O‘zbekiston | 20:27 / 28.03.2025
4706
2 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyatlar vaziriga o‘rinbosar va FVV akademiyasiga yangi boshliq tayinlandi

Rustam Jumayev favqulodda vaziyatlar vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi. Polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov esa FVV akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Rustam Jumayev

O‘zbekiston prezidentining qarori bilan Rustam Jumayev favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari – Moliya, ta’minot va qurilish departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar Rustam Jumayev Hisob palatasining turli lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, prezident farmoyishi bilan polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Muzaffar Mamasiddiqov

Tayinlovga qadar u Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Shu kunga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan general-mayor Ravshan Haydarov Haydarovich nafaqaga chiqishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 25 fevral kuni prezident farmoni bilan bosh prokuror o‘rinbosari — harbiy prokuror Botir Qudratxo‘jayev favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlangan va unga general mayor harbiy unvoni berilgan edi.

Mart boshlarida esa Xurshid Sotiyev favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari — Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, Nuriddin Qodirov favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid