O‘zbekiston | 15:49 / 01.04.2025
14747
11 daqiqa o‘qiladi

Bekobodlik fermerlar “yorildi”

Qishloq xo‘jaligini to‘g‘ri isloh qilish, eski davrdan qolib ketgan uslublar va boshboshdoqlikdan voz kechish davlat va jamiyat oldida turgan muhim vazifalardan biri. Kun.uz tahririyatga kelgan bekobodlik ikki fermerning dardini tingladi. Aytish mumkinki, bu fermerlar gapirib bergan muammolar boshqa tumanlarda uchramaydi, deb bo‘lmaydi.

Nazira opa, muammolaringizni gapirib bersangiz.

Nazira Boqiyeva, “Boqiyeva Nazira” fermer xo‘jaligi rahbari: Men Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi "Boqiyeva Nazira" fermer xo‘jaligi rahbariman. 84 gektar yerda fermer xo‘jalik rahbari bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Yolg‘iz onaman, ikkinchi guruh nogironiman. 39 yildan beri mana shu fermer xo‘jalik rahbari bo‘lib, ishlab kelmoqdaman va shu kungacha “plan”larni 150-170 foizgacha bajarib kelyapman. Hozirgi kunda 38 gektar bug‘doy yetishtiryapman, qolgan yerimda esa – paxta. Paxtada har yili birinchi o‘rinda turamiz. Viloyat va respublika rahbarlari meni taniydi va hurmat qiladi.

2020-21 yilgacha biz juda yaxshi ishladik. Uch kunda pulimiz kelardi. 2020 yilda klaster keldi. Birinchi «APK Bekobod» klasterida Bahromjon ish boshladi, birinchi o‘rinda paxtani, g‘allani «Rich» klasteri Maqsudbek boshladi. Keyin davlat xaridi uchun 33 foizini ajratishini aytdi, qolgan 67 foizini esa «Rich» klasterga topshirasizlar dedi, shartnoma tuzdik.

Paxtani birinchi sort bilan, birinchi terimda oliy navlarga topshirdik. Mana uch yil bo‘ldi, hali paxtamizning pulini bergani yo‘q. Sud bo‘ldi, sud qaror chiqardi. 1 milliard 117 million haqdorligimdan 210 millionni ololmadim. Majburiy ijro xatlari qo‘limda turibdi. Keyin «Rich» klaster bug‘doyimizni oldi, u ham yarimchala qilib berdi, qolgan qarzdorligimizni hali berishni rejalashtirgani yo‘q. Viloyat, tuman prokuraturalariga murojaat qilsak, “opa, bular bankrot bo‘ldi, qarzdorlik bilan chiqdi, to‘lay olmaydi”, deyishdi. Hozir bir oddiy fuqaro «Agrobank»dan kredit olsa, kafil yoki garov qo‘yishi kerak. Bu klaster katta-katta yerlarni olib, minglab fermerlarni ishlatsa, shartnoma tuzib fermer rejasini bajarsa, nima uchun qarzdorlikka chiqadi? Bironta rahbar kelib tekshirmasa. Shu shikoyatni ko‘rib chiqaylik deb yuqoridan yoki tumanga komissiya biriktirilib, qarzdorlik klaster tomonidan bo‘lmoqdami yoki fermer tomondan, deb tekshirmasa. Klaster bankrot bo‘lsa, ayb bizda emas, to‘lashsin. Biz o‘sha xarajatlar evaziga pulni olib kelasi yilga tayyorgarlik ko‘rib, yana paxta yetishtiramiz va ishini davom ettiramiz. Ariqlarni tozalash kerak. Mana, prezidentimiz aytadi: “Ariqzovlarni beton qilinglar, ko‘chat ekinglar, texnika olinglar, mahallalarga kam ta’minlangan oilalarga yordam beringlar”.

“Bekobod Rice klaster” klasteriga murojaat qildik, ular “APK Bekobod” – Bahromjon bankrot bo‘ldi”, dedi. Bankrot bo‘lgani bilan tumandan ketgani yo‘q-ku, klasterni almashtirib, yana ishda davom ettiryapti. Bankrot bo‘lsa, nega ketmaydi? Ikkinchi korxonani qabul qilib olyapti, qarzi bo‘la turib, boshqa klasterni olyapti. U korxona ham ishlayapti, bunisi ham. Nega qarzdor bo‘lsa ketmaydi, nega korxonani tark etmaydi? Ishlayapti-ku! Fermerlarga haqini bermaslik uchun mana shunaqa o‘yinlar qilyapti. Rice ham shu: “opajon, to‘layman, o‘rniga solyarka, dori beraman” dedi. Rozi bo‘ldim, ammo hech narsa bermadi. Sudning qarorlari, pechati, imzosi bilan hammasi qo‘limda turibdi.

Majburiy ijro xodimlaridan xafaman: nima uchun fermer qarzdor bo‘lsa, sud qaror chiqargandan keyin siquvga olishadi, ammo klasterni... Kambag‘allar qarz bo‘lsa bankdan sigir-buzog‘i, gilami, televizorigacha ko‘tarib chiqib ketasizlar. Lekin klasterga unaqa munosabat – yo‘q! Klasterning mol-mulki bordir, garovga qo‘yayotgan narsasi bordir yoki kafil bo‘lgan biron katta rahbari bordir? Ko‘taringlar, surishtiringlar.

Tuman, viloyati bo‘yicha butun fermerlar xonavayron bo‘lishi shart emas-ku! Kecha mening xafa bo‘lganim: tuman hokimi soliq idorasiga hammani yig‘ib olib, “suvdan to‘qqiz million qarzingiz bor ekan, arizangizni yozing”, dedi. Menga “kechgacha nimangizni sotsangiz ham, to‘lang, bo‘lmasa pechatingizni topshirasiz, yeringizni topshirasiz” dedi. Men shu yerni deb tamom sog‘lig‘imdan ayrildim, yer deb hayotimdan kechdim, turmushga chiqsam, ertaga erkak kishi rashk qiladi, qo‘ymaydi, dalaga bormaysan, dedim. Hayotimdan kechib, dalani tanladim. O‘lsam ham dalada o‘laman.

To‘rtta “Bayer” traktorim bor, “Arion” traktorim bor, yuz foiz texnikam yetarli. Men nima olaman davlatdan? Ariqdan suv olaman, u ham ming hunar bilan keladi. Davlatdan hech narsa olmayman. O‘z mablag‘imdan “plan”ni ortig‘i bilan bajarib kelyapman. 

Klaster xodimlari juda qiynab yubordi bizni. “OQTOSH” klasterining (tarozisiga) bir kun bordim, svetni o‘chirib qo‘yib, torozi ko‘rinmasligi uchun sholi bilan bug‘doyda telejkaga solib, kamerani o‘chirib, aylanib ko‘chadan chiqib, torozidan o‘tkazadi, keyin svet va kamerani yoqadi. Bu nima degan gap?

Bunaqa yopishmagan yamoq klasterlarning nima keragi bor? Yana idoraga ega bo‘lib, qancha davlatning mablag‘ini rasvo qilib, shuncha fermerni aldayapti, tuman-viloyatga zarari tegyapti. Yo‘qolsin klaster! Kerak emas, klaster. O‘zimiz davlatga topshiraylik, donimizni, paxtamizni, yuzimizni yorug‘ qilib. Prezidentimizga ming rahmat! Shuncha sharoitlar qilib beryapti. Lekin klaster hammasini barbod qilib tashlayapti. Yo‘l bermayapti bizga.

Mana urug‘larning ham sifatsizini olib keladi, o‘g‘it ham sifatsizini olib keladi. Bechora fermerlar, men ham shunday ahvoldaman. Ikki kunlab kuvalda bilan ezolmayapmiz, shu darajadagi dorilarni olib keladi. Magazinda 230 mingdan sotadilar, ular esa bizga 280 ming qilib sotyapti. «Brak»ni, ishga yaroqsiz dorilarni. Olib borib ko‘rsatdim prokurorga. “Ariza yozing, dorining narxini qaytartirib, o‘chirtirib tashlaymiz”, dedi. Lekin hech narsa bo‘lgani yo‘q, shu holatda qolib ketdi.

Bu klaster dastidan hamma fermer dod deyapti. Kuching yetmasa nima qilasan xalqqa azob berib? Shuncha mablag‘ni rasvo qilib. Bekobod tumani har doim oldinda bo‘lgan. Klaster kelgandan beri – 30 foiz bajaradi, fermerga qo‘yib bersa 70 yetmish foiz bajaradi. Hozir mana, xitoyliklar bosib ketdi, ular ham birinchi terim paxtani shundoq haydab tashladi. Klasterlar yerida mol yuribdi, bironta rahbar qaramaydi. Fermerning yerida mol yursin-chi...

Jumaboy aka, nima qo‘shimcha qilasiz?

Jumaboy Boboyev, «Mehnatobod» fermer xo‘jaligi rahbari: Men yigirma sakkiz yildan beri Bekobod tumanida fermer xo‘jaligi faoliyatini yuritib kelaman. Naziraning gaplariga yuz foiz qo‘shilaman. Nazira kuyib-yonib halol mehnati bilan mashhur bo‘lgan, ammo jabr ko‘rayotgan fermer. Ammo bitta u Nazar emas, Bekobod tumanidagi yuzlab, yuzdan ortiq fermerlarning dardi bir, fig‘oni bir.

Yerga mehr qo‘ygan, yerini suygan fermer, hech qachon yerini xor qilmaydi. Yerini xor qilmagan inson xor bo‘lishi kerak emas.

Hozir, tumanda nechta fermerning haqdorligi bor?

- Yuztadan sakson-to‘qsontasi haqdor, klaster qarzdor. Agar kredit olganlari bo‘lsa, Agrobankka borib shuni klasterga o‘tkazadi. “Fermer xo‘jaligi mendan 100 million, 50 million, balki 10 million qarzi bor”, deb o‘sha yerdan o‘zi yulib oladi. Agrobank o‘z haqqini sug‘urib oladi, qolgani qolib ketadi.

O‘tgan kuni ko‘rsatuv qildik, Xitoyni o‘rganib kelgan mutaxassisdan so‘rayapman: “Xitoyda hokim aralashadimi ishiga?” desam, “Xitoyda fermer hokimni hatto tanimaydi,” deyapti. Xitoyni kommunistik partiya boshqarayotgan bo‘lsa-da, u yerda reja yo‘q ekan. Fermerning bo‘ynida hech qanday reja yo‘q. Mahsulotini yetishtiradi, bozor munosabatlaridan kelib chiqib, o‘z manfaatini ko‘zlab, ishlaydi va biryo‘la jamiyat foydasiga ham xizmat qiladi. Qani, nima deb o‘ylaysizlar, bizda ham shuni qilsak, qanday bo‘ladi?

Nazira Boqiyeva: Yaxshi bo‘lardi.

Jumaboy Boboyev: Men bunga qo‘shimcha qilmoqchiman. Rahmat savolingiz uchun. O‘sha Xitoy, boshqa qishloq xo‘jaligini rivojlantirgan chet el davlatlarga tenglashishimiz uchun, ularni o‘rganishimiz lozim. Bizdan qishloqda ishlayotgan dehqon fermer xo‘jaliklarining ish faoliyatiga tuman rahbarligi tomonidan aralashuv bor, reja bor, keyin “razmesheniya” ham mavjud. Mana, muncha gektarda bog‘ ek, paxta ekadigan payti – yaroqli bo‘lmagan joylarga bahor payti muncha gektarda paxta ek, deb, tuman hokimlari o‘z manfaatini, obro‘sini, mansabini ustun qo‘yib, reja uchun planlashtirish. Bunaqada qanday fermerning bir ikki bo‘ladi? Yerning egasi fermer va u o‘z manfaatlari uchun qaysi yeriga, qaysi konturdagi yeriga, holatiga qarab, qanday ekish kerakligini yaxshi biladi. Sinab ko‘raylik shuni.

Nima deb o‘ylaysizlar, o‘zbek fermeri bunga qodir emasmi?

Jumaboy Boboyev: Albatta qodir. Fermerning boshida turib boshqarishsa, u nima qilishni bilolmaydi. Ishlashga kayfiyati ham bo‘lmaydi.

Shokir Sharipov va Kamoliddin Ikromov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid