Iqtisodiyot | 19:49 / 22.02.2025
6862
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi 31 ta kon xitoyliklarga sotilgani rad etildi

«Yer qa’ridan foydalanish markazi» DM xabarida ta’kidlanishicha, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun Navoiy viloyatidagi 31 ta yer qa’ri uchastkasi bo‘yicha o‘tkazilgan auksionda g‘olib chiqqanlar orasida Xitoy fuqarolariga to‘liq tegishli bo‘lgan korxona yo‘q.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning fevral oyida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun Navoiy viloyatidagi 31 ta yer qa’ri uchastkasi «E-auksion» savdo platformasi orqali 25,1 mlrd so‘mga sotildi. Ammo xaridorlar xitoyliklarga to‘liq tegishli kompaniyalar emas, deb xabar berdi «Yer qa’ridan foydalanish markazi» DM.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda auksion g‘oliblari Xitoy kompaniyalari ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ta’kidlanishicha, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar «Yer qa’ri to‘g‘risida»gi Qonunning 32-moddasiga muvofiq faqat O‘zbekistonda ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslarga yoki O‘zbekiston fuqarolariga beriladi. Mazkur talabdan kelib chiqib elektron savdolarda O‘zbekistonning 12 ta korxonasi g‘olib deb topilgan. Ularning ayrimlari to‘liq O‘zbekiston fuqarolariga tegishli, ayrim korxona ta’sischilarining o‘rtacha 70 foizi O‘zbekiston fuqarolari, faqat xorijiy davlat, jumladan Xitoy fuqarolariga to‘liq tegishli bo‘lgan birorta ham korxona yo‘q.

Qayd qilinishicha, g‘olib deb topilgan «Xinlong Mining Drilling» MChJ asosiy ta’sischisi (70 foiz) hamda «Zhonghuitong Mining» MChJ asosiy ta’sischisi (97,6 foiz) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanadi.

Shu bilan birga ta’kidlanishicha, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalar 3 yil muddatga berilib, yerga egalik huquqini bermaydi. Faqat yer qa’ridan foydali qazilmani olish huquqini berib, ruxsatnoma egasi oltin izlovchilar usulida qazib olish ishlari jarayonida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish va ularni kelgusida foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyatini oladi.

Xabarda qayd etilishicha, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini olgan foydalanuvchilarga davlat tomonidan bir qator majburiyatlar yuklatilgan bo‘lib, unda ishchi-xodimlarining 70 foizi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi lozimligi belgilangan.

Ta’kidlanishicha, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida olib boriladigan faoliyat bo‘lib, bu uchastkalarni sanoat miqyosida qazib olish ishlarini amalga oshirish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Shu bois bunday yer uchastkalari tadbirkorlarga shaffoflikni ta’minlagan holda daromad olish uchun sotiladi. Sotilgan yer qa’ri uchastkalarida faoliyat olib borayotgan mahalliy yoki xorijiy investorlar sohaga yangi texnologiyalar, uskunalar kiritadi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Xabarga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan realizatsiya qilingan qimmatbaho metallar sotuvining 49,5 foizi yer qa’ri uchastkasi joylashgan mahalliy budjetga yo‘naltiriladi hamda hududlarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid