1 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Amirliklarda o‘limga hukm qilingan o‘zbek fuqarolari, Andijondagi masjidda portlagan gaz, sammitga tayyorlanayotgan Samarqand va Yevropa davlatlarida ish topgan o‘zbekistonliklar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Uch o‘zbek fuqarosiga o‘lim jazosi
BAAdagi ravvini o‘ldirishda ayblangan O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi o‘limga hukm qilingan. Abu-Dabidagi Federal apellyatsiya sudi 30 mart kuni 3 nafar O‘zbekiston fuqarosini «terrorchilik niyatida qasddan odam o‘ldirish»da ayblab, oliy jazoga hukm chiqargan.
Ularga yordam bergan yana bir ayblanuvchiga esa umrbod qamoq jazosi tayinlangan. Uning fuqaroligi ma’lum qilinmagan.
Gap 2024 yilning noyabrida Isroil va Moldova fuqarosi, BAAdagi ravvin Tsvi Koganning o‘ldirilishi haqida bormoqda.
O‘zbekiston TIV hukm haqiqatan ham chiqarilganini tasdiqladi, biroq bu hali yakuniy qaror emasligini ta’kidladi. BAA qonunchiligiga ko‘ra, o‘lim hukmi ustidan avtomatik tarzda apellyatsiya beriladi va ish Oliy sudga yuboriladi.
Gumon qilinuvchilar 2025 yil boshida Turkiyada qo‘lga olingan. Sudga ularning aybini isbotlovchi ko‘plab dalillar, jumladan, o‘z aybiga iqror bo‘lganliklari ham taqdim etilgan.
Samarqand sammitga tayyorlanmoqda
3-4 aprel kunlari esa Samarqandda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti tadbirlari tashkil etiladi. Shuningdek, Iqlim forumi tashkil etiladi.
Sammitda Yevropa ittifoqi rahbarlari va Markaziy Osiyoning 5 respublikasi prezidentlari ishtiroki kutilmoqda.
Bungacha yurtimizga tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikelaning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo bo‘ylab internet aloqasini yaxshilash yo‘lida birgalikda ishlamoqda.
Yevropa texnologiyalari va O‘zbekiston tajribasi orqali tezkor va xavfsiz internetdan foydalanish imkoniyatini yaratish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda mahalliy jamoalar uchun yashash sharoitlarini yaxshilash maqsad qilingan.
Samarqandda o‘tadigan nufuzli sammit munosabati bilan shaharga kirish yo‘llari yopilib, aylanma yo‘llar tashkil etildi. Shahar markazida ayrim yo‘llar vaqti-vaqti bilan yopilib turilishi e’lon qilindi. Shuningdek, bir qator oliygohlarda o‘qishlar 5 apreldan boshlanishi belgilandi.
Xo‘jandda «Do‘stlik» stelasi ochildi
O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari Tojikistonda Xo‘jand shahrida do‘stlik timsoli bo‘lgan «Do‘stlik» stelasini tantanali ravishda ochdi. Tadbirda Shavkat Mirziyoyev, Imomali Rahmon va Sadir Japarov ishtirok etdi.
Stela uch davlat chegarasi birlashgan joyda o‘rnatildi.
Uch mamlakat bosh vazirlari o‘rinbosarlari videoaloqa orqali obekt qurilishi yakunlangani haqida ma’lumot berdi. Marosim ramz sifatida mintaqadagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadini ko‘zlaydi.
Yodgorlik uch qardosh davlatning uzviy do‘stligi, o‘zaro ishonchi va hamkorligini ifodalaydi. Prezidentlar tomonidan bu kabi tashabbuslar mintaqada barqarorlik va birdamlikni kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Andijondagi masjidda gaz portladi
Andijon viloyati Izboskan tumanidagi masjid tahoratxonasida sodir bo‘lgan gaz portlashi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 10 nafar fuqaro jarohat oldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, portlash 31 mart kuni peshin namozi oldidan ro‘y bergan.
Portlash natijasida binodagi gaz sizib chiqib, yong‘insiz chaqnash sodir bo‘lgan va tom qismlari qulab tushgan. Viloyat hokimligi va FVV mutasaddilari voqea joyiga yetib borgan. Portlash sabablarini o‘rganish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligida hukumat komissiyasi tuzildi.
Prokuratura Jinoyat kodeksining 205 va 259-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atganini ma’lum qildi. Tergov jarayonida barcha holatlar to‘liq o‘rganilishi va qonuniy qaror qabul qilinishi va’da berildi.
O‘zbekistonliklarning Yevropa bo‘ylab ish safari kengaymoqda
2024 yilda xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar soni 6,2 million nafarga yetdi — bu 2023 yilga nisbatan 29 foizga ko‘p. Pul o‘tkazmalari miqdori ham 30 foizga oshib, qariyb 15 mlrd dollarni tashkil etdi.
Mehnat migratsiyasida Yevropa mamlakatlariga qiziqish ortib bormoqda. Polsha o‘zbekistonliklarga berilgan YeI vizalarining 21 foizini tashkil etgan bo‘lsa, Litva — 17 foiz, Germaniya — 16 foiz, Latviya — 7 foizga to‘g‘ri kelgan.
Buyuk Britaniya ham mavsumiy muhojirlarga talab yuqori bo‘lgan davlatlardan. 2021–2023 yillar davomida O‘zbekiston fuqarolariga berilgan mavsumiy vizalar soni 556 tadan 4094 tagacha o‘sdi.
Janubiy Koreyada esa o‘zbekistonlik rezidentlar soni 95 mingga yaqinlashdi.
Mavzuga oid

22:03 / 02.04.2025
2 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:34 / 28.03.2025
28 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:45 / 27.03.2025
27 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:13 / 26.03.2025