22:03 / 25.04.2024
25504

Markaziy bank raisi oxirgi oylarda dollar kursi nisbatan tezroq oshganiga izoh berdi

Mamarizo Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida dollar kursining oshishiga valutaga bo‘lgan talab 17 foizga oshgani sabab bo‘lgan. Bu nafaqat import, balki boshqa to‘lovlar, xususan tashqi qarzlarni qaytarish bo‘yicha xarajatlar oshgani bilan ham bog‘liq. MB raisi talab-taklif muvozanati sabab 25 aprel kuni kurs 50 so‘mga pastlaganiga e’tibor qaratdi.

Foto: Markaziy bank

O‘zbek so‘mi yil boshidan buyon AQSh dollariga nisbatan 2,3 foizga qadrsizlandi. 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda devalvatsiya 10,5 foiz atrofida bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov 25 aprel kungi matbuot anjumanida joriy yilning birinchi choragida devalvatsiya sur’ati nisbatan tezroq bo‘lganiga izoh berdi.

“1-chorakda dollar kursining oshishiga sabab – valutaga bo‘lgan talab. Buni biz to‘g‘irlanish deb ataymiz. Bu talab 1-chorakda 17 foizga oshdi. Hammasini import bilan bog‘lay olmaymiz, importdan boshqa to‘lovlar bor. Masalan, tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarimiz o‘tgan chorakka nisbatan 34 mln dollarga o‘sdi. Xuddi shu omillar bilan shakllanadigan jarayon bu.

Qo‘shni davlatlar valutasi qadri nimaga oshyapti, bizda tushyapti degan savollarni ko‘rdim. Har bir davlatning o‘zining ichki iqtisodiy sharoiti bor. Qozog‘istonni misol qilib keltirishdi, ularda ikkita faktor bor. Birinchisi, davlat tomonidan kafolatlanmagan qarz olib kelish sezilarli oshdi. Ikkinchisi, barqarorlik suveren jamg‘armasi xarajatlari oshdi. Bu valuta bozorida qo‘shimcha valuta sotildi degani. Har bir davlatda qaysi rakursdan qarasak, talab va taklifdan kelib chiqadigan holat”, – dedi Nurmurodov.

Markaziy bank raisi yana bir bor valuta kursi talab va taklifdan kelib chiqib shakllanishini ta’kidlab, 25 aprelgi kungi valuta savdolari yakunlariga ko‘ra so‘m dollarga nisbatan 50 so‘mga mustahkamlanganini misol sifatida keltirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunda savdolar vaqtidagi dollar taklifi (16 mln dollar) talabga nisbatan (11 mln dollar) sezilarli yuqori bo‘lgan, natijada milliy valuta mustahkamlangan.

MB 26 apreldan boshlab belgilagan AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi – 12 640,21 so‘m bo‘lib, bu 25 aprel kungi kursdan 49,76 so‘mga arzon.

Top