09:40 / 06.05.2024
3217

Polsha O‘zbekistonda avtomobillar uchun gaz qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil etishi mumkin 

Xorazm viloyati va Polshaning Podlyaski voyevodeligi o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatning Podlyaski voyevodeligida (viloyat) bo‘ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Safar davomida Podlyaski voyevodeligi hukumati vakili Yatsek Brzozovski, marshal o‘rinbosari Marek Olbrij va Belostok shahri meri Tadeush Truskolaski bilan uchrashuv o‘tkazildi.   

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Xorazm viloyati va Podlyaski voyevodeligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, oziq-ovqat, transport va kommunikatsiyalar, axborot texnologiyalari, mebel ishlab chiqarish, sport va turizm kabi sohalarda hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tomonlar, shuningdek, Urganch va Belostok shaharlari o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldilar.

Diplomatik missiya tomonidan Belostok Savdo-sanoat palatasida mamlakat salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda Belostok Savdo-sanoat palatasi prezidenti Vitold Karchevski va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, metallurgiya va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda avtomobillar uchun gaz qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, klasterlar asosida sut qabul qilish punktlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Belostok politexnika universiteti rektori Marta Kosior-Kazberuk bilan kechgan muloqot yakunlari bo‘yicha tomonlar Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasasi bilan video-ko‘prik o‘tkazish, shuningdek, Polsha universitetining Urganch shahrida filialini ochish, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi va NAWA loyihasi doirasida grant asosida o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida ahdlashib oldi.

Mavzuga oid
Top