O‘zbekiston | 20:28 / 07.04.2025
1003
2 daqiqa o‘qiladi

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi

Martin Chungong Parlamentlararo ittifoq va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirish va chuqurlashtirish borasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati uchun mukofotlandi.

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Pukvareke Chungong O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasi va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirish va chuqurlashtirish borasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ustuvor qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, parlament diplomatiyasi hamda mintaqalararo aloqalarni, ochiq va konstruktiv siyosiy muloqotni ilgari surishga bevosita qo‘shgan katta hissasi, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro nufuzini dunyo miqyosida ko‘tarishdagi amaliy sa’y-harakatlari uchun Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Pukvareke Chungong O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlansin», deyiladi farmonda.

Martin Pukvareke Chungong — kamerunlik siyosatchi va diplomat bo‘lib, 2014 yil 1 iyuldan buyon Xalqaro parlamentlararo ittifoq (XPI) bosh kotibi lavozimini egallab kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni ushbu nufuzli tuzilma raisi Tuliya Ekson va bosh kotibi Martin Chungong delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari hamkorlikni rivojlantirish va parlament diplomatiyasini samarali ilgari surishga qo‘shgan katta hissasi uchun Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongni «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.

O‘zbekiston 2017 yilda XPI faoliyatidagi ishtirokini qayta tikladi va bugungi kunda uning ijro etuvchi tuzilmalarida to‘laqonli qatnashmoqda.

Mavzuga oid