Jahon | 00:59 / 07.04.2025
3100
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyada hali ham 100 dan ortiq kimyoviy qurol omborlari mavjud - NYT

Suriyada Bashar Asad rejimi foydalanib kelgan kimyoviy qurol omborlari hali ham mavjud ekani ma’lum qilindi.

Foto: Reuters

Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin kimyoviy qurollarni saqlashga mo‘ljallangan 100 dan ortiq obektlar saqlanib qolmoqda. Bu haqda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) ma’lumotlariga tayanib, The New York Times xabar berdi.

Tashqi tadqiqotchilar, notijoriy guruhlar va razvedka tomonidan qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyada fuqarolik urushi vaqtida isyonchilar hamda tinch aholiga qarshi foydanailgan kimyoviy qurol omborlari hali ham mavjud.

Ta’kidlanishicha, Bashar Asad rejimi tarkibida zarin, xlor va iprit kabi zaharli moddalar mavjud qurollardan foydalangan. Urushning dastlabki yilida hukumat kimyoviy qurollar ishlab chiqarish va saqlash bo‘yicha 27 ta obekt borligini tan olgan. KQTT ekspertlari mazkur obektlarni ko‘zdan kechirib, ularni yopish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq rejim kimyoviy qurollardan kamida 2018 yilga qadar foydalanib kelgan. Bundan tashqari, Asad hukumati asosiy kimyoviy vositalarni import qilish bilan ham shug‘ullangan. Kimyoviy qurollar saqlanadigan ayrim omborlar sun’iy yo‘ldoshlar yormida topib bo‘lmasligi uchun g‘orlar yoki boshqa joylarga yashirilgani taxmin qilinmoqda.

«Ekspertlar jangarilar guruhlari kimyoviy qurol ishlab chiqariladigan bu kabi qo‘riqlanishi yomon bo‘lgan obektlarni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotirda», — deyiladi xabarda.

Suriya Mudofaa vazirligi o‘tgan oy Bashar Asad rejimi tarafdorlariga qarshi operatsiya yakunlanganini ma’lum qilgandi. To‘qnashuvlar oqibatida mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, ularning aksariyati tinch aholi. 

Bashar Asad 2024 yil dekabr oyida isyonchilarning tezkor hujumidan so‘ng Suriyani tark etgan. Ikki haftadan kam davom etgan janglardan so‘ng Hay’at Tahrir ash-Shom harakati vakillari Damashqni egalladi va bu Asad rejimining qulashiga olib keldi. Keyinchalik Suriyaning sobiq prezidenti va uning oila a’zolari Rossiyadan boshpana topgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid