Jahon | 22:18 / 07.04.2025
835
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya, Misr va Iordaniya yetakchilari G‘azo bo‘yicha kelishuvni tiklashga chaqirdi

Qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, falastinliklar gumanitar yordam olishi uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaytish kerak.

Foto: AP

Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Iordaniya qiroli Abdulla II Yaqin Sharq mojarosi ishtirokchilarini G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga qaytishga chaqirdi. Bu haqda Fransiya yetakchisining kanselyariyasi ma’lum qildi.

«Isroil G‘azoga hujumlarni qayta boshlagani fonida ular [sammit ishtirokchilari] falastinliklar himoyalanishi va to‘liq gumanitar yordam olishi uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaytishga chaqirdi», — deyiladi Yelisey saroyi press relizida.

Bayonotda aytilishicha, uchala davlat yetakchilari barcha garovdagilar va mahbuslarning ozod etilishini kafolatlovchi o‘t ochishni to‘xtatish bitimini bajarishga chaqirgan. «Tinch aholi va gumanitar xodimlarni himoya qilish, shuningdek, yordam yetkazish uchun to‘liq xavfizlikni ta’minlash xalqaro huquq normalariga muvofiq majburiyat hisoblanadi va ular, albatta, bajarilishi lozim», — deyiladi Fransiya prezidenti matbuot xizmati saytida.

Fransiya, Iordaniya va Misr yetakchilari, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni 4 mart kuni Qohirada bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari sammitida qabul qilingan G‘azoni tiklash rejasini ma’qullashga chaqirdi. Rejaga ko‘ra, olti oylik o‘tish davrida anklavni texnokratlar qo‘mitasi boshqaradi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu loyiha G‘azo sektoridagi falastinliklarning ko‘chirilmasligini ham nazarda tutadi.

Mavzuga oid