23:13 / 08.05.2024
28724

Shavkat Mirziyoyev YeOII yig‘ilishida 5 tashabbusni ilgari surdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Moskva shahriga tashrifi doirasida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari hozirgi sharoitda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda o‘zaro investitsiyalarning o‘sishi uchun sharoit yaratish birinchi darajadagi vazifa deb hisoblashini ta’kidladi.

«Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan an’anaviy «Innoprom» xalqaro ko‘rgazmasi bunday hamkorlikka yorqin misoldir... Biz ushbu muloqot maydonini yanada kengaytirish, ishtirokchilar sonini oshirish, jumladan, Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Viyetnam va Indoneziya kabi hamkor mamlakatlar kompaniyalarini bu jarayonga jalb etish niyatidamiz», dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning 5 ta ustuvor yo‘nalishini sanab o‘tdi.

Birinchidan, O‘zbekiston YeOII rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari doirasida amaliy sheriklikni kengaytirish va tarmoqlarda ko‘p tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor.

Ikkinchidan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro savdo-sotiqdagi to‘siq va cheklovlarni birgalikda bartaraf etishga tayyor. 2009 yilda qabul qilingan Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga O‘zbekistonning qo‘shilish jarayoni boshlangan.

Uchinchidan, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlari bilan bog‘lovchi «Shimol – Janub» transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish muhim. Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston multimodal marshrutini rivojlantirish bo‘yicha uchrashuvi samarali bo‘lgani ta’kidlandi.

To‘rtinchidan, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi loyihalar va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini kelgusida ham faol qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilingan.

Beshinchidan, quyidagi muhim yo‘nalishlarda ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish va YeOII organlari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi:

- Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, «yashil» va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash;

- Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalarida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqin hamkorlik qilish. Bunda tegishli Ishchi guruhining navbatdagi majlislaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi;

- Mamlakatlarda mehnat migrantlari faoliyati uchun raqamli platformalarga ulangan holda, qulay sharoit va ijtimoiy kafolatlarni shakllantirish;

- Sayyohlar almashinuvini keskin oshirishga qaratilgan qo‘shma turistik dastur va mahsulotlarni ishlab chiqish.

Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishlarning barchasi hamkorlikning o‘rta muddatdagi istiqbolga mo‘ljallangan yangi rejasida o‘z aksini topishi mumkinligini ta’kidladi.

Mavzuga oid
Top