Somalida isyonchilar BMT vertolyotini qo‘lga oldi
Uning ekipaji va yo‘lovchilari taqdiri noma’lum.

Foto: Reuters
Somalida «Ash-Shabob» guruhi a’zolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining vertolyotini ekipaji va yo‘lovchilari bilan birga olib qochdi. Bu haqda Reuters agentligiga mahalliy harbiy amaldor ma’lum qildi.
BMT vertolyoti Somalining markazidagi Beledveyn shahridan havoga ko‘tarilib, hukumat kuchlari va «Ash-Shabob» kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuv chizig‘i yaqinida joylashgan Visil shahriga yo‘l olgan. Vertolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, texnik muammo tufayli, guruh nazorati ostidagi hududga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.
Vertolyotda tibbiy buyumlar bo‘lgan va u Galmudug tumanidan yarador askarlarni olib ketishi kerak edi. Reuters nashriga ko‘ra, bortda ikki somalilik va bir necha xorijlik bo‘lgan.
Vertolyot Somaliga yordam ko‘rsatuvchi BMT missiyasiga tegishli bo‘lib, ekipajda besh nafar xorijlik bo‘lgan. Ularning taqdiri noma’lum.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti vertolyotning olib qochilishi haqidagi xabarlarga hozircha izoh bermadi.
«Ash-Shabob» guruhi Somalining janubi va markazidagi aksariyat hududni nazorat qiladi, biroq qo‘shni davlatlarga, jumladan Keniyaga qarshi ham harakat qiladi.
2007 yildan 2012 yilgacha «Ash-Shabob» jangarilari 500 dan ortiq teraktlar uyushtirgan. 2012 yilda guruh «Al-Qoida»ga qo‘shilgan. 2015 yil dekabrida 200 ga yaqin jangari «Islomiy davlat»ga bay’at bergan edi.
«Ash-Shabob» jangarilari ko‘pincha xorijliklar, jumladan, xalqaro tashkilotlar vakillari joylashgan mehmonxonalarga hujum qiladi.
Mavzuga oid

13:42
Samarqandda BMTning Davlat xizmati forumi bo‘lib o‘tadi

21:46 / 02.06.2025
Annalena Berbok BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi raisi etib saylandi

01:02 / 30.05.2025
To‘qayev Qozog‘iston BMTni isloh qilish tarafdori ekanini ma’lum qildi

13:25 / 29.05.2025