16:56 / 13.11.2023
123246

Avtohalokatlarning ko‘payishi odatiy hol sifatida qabul qilinmasligi kerak - Kamoliddin Rabbimov

Ëshi 50 dan oshgan haydovchilar ham mashinani qoida bo‘yicha haydamaydi. Burilishlarda yonchiroqni yoqmaydi, quvib o‘tishda ham yo‘lni xavfli shaklda kesib o‘tadi. Odamlar o‘ta agressiv...

Ochiq manbalardagi suratdan foydalanildi.

Ko‘p kuzatamiz, aksariyat haydovchilar oddiygina yo‘l harakati qoidalariga amal qilishmaydi: taqiqlangan joyda to‘xtashadi, burilishlarda qayrilish chiroqlarini yoqishmaydi, yo‘l so‘rash etikasiga amal qilishmaydi. Bekatlarda avtobus yo‘lini to‘sib turib olishadi.

Haydovchilar ham, ayrim yo‘lovchilar ham o‘zaro hurmat tamoyillarini chetlab o‘tishganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz.

Albatta, bugungi kunda avtomobillarning ko‘payib borayotgani iqtisodiy o‘sishdan dalolat bersa, shu bilan parallel ravishda avtohalokatlar sonining ham ortib borayotgani o‘yga toldirmasdan qolmaydi. Avvallari, avtohalokatlar haqidagi xabarlar ahyon-ahyondagina qulog‘imizga chalinib qolar edi.

Endilikda bu kabi voqea-hodisalar har kuni bot-bot ijtimoiy tarmoqlarda “aylanadi”. Eng achinarlisi, ularga quloqlarimiz “o‘rganib”, odatiy hol sifatida qabul qila boshladik.

Yo‘lda avtomobilda yurish – kollektiv madaniyatni, kollektiv muloqot va o‘zaro hamkorlikni talab qiladi. Bizni madaniyatimiz – o‘zaro ishonchsizlik, raqobat va kimo‘zarga o‘ynash, “boshqalarni yutish”ga moyil...

Qoidabuzarliklar uchun jazo muqarrar bo‘lishini ta’minlash, jarima ballari tizimini tezroq ishga tushirish, TV kanallarda yo‘l qoidasi bo‘yicha maxsus dasturlar qilish, kech bo‘lganda (bolalar uxlaganda) yo‘l harakati halokatlarini ko‘rsatib borish kerak.

Jamiyatning madaniyati – siyosatning asosi, platformasi hisoblanadi. Oddiy yo‘lda shuncha ko‘p halokat bo‘lishi, siyosiy madaniyatimiz ham yuqori emasligini bildiradi. Avtohalokatlar sonining ko‘pligi – jamiyat uchun odatiy, standart holat bo‘lib qabul qilinmasligi lozim. Jiddiy milliy bezovtalik ko‘rsatish kerak!

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid
Top