Toshkentda 5 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Yunusobod tumanida Nexia-2, ikkita Lacetti, Spark va Nexia-3 ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bir mashina ikkinchisining ustiga chiqib ketganini ko‘rish mumkin.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida beshta transport vositasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar beradi poytaxt IIBB YHXB axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 23 yanvar kuni taxminan soat 15:20 larda Yunusobod tumani Kichik halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida Nexia-2, ikkita Lacetti, Spark va Nexia-3 rusumli avtomashinalari o‘zaro to‘qnashuvi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan ko‘rish mumkinki, Nexia-2 transport vositasi Lacettiʼning ustiga chiqib ketgan.
Ta’kidlanishicha, YTH natijasida tan jarohat olganlar haqida xabar kelib tushmagan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.