“Bu bolaning konstitutsiyada kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqiga tahdid soladi” – Bolalar ombudsmani Navoiydagi holatni o‘rganmoqda
Bolalar ombudsmani Navoiydagi maktabda kuzatilgan holat – dars mashg‘ulotlari payti maktab o‘quvchilarini olib chiqib, sochini oldirgan mas’ullarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi zarur, deb hisoblamoqda.

Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabi direktori tomonidan ta’lim maskaniga sartarosh chaqirtirilib, o‘quvchilarning sochi majburiy oldirilish holati yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘rganish boshladi.
“Maktab ma’muriyati tomonidan bunday harakatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda, bu umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining odob-axloq qoidalariga zid. Muhimi esa, bu bolaning konstitutsiyada kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqi hamda uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga tahdid soladi. Mazkur harakatga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi zarur”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda bu kabi nomaqbul holatlarning boshqa ta’lim muassasalarida ham yuzaga kelmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Oldinroq Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” o‘tkazilgani, bu maktab direktori Nurqobil Yusupovning tashabbusi bo‘lgani xabar qilingandi. Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova bu umuman oqlab bo‘lmaydigan holat ekanligini bildirgan.