Jahon | 17:02
3669
5 daqiqa o‘qiladi

The Atlantic muharriri qanday qilib Tramp jamoasining yopiq chatiga kirib qolgani ma’lum bo‘ldi

Mayk Uolsning ayfoni tasodifan jurnalistning telefon raqamini boshqa shaxs nomiga saqlab olgan.

Skip Bolen / Getty Images

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols mart oyida The Atlantic jurnali bosh muharriri Jyeffri Goldbergni Signal messenjeridagi Yaman husiychilariga hujum muhokama qilingan yopiq chatga qo‘shishiga bir necha oy oldin uning telefon raqamini ayfondagi yon daftarchasida boshqa odam nomi bilan saqlab olgani sabab bo‘lgan. Bu Oq uy tomonidan o‘tkazilgan ichki tekshiruv davomida ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi The Guardian nashri 6 aprel kuni manbalarga tayanib. Ma’lumotni CBS News manbalari tasdiqlagan. Oq uy bunga izoh bermadi.

Oq uyning axborot texnologiyalari bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan ichki tergov «2024 yilgi kampaniya paytida boshlangan va Uols o‘tgan oyda guruh chatini yaratmaguncha e’tibordan chetda qolgan xatoliklar seriyasini aniqladi», deb yozadi The Guardian.

Ichki tergov natijalaridan xabardor manbalar aytishicha, hammasi Jyeffri Goldberg 2024 yil oktyabr oyida Donald Trampning saylovoldi shtabidan yarador harbiylar haqidagi so‘zlari uchun Tramp tanqid qilingan maqolaga izoh berishni so‘raganidan boshlangan.

Keyinchalik, manbalarga ko‘ra, voqealar quyidagicha rivojlangan:

  • Trampning saylovoldi shtabi Goldbergning xatini Trampning o‘sha paytdagi matbuot kotibi Brayan Hyuz nomiga yuboradi;
  • Hyuz Goldbergning xatini, jumladan, jurnalistning telefon raqami yozilgan qismini ko‘chirib oladi va uni maqola tayyorlanayotganidan xabardor qilish uchun Mayk Uolsga yuboradi;
  • Uolsning ayfoni esa smsda ko‘rsatilgan Goldbergning telefon raqamini Brayan Hyuzning yangi raqami sifatida saqlab qoladi.

Shundan so‘ng, CBS News qayd etishicha, Uols muntazam ravishda Hyuz bilan qo‘ng‘iroqlashgan va xabarlar almashgan. Shu bilan birga, Uolsning telefoni u mart oyida Saudiya Arabistonining Jidda shahriga kelguniga qadar Goldberg va Hyuzning raqamlarini chalkashtirmagan (AQSh u yerda Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar olib borgandi). Tergov shuni ko‘rsatdiki, Uols ham, Hyuz ham Goldberg bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘lmagan.

Uols 13 mart kuni Milliy xavfsizlik kengashi vakili lavozimini egallab turgan Hyuzni Signal messenjeridagi yuqori martabali amerikalik rasmiylar husiychilarga hujumni muhokama qilgan chatga qo‘shmoqchi bo‘ladi, ammo buning o‘rniga Goldbergni taklif qiladi. Chatga Goldberg JG initsialida kirgan, biroq Tramp jamoasi a’zolaridan hech biri buni payqamagan, dedi manbalar. CBS News suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, The Atlantic o‘z materialini nashr etishdan bir necha soat oldin izoh olish uchun Oq uyga murojaat qilmaguncha, ma’muriyat Goldberg maxfiy chatda bo‘lganini bilmagan.

Ro‘y bergan hodisadan keyin Uols Goldberg bilan biror marta uchrashmagan va gaplashmagan. Oq uyning ichki tergovi ishtirokchilari Uols va Goldbergning qanchalik bog‘liqligini aniqlay olmagan. Goldberg The Guardian nashriga bergan izohida shunday deydi: «Men Mayk Uols bilan munosabatlarimni izohlamoqchi emasman, faqat uni taniyman va u bilan suhbatlashganman».

Manbalarga ko‘ra, Donald Tramp ichki tergov natijalarini mart oyi oxirida olgan, shundan so‘ng Uolsni ishdan bo‘shatmaslikka qaror qilgan. The Guardian nashri yozishicha, Tramp «ishdan bo‘shatish haqida uzoq o‘ylamagan», biroq uni Uols harbiy operatsiyani Signal’da muhokama qilgani emas, balki unda The Atlantic jurnalistining telefon raqami borligi ko‘proq g‘azablantirgan. Gazetaning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti The Atlantic nashridan «nafratlanadi». Oxir-oqibat, Tramp Uolsni ishdan bo‘shatish rejasidan voz kechadi, chunki u jurnalistlar yuqori martabali rasmiyning iste’fosiga erishdik deb o‘ylashini istamasdi. Tramp Uolsning uzrini qabul qiladi va «Signalgeyt» nomini olgan voqeada uni oshkora himoya qiladi.

Mavzuga oid