojlar masalasida Pekin bilan muzokaralar o‘tkazmasligini ta’kidladi. Ayni paytda u boshqa davlatlar bilan boj siyosati yuzasidan muzokaralar «darhol» boshlanishini bildirdi, lekin qaysi davlatlar ekani aniq emas.
Tramp Xitoyni «noqonuniy subsidiyalar, valuta manipulyatsiyasi va uzoq muddatli boj siyosati»da ayblaydi. Uning ta’kidlashicha, AQSh o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha choralar ko‘radi.
Xitoy esa AQSh boj siyosatiga javob tarifi bilan javob qaytarganini va xalqaro savdo qoidalari buzilganini ta’kidlab kelmoqda.
Tramp bojlari bozorlarni qulatmoqda
AQSh Prezidentining barcha davlatlarga boj joriy etish qarori jahon bo‘ylab tanqidlarga sabab bo‘ldi. Fond bozorlarida indekclar keskin tushib ketdi, neft narxlari pasaydi. Ekspertlar Trampning yangi boj siyosati global iqtisodiyotda qo‘rquvni oshirib, dunyoni retsessiya yoqasiga olib kelayotgani, global inflatsiya kuchayishi va iqtisodiy o‘sish sekinlashishidan ogohlantirmoqda.
S&P 500 indeksi fyucherslari 5000 punktdan pastga tushdi va fevraldagi yuqori nuqtadan 20 foizga pasaydi. Nasdaq 100 esa bu holatga juma kuniyoq yuzma-yuz kelgan.
Uchinchi kunga kelib S&P 500 12,5 foiz qiymatini yo‘qotdi — bunday qulash so‘nggi marta 2008 va 1987 yillarda kuzatilgan edi.
Tesla aksiyalari 7 aprel kuni 10 foizdan ortiq pasayib, 214,80 dollarga tushdi. Bu tarixiy pastlash bo‘lib, Bloomberg agentligiga ko‘ra, psixologik nuqtadan ham pastga qulashni anglatadi.
Tesla aksiyalari avvalroq Trampning saylovda g‘alabasi ortidan keskin oshgandi, ammo Ilon Maskning siyosiy bayonotlari hamda Xitoy bozoridagi ishonchsizlik talabga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ekspertlar fikricha, Xitoy iste’molchilari allaqachon mahalliy mashinalarni afzal ko‘rishni boshlagan. Bir qator xorijiy avtoishlabchiqaruvchilar ham AQShga avtomobil eksport qilishdan tiyila boshlagan.
Tramp bojlar nega kerakligini tushuntirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp savdo bojlari tufayli fond bozorida yuz bergan pasayishlarni izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning niyati bozorlarni qulatish bo‘lmagan, biroq iqtisodiy muvozanatni tiklash uchun ayrim choralarga zaruriyat bo‘lgan.
Tramp 6 aprel kuni o‘z samolyoti sahnida intervyu bera turib, kiritilayotgan bojlarni Xitoy bilan savdo defitsitini bartaraf etish vositasi sifatida targ‘ib qildi. Unga ko‘ra, AQSh har yili yuz milliardlab dollar yo‘qotmoqda, toki Pekin profitsitni yo‘qotmas ekan, muzokaralardan manfaat bo‘lmaydi.
Ilon Mask esa bu siyosatga qarshi chiqib, AQSh va Yevropa o‘rtasida erkin savdo hududi yaratishni taklif qildi. Uningcha, barcha bojlar bekor qilinishi kerak.
2 aprelda e’lon qilingan «o‘zaro bojlar» ortidan S&P 500 indeksi ikki kun ichida 10 foizgacha quladi. Bu so‘nggi 85 yildagi eng tez pasayishlardan biri hisoblandi.
Yevroittifoq Trampga 15 aprelda javob qaytaradi
Yevropa Ittifoqi AQSh bojlariga qarshi javob choralarini 15 apreldan amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Marosh Shefchovich ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, birinchi bosqichdagi bojlar aynan shu kuni kuchga kiradi, qolganlari esa 15 maydan joriy etiladi. Shu bilan birga, Bryussel muzokaralar o‘tkazishga ochiqligini bildirgan, biroq «abadiy kutmaydi», deyiladi bayonotda.
Avvalroq Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Trampga sanoat mahsulotlari uchun barcha bojlarni bekor qilishni taklif etgan, biroq javob olmaganini aytgandi.
Yevropa Ittifoqi endi savdo aloqalarini Hindiston, Tailand, Malayziya va Indoneziya kabi davlatlar bilan kengaytirishni maqsad qilgan.
Mavzuga oid

13:28 / 16.04.2025
G‘azoda tinchlikka yangi umid, Turkiya ta’siridan xavotirga tushgan Isroil va Trampdan Putinga so‘nggi muhlat - kun dayjesti

13:45 / 15.04.2025
G‘azodagi strategiyani o‘zgartirayotgan Isroil, yana Zelenskiyni ayblagan Tramp va AQShdan bojlarni bekor qilishni so‘ragan Xitoy - kun dayjesti

13:23 / 14.04.2025
HAMASning omon qolgan tunnellari, Sumi shahriga vayronkor hujum va Bayden sanksiyalarini uzaytirgan Tramp - kun dayjesti

14:26 / 12.04.2025