O‘zbekiston | 18:30
2211
12 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 20 ga yaqin mamlakat parlamentlari delegatsiyalarini qabul qildi

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoq assambleyasida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Rossiya federal majlisi federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenkoni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Parlamentlararo aloqalar samarali bo‘layotgani yuksak baholangan.

«Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy sheriklik sur’atini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalari va gumanitar almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev shu kuni yana o‘ndan ortiq mamlakat delegatsiyalarini, xususan Ozarboyjon Milliy majlisi raisi Sohiba Gafarovani ham qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy hamkorlik yili doirasida birgalikda samarali ishlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgan. Madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish va bo‘lajak oliy darajadagi sammitlar uchun yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida parlamentlar o‘rtasida yaqin amaliy hamkorlikni va faol almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Belarus Milliy majlisi respublika kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv avvalida delegatsiya rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Aleksandr Lukashenkoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib borayotgani, sanoat va qishloq xo‘jaligida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik samarali bo‘layotgani, madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol parlamentlararo muloqotni davom ettirish, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlarning parlament nazoratini ta’minlash va o‘z vaqtida bajarilishiga ko‘maklashish muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini ham qabul qildi

Qo‘shma uchrashuvda Qozog‘iston parlamenti majlisi raisi Yerlan Koshanov, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Tojikiston majlisi namoyandagon raisi Fayzali Idizoda va Turkmaniston majlisi raisi Dunyogo‘zal Gulmanova ishtirok etdi.

Yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston prezidentiga o‘z mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar, mintaqamizda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirning ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

4 aprel kuni Samarqand shahrida o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti va Iqlim forumining samarali natijalari yuksak baholandi.

Oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda mintaqada o‘tkazilgan uchrashuvlar, jumladan, chegaralarni delimitatsiya qilish masalalari to‘liq tartibga solingani hamda Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ko‘p karra oshdi, chegaraoldi savdo zonalari tashkil etilmoqda.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan mamlakatlarimiz hududlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Madaniyat va ta’limda tadbirlarga boy dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, qo‘shma kooperatsiya tashabbuslari va loyihalarini ilgari surish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida parlamentlararo muloqotni, shu jumladan qo‘mitalar darajasida mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Turkiya bilan parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi

O‘zbekiston prezidenti Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, muvaffaqiyatli qo‘shma loyiha va korxonalar soni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar ko‘paymoqda. Ikki davlat va xalqni yaqinlashtirishga qaratilgan muhim madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga, O‘zbekiston-Turkiya sherikligining yangi kun tartibini shakllantirish, hududlararo hamkorlikni faollashtirishda, shuningdek, oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashda do‘stlik guruhlarining ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston prezidenti Pokiston bilan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash muhimligini qayd etdi

Pokiston islom respublikasi senati raisi Yusuf Rizo G‘iloniy davlat rahbariga prezident Asif Ali Zardariy va bosh vazir Shahboz Sharifning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar soni ortmoqda, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes forumlari va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazilmoqda.

Yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport sohalaridagi ustuvor loyiha hamda dasturlarni jadallashtirish, shu jumladan Transafg‘on yo‘li qurilishini ilgari surish, shuningdek, hududlararo hamkorlik va gumanitar almashinuvni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti Hindiston bilan parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi

Hindiston parlamentining quyi palatasi – Lok Sabha spikeri Om Birla ham Hindiston bosh vaziri Narendra Modining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlashda barqaror o‘sish kuzatilmoqda, muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari ko‘paymoqda, aviaqatnovlar kengaymoqda.

Energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, IT, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti filiallari faoliyat yuritmoqda.

Suhbatda yaqin parlamentlararo almashinuvlarni, sohaviy qo‘mitalar darajasida faol aloqalarni yo‘lga qo‘yish, do‘stlik guruhlari va yoshlar platformalarini tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarining salohiyatini samarali ishga solish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti arab mamlakatlari parlamentlari rahbarlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida arab davlatlari parlamentlari rahbarlarini qabul qildi.

Uchrashuvda Arab parlamenti Raisi Muhammad bin Ahmad Al-Yamahiy, Bahrayn parlamenti Vakillar kengashi Spikeri Ahmad bin Salmon Al-Musallam, Misr Vakillar palatasi Spikeri Hanafiy Ali Al-Jabaliy, O‘mon Sho‘ro kengashi Raisi Xolid bin Hilol Al-Ma’avali, Qatar Sho‘ro kengashi Raisi Hasan bin Abdulloh Al-G‘anim va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al-Nuaymiy ishtirok etdi.

Arab dunyosi davlatlari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni, shu jumladan parlamentlararo aloqalar orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston yetakchisiga o‘z mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va arab mamlakatlarining keng qamrovli sherikligi jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oliy darajadagi tarixiy tashriflar amalga oshirildi, o‘zaro muloqot va almashinuvlar faol davom ettirilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar Davlati bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, Saudiya Arabistoni va Misr bilan keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Bahrayn Podshohligi va O‘mon Sultonligi bilan har tomonlama hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Ushbu mamlakatlar bilan investitsiya loyihalari portfeli 50 milliard dollardan oshdi. "Yashil" energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, IT, transport va logistika, infratuzilma va turizm sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda. 500 ga yaqin qo‘shma korxona tashkil etildi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni haftasiga 150 tadan oshdi.

Mintaqaviy kun tartibidagi, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, eng avvalo, joriy yil may oyida Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqtining ikkinchi sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh kotibining maxsus vakili bilan hamkorlik kun tartibi kengligini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.

BMT institutlari, xususan, Maxsus vakil ofisi bilan bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Maxsus vakil O‘zbekiston yetakchisining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni mojaroli hududlardan qaytarish, bolalar mehnatiga barham berish borasidagi samarali islohotlarini yuqori baholadi.

Bola huquqlariga oid xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha mintaqaviy konferensiya va BMT bosh qarorgohida O‘zbekistonning amaliy tajribasi bilan tanishish bo‘yicha davra suhbatini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid