Jahon | 18:44
1502
3 daqiqa o‘qiladi

Van Gogning so‘nggi kartinasi bilan bog‘liq sud mojarolari yakunlandi

«Daraxt ildizlari» asari niderlandiyalik impressionist tomonidan Over-syur-Uazda chizilgan so‘nggi kartina hisoblanadi.

Foto: Vincent Van Gogh Foundation

Niderlandiyalik rassom Vinsent Van Gog hayotining so‘nggi soatlarida chizgan «Daraxt ildizlari» kartinasi bilan bog‘liq sud jarayonlari yakunlandi, deb xabar beradi Euronews.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Van Gog «Daraxt ildizlari» kartinasini Parij yaqinidagi bug‘doy dalasida o‘z joniga qasd qilgan kunda chizgan. Over-syur-Uazdagi ushbu joy oradan 130 yildan oshiq vaqt o‘tib, san’at olamidagi eng qizg‘in huquqiy mojarolardan birining markaziga aylandi.

2020 yilda Van Gog o‘zining oxirgi kartinasini Over-syur-Uaz qishlog‘idagi bog‘da yaratgani aniqlangan. Bog‘ Dobini ko‘chasidagi 48-uyda istiqomat qiluvchi Jan-Fransua va Elen Serlingerga tegishli. Ular hozirda mazkur hududni san’at ixlosmandlari uchun ekskursiya uyushtiradigan maskanga aylantirgan (u yerga tashrif buyurish uchun 8 yevro to‘lash kerak).

Ammo mer Izabel Mezer ushbu maydon jamoat yo‘lining bir qismi ekanini ta’kidlab, sud jarayonlarini boshlagan. Serlingerlar esa yerni 2013 yilda, uning ahamiyati ma’lum bo‘lishidan ancha oldin sotib olganliklarini bildirgan.

Sud 2023 yilda er-xotin foydasiga qaror chiqargan, endi bo‘lsa, Versal apellyatsiya sudi ushbu qarorni tasdiqlab, uzoq yillik bahsga yakun yasadi.

«Vinsent Van Gog kartinasida tasvirlangan daraxt ildizlari joylashgan qiyalik jamoat yo‘lining bir qismi hisoblanmaydi», — deyiladi sud qarorida.

Qaror e’lon qilinganidan keyin Mezer ijtimoiy tarmoqlarda bunga e’tiroz bildirib, sud jarayonlarini davom ettirishga va’da berdi: «Ushbu ildizlar tovar emas — ular Over aholisiga tegishli».

Niderlandiyalik rassom asarida tasvirlangan daraxt ildizlari Fransiyadagi Van Gog instituti ilmiy direktori Vauter van der Vin tomonidan aniqlangan edi. U kartinada tasvirlangan joy Over-syur-Uaz qishlog‘ining bir chekkasi ekanini payqab qolgan.

Amsterdamdagi Van Gog muzeyi ma’lumotlariga ko‘ra, Van Gog «Daraxt ildizlari» ustidagi ishini tugangan kun bug‘doy dalasiga chiqib, to‘pponchadan o‘z ko‘ksiga o‘q uzgan. U oradan ikki kun o‘tgach, 1890 yil 29 iyulda vafot etgan.

Mavzuga oid