Iqtisodiyot | 11:18 / 01.04.2025
7375
3 daqiqa o‘qiladi

Pokiston O‘zbekistonda yangi zavod qurishni rejalashtirmoqda

Pokistonda  farmatsevtika, to‘qimachilik, transport-logistika, qurilish materiallari, turizm, teri va junni qayta ishlash sohalarida faoliyat yurituvchi biznes doira vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev hamrohligida Buxoro viloyatiga bordi.

Foto: "Dunyo" AA

Tashrif dasturiga ko‘ra, dastlab Buxoro viloyati hokimi Botir Zokirov ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy hamkorlarga viloyatning turizm, to‘qimachilik, farmatsevtika, neft va gazni qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish va sanoatning boshqa yo‘nalishlaridagi salohiyati haqida taqdimot o‘tkazildi.

Viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida Pokistonning Fateh va Tabba kompaniyalarini tashqi boshqaruv jarayonlariga jalb etish, pokistonlik sayyohlar oqimini oshirish maqsadida 2025 yil may oyida Lahor va Karachi shaharlarida Buxoro viloyati turistik salohiyatiga bag‘ishlangan "road shou" tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.

Erkin industrial zonaga tashrif chog‘ida mazkur hududda Pokistonning Diners kompaniyasi bilan ip-kalava va sun’iy tola aralashmasidan mato ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishi, Herbion kompaniyasi bilan esa dorivor o‘simliklarni saqlash omborini tashkil etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mahalliy Lattico kompaniyasi pokistonlik hamkorlar bilan pishloq va sut mahsulotlari, jumladan kefir, smetana va tvorogni eksport qilish bo‘yicha savdo shartnomasi tuzdi. Pokistonning "1001" kompaniyasi bilan Buxoro viloyatida atir sovun ishlab chiqarish zavodini qurish loyihasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, "Buxoro agroklaster" hududida Diners kompaniyasi tomonidan uy tekstili ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kelishildi, "Buxoro sera impeks" kompaniyasi tomonidan Pokistonga oltingugurt yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

G‘ijduvon tumanidagi "Buxoro Fayz" kompaniyasi negizida mato ishlab chiqarish va bo‘yash bo‘yicha loyiha shartlari kelishildi.

Jondor tumaniga safar doirasida Hub Leather kompaniyasi bilan dastlabki bosqichda terini qayta ishlash bo‘yicha loyihani amalga oshirish, "Jondor parranda chiken" va Pokistonning Forza Roma kompaniyalari o‘rtasida parrandachilik sohasida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Safar davomida Jondor tumani va Gujrat shahri mebel ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Gujrat shahri mebel ishlab chiqaruvchilarining joriy yil aprel oyida hamkorlarning istiqbolli loyihalarini muhokama qilish uchun Buxoroga ishchi safarini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Shofirkon tumaniga tashrif chog‘ida pokistonlik sheriklar bilan "Amirteks" fabrikasi negizida xalqaro brendlar ostida mahsulot ishlab chiqarish va uni Yevropa hamda Amerika bozorlariga eksport qilish yuzasidan ahdlashildi.

Tomonlar, shuningdek, terini qayta ishlash va tabiiy o‘simliklardan dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni muhokama qildilar.

Mavzuga oid