AQSh va Eron munosabatlaridagi keskinlashuv. Tehronda qanday variantlar bor?
Tramp agar AQSh bilan yadroviy kelishuvdan bosh torsa, Eronni bombalash bilan tahdid qilgan. Tehron esa allaqachon «qat’iy javob» qaytarishni va’da qildi. Ammo bu aynan qanday javob bo‘ladi? Va bunga Isroilning nima daxli bor?

DigitalGlobe / Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron yangi yadroviy kelishuvdan bosh tortadigan bo‘lsa, Eronni keng ko‘lamli bombardimon qilish bilan tahdid qilmoqda. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Tehron bilan kelishuv tuzishni afzal ko‘rishini ta’kidlamoqda – Trampning avvalgi prezidentligi davrida AQShning o‘zi Eron bilan yadroviy kelishuvni tark etgandi. Vashington Tehrondagi hukumatga bosimni kuchaytirmoqda va allaqachon Yaqin Sharq mintaqasidagi aviatashuvchilari sonini ko‘paytirmoqda. Trampning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar murosaga kelish imkoniyatini muhokama qilish uchun shu haftada «juda katta uchrashuv» o‘tkazadi. Bungacha Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralardan bosh tortayotgan, mamlakatning ma’naviy rahnamosi Ali Xominaiy esa AQSh hujum qilgan taqdirda «qattiq javob»ga duch kelishidan ogohlantirgandi. Lekin bu aynan qanday javob bo‘lishi mumkin? «Meduza» Eron islom respublikasida qanday variantlar borligi va nima uchun butun dunyo bo‘ylab AQSh va Isroil fuqarolari xavf ostida qolishi mumkinligi haqida hikoya qiladi.
Vashingtonning Eronga hujum qilish uchun ikkita ssenariysi bor. Mamlakatni bombardimon qilishni (asosiysi, Natanz va Fordodagi ikkita yadroviy obekt) AQSh armiyasi Isroil harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda amalga oshirishi yoki operatsiyani to‘liq Isroil o‘z zimmasiga olishi mumkin. Bunday zarbalar natijasini oldindan aytish umuman qiyin emas: Eron havo mudofaasi qarshilik ko‘rsata olishi dargumon – va ikkala yadroviy obektning yerusti infratuzilmasi yo‘q qilinadi. Agar operatsiyaga Amerikaning B-2 bombardimonchi samolyotlari va bunkerga qarshi qo‘llanuvchi GBU-57 bombalari jalb etilnsa, ularning yer ostidagi qismiga ham sezilarli zarar yetkaziladi.
Eron ehtimoliy hujumlarga qarshi mudofaa strategiyasida asosiy e’tiborni AQSh va Isroilga javob zarbasi berishga qaratadi. To‘g‘ri, so‘nggi bir yil ichida Eron rasmiylarining imkoniyatlari sezilarli darajada kamaydi. Ularning ittifoqchilaridan biri – Livandagi «Hizbulloh» tashkiloti Isroil bosqini natijasida jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. Boshqasi – Suriyadagi Bashar Asad rejimi – umuman yo‘q bo‘lib ketdi.
Shuning uchun Tehron ehtimoliy javob zarbasini o‘ylaganda, mintaqadagi hamkorlariga emas, birinchi navbatda o‘z kuchlariga tayanishga majbur. Shunga qaramay, Islom Respublikasida Eron turli xil kombinatsiyalarda foydalanishi mumkin bo‘lgan yetarli imkoniyatlar mavjud.
Birinchi variant: Isroil bo‘ylab javob zarbasi
Tehronning AQSh va Isroil harbiylarining ehtimoliy qo‘shma operatsiyasiga mantiqiy javobi Isroil hududiga zarbalar bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, Eron 2024 yilda ham raketalari va dronlari bilan ushbu mamlakatga ikki marta hujum qilgandi (garchi ular faqat cheklangan zarar yetkazgan bo‘lsa-da). Xususan, ikkinchi hujum amaliyoti vaqtida Eron 200 ga yaqin ballistik raketalardan foydalangan, ularning ba’zilari Isroil havo mudofaa tizimi himoyasidan o‘tgan va «Nevatim» harbiy bazasidagi inshootlarga zarar yetkazgan.
Albatta, Isroil hududiga berilgan avvalgi zarbalarda Tehron o‘zining barcha harbiy salohiyatini namoyish etmagan. Biroq, Isroil havo hujumidan mudofaa nuqtayi nazaridan eng himoyalangan hududlardan biri bo‘lib qolmoqda, ya’ni Eronning javobi uchun murakkab nishon. Shuning uchun Isroilga javob zarbasini voqealar rivojining asosiy ssenariysi sifatida ko‘rib chiqish kerak emas.
Ikkinchi variant: Amerikaning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga zarba
AQSh harbiy bazalari mintaqaning turli qismlarida joylashgan: Bahrayn, Misr, Iroq, Isroil, Iordaniya, Kuvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni, Suriya va Birlashgan Arab Amirliklari. 2024 yil oxirida Yaqin Sharqdagi Amerika harbiylarining umumiy soni taxminan 40 ming kishiga baholangan.
Bunday bazalar allaqachon bir necha bor eronparast kuchlar hujumiga uchragan. 2024 yil yanvar oyida Iroqdagi shialar guruhi tomonidan uchirilgan Eron droni Iordaniyadagi harbiy bazaning havo mudofaasini yorib o‘tgandi. O‘shanda uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan.
2020 yil yanvarida Eron generali Qosim Sulaymoniy Donald Tramp buyrug‘i bilan o‘ldirilgandan so‘ng, Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-kosmik kuchlari Amerikaning Iroqdagi ikkita obektiga zarba bergandi. O‘shanda 100 dan ortiq harbiy kontuziyaga uchragan.
AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari Eronning javob zarbasi uchun eng ehtimoliy nishonlardan biri bo‘lib ko‘rinmoqda. Ular butun mintaqa bo‘ylab sochilib ketgan – bu esa ularning mudofaasini murakkablashtiradi. O‘tgan tajriba shuni ko‘rsatdiki, AQSh harbiy obektlarining havo mudofaasini yorib o‘tish Isroilning zich va ko‘p qatlamli mudofaa tizimiga kirishdan ko‘ra ancha osonroq. Bunday zarba holatidagi asosiy tahdid AQSh harbiy-havo kuchlarining muqarrar javobidir.
Uchinchi variant: AQShning boshqa ittifoqchilariga zarba
Eron amal qiladigan assimetrik urush konsepsiyasiga ko‘ra, Amerika ittifoqchilari Vashingtonga bosim o‘tkazish vositasiga aylanishi mumkin. Shu bois, Tehron Saudiya Arabistoni, Kuvayt, BAA, Qatar, Bahrayn yoki Iroqqa javob zarbasi berishi mumkin.
Eron allaqachon mintaqa davlatlarini AQShning ehtimoliy operatsiyasini har qanday qo‘llab-quvvatlashni dushmanlik harakati sifatida ko‘rishi haqida ogohlantirgani bejiz emas. AQSh harbiylari tomonidan ushbu davlatlarning havo hududi yoki hududidan foydalanish ham shunga kiradi.
Tehron Ar-Riyod bilan munosabatlarni yaqinda tiklagandi va shu fonda Saudiya Arabistoni 2024 yilda Isroil va Eron o‘rtasidagi zarbalar almashinuvida o‘zini betaraf tutdi. Eron tomoni shundoq ham murakkab vaziyatida Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari bilan munosabatlarni qasddan buzishni istashi dargumon. Shuning uchun bu davlatlar hududidagi Amerika harbiy bazalarigina hujumga uchrashi mumkin. Boshqa obektlarga zarba berilishiga esa faqat alohida holatlarda qo‘l uriladi va bu mojaroni aniq keskinlashtirish bo‘ladi.
To‘rtinchi variant: Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish
So‘nggi o‘n yilliklarda Amerika tajovuzi sodir bo‘lgan holatlarda Eron muntazam ravishda Hormuz bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qilib keladi. Ushbu yo‘lak jahon uglevodorod bozori uchun muhim ahamiyatga ega. Dunyo neftining taxminan 1/6 qismi va suyultirilgan gazning 1/3 qismi shu yerdan o‘tadi. Bunday qadam butun dunyodagi iqtisodiy vaziyatni jiddiy izdan chiqarishi mumkin. Misollarni uzoqdan izlashning hojati yo‘q: Yamandagi kamtargina husiychilar tijorat kemalarining Qizil dengiz orqali o‘tishiga to‘sqinlik qilishda muvaffaqiyatli harakatlanmoqda.
Lekin bu variantdagi muammo boshqa joyda. Hormuz bo‘g‘ozi bugungi kunda birinchi navbatda AQSh emas, Xitoyga kerak: Xitoy import qiladigan neftning qariyb yarmi shu yo‘nalish orqali o‘tadi. Bunday qadam AQSh manfaatlariga faqat bilvosita zarar yetkazadi, ammo shu bilan birga Tehronning asosiy savdo sherigi – Pekin bilan munosabatlarni buzadi.
Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi jahon iqtisodiyoti uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib keladigan qadam bo‘lib, bu yo‘lakni to‘sib qo‘yish Eron uchun juda oson. Shunga qaramay, Xitoyning manfaatlari tufayli bunday variant ehtimoli pastligicha qolmoqda.
Beshinchi variant: Erondagi AQSh fuqarolari hibsga olinishi
Qo‘sh fuqarolikka ega bo‘lgan eronliklardan garov sifatida foydalanish – Islom Respublikasi uchun odatiy taktikadir. 1979 yilgi inqilobdan so‘ng AQShda eronliklarning yirik diasporasi shakllangan bo‘lib, ularning ko‘plab vakillari o‘z vatanlari bilan aloqani yo‘qotmagan. Shuning uchun mamlakatda AQSh va Eron fuqaroligiga ega bo‘lgan ko‘plab odamlar yashaydi.
Eron hukumati ulardan ko‘pincha siyosiy maqsadlarda foydalanadi. Amerika fuqaroligi egalari hibsga olinib, keyin AQShdagi Tehrondagi rejim uchun muhim bo‘lgan mahbuslarga almashtiriladi. Yoki Vashingtonga bosim o‘tkazish uchun. 2023 yilda Eron hukumati Janubiy Koreya banklarida muzlatilgan olti milliard dollarni olish evaziga Amerikaning besh nafar fuqarosini ozod qilgandi.
Bunday variant Eron uchun eng og‘riqsiz ko‘rinadi: hokimiyat qarshilik ko‘rsata olmaydigan odamlarga qarshi o‘z yurisdiksiyasi doirasida harakat qiladi. Darvoqe, bunday tadbirdan alohida samara ham kutish kerak emas. Bir necha fuqaro hibsga olinishi Tramp ma’muriyati uchun katta zarba bo‘lishi dargumon.
Oltinchi variant: butun dunyo bo‘ylab AQSh va Isroil fuqarolariga suiqasdlar
O‘tmishda Tehron bir necha bor Isroil va AQShning harakatlariga ushbu mamlakatlarning dunyoning turli nuqtalaridagi diplomatik obektlariga yoki ularning fuqarolariga hujumlar bilan javob qaytargan. Eng mashhur misollar – 1983 yilda Bayrutdagi Amerika va Fransiya tinchlikparvar kuchlari kazarmalarida hamda 1992 yilda Buenos-Ayresdagi Isroil elchixonasidagi portlashlar.
Biroq so‘nggi paytlarda Eron bunday operatsiyalarni kamdan kam hollarda muvaffaqiyatli o‘tkaza oldi. Isroil va AQSh xavfsizlik kuchlari bunday tahdidlarning oldini olishni o‘rgandi. Xususan, 2022 yilda Eron maxsus xizmatlari Turkiyada Isroil fuqarolariga suiqasd uyushtirishga uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Eron tomoni haqiqatan ham terrorchilik usullariga murojaat qilishi mumkin va potensial nishonlar juda ko‘pligi hisobga olinsa, bunday ssenariy Tehron raqiblari uchun eng og‘riqli ssenariylardan biriga aylanishi mumkin.
Yettinchi variant: yadro quroli yaratish
Eronda yadro qurolini ishlab chiqishga qaytish zarurligi haqidagi munozaralar 2024 yildayoq faollashgan edi. Ular Amerika prezidentining tahdidlaridan so‘ng yangi kuch bilan alanga oldi. 6 aprel kuni Eron parlamenti (Majlisi) deputati Muhammad Qosim Usmoniy mamlakat o‘zini himoya qilishining yadro quroli yaratishdan boshqa yo‘li yo‘qligini aytdi.
Tehron Isroil va AQShning ehtimoliy zarbalarini ortga qaytmas nuqta sifatida qabul qilishi va yadroviy qurol ishlab chiqish masalasida o‘zini cheklashni to‘xtatishi ehtimoli yuqori. Biroq, asosiy yadroviy obektlarga ehtimoliy hujumlar mamlakatni texnologik jihatdan bir necha yil ortga uloqtiradi. Atom infratuzilmasini tiklash bir necha yil talab etiladi. Shunga qaramay, uzoq muddatli istiqbolda Eronning yadro qurolini ishlab chiqishi Yaqin Sharqdagi xavfsizlik va barqarorlik uchun eng xavotirli tahdidlardan biriga aylanishi mumkin.
Mavzuga oid

21:18 / 16.04.2025
Tramp o‘zini tanqid qilgan Baydenga javob qaytardi

16:50 / 16.04.2025
Bayden Oq uyni tark etganidan keyin birinchi marta Trampni tanqid qildi

13:50 / 16.04.2025
WSJ: Maslahatchilar Trampni Rossiyaga yondashuvni kuchaytirishga chaqirmoqda

13:29 / 16.04.2025