20:13 / 24.07.2023
28402

Observer: G‘arb Ukraina armiyasi tayyorlash va qurollantirishda xatoga yo‘l qo‘ydi

Britaniya qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan institutining urush olib borish bo‘yicha katta ilmiy xodimi Jyek Uotlingning ta’kidlashicha, G‘arb tomonidan Ukraina qurolli kuchlari askarlarini tayyorlashda yo‘l qo‘yilgan xatolar Ukraina qarshi hujumining sekin borayotgani va sezilarli natijalarga erisha olmayotgani sababini tushuntiradi.

Foto: Reuters

«Ukraina qo‘shinlari ikki oydan beri Rossiyaning «Surovikin chizig‘i» deb ataluvchi juda mustahkam mudofaa pozitsiyalarini yorib o‘tishga harakat qilmoqda», deb yozadi Uotling Britaniyaning Observer gazetasida chop etilgan «G‘arb Ukraina qo‘shinlarini tayyorlashga e’tibor qaratishi kerak, aks holda biz to‘lov qilishimizga to‘g‘ri keladi» deya nomlangan maqolasida.

Quyida ushbu maqolaning asosiy tezislari.

Texnika va qurollar

Muvaffaqiyatli qarshi hujum operatsiyalarini o‘tkazish uchun ukrainaliklarga nimalar kerakligi G‘arb poytaxtlariga 2022 yil yozidayoq ma’lum bo‘lgandi — bular artilleriya, muhandislik jihozlari, taktik havo mudofaasi, ko‘chib yuruvchi mudofaa vositalari (piyodalar mashinasi va boshqalar) va xodimlarni tayyorlash.

Ukrainaliklar qurol, snaryad va zirhli transport vositalarini yetarli miqdorda oldi. Muhandislik va taktik havo mudofaasi texnikalari esa kamroq hajmda yetkazib berildi.

Biroq, 2022 yil sentabr oyidayoq Ukraina qurolli kuchlariga zirhli transport vositalari kerakligi ma’lum bo‘lganiga qaramay, ularni yetkazib berish to‘g‘risidagi qaror faqatgina 2023 yil yanvar oyida qabul qilindi va hozircha qisman bajarildi.

Bundesver o‘quv bazasidagi ukrain harbiylari

Bir necha oylik kechikish rus qo‘shinlariga mudofaa chizig‘ini qurish uchun vaqt berdi, bu esa ukrainaliklarning vazifasini ancha qiyinlashtirdi. Ukraina kuchlari turli tayyorgarlik holatida bo‘lgan G‘arb tizimlarini o‘zlashtirish va o‘z harbiylarini juda murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga tayyorlash uchun ikki oylik muddatga ega bo‘ldi.

Shaxsiy tarkib tayyorlovi

Uotlingning so‘zlariga ko‘ra, yana bir muammo shuki, mashg‘ulotlarning katta qismi yaxshi o‘ylab chiqilmagan.

Ukraina hamkorlari ukrainalik askarlarni yakka tartibda tayyorlashni afzal ko‘rayotgani sababli, shaxsiy tarkibni o‘qitish asta-sekin bormoqda.

«G‘arb tanklar va piyodalar jangovar mashinalarini Ukrainaga topshirish haqidagi qaror qabul qilingandan so‘ng, siljish sodir bo‘ldi — ukrainaliklar endilikda bo‘linma-bo‘linma tarzida o‘qitilmoqda», deydi Uotling.

Askarlarni Ukrainada individual tayyorlash mumkin. Ammo bu yerda rotadan kattaroq bo‘linmalarni tayyorlash mumkin emas, chunki Ukraina poligonlari Rossiya armiyasi tomonidan o‘qqa tutiladi.

Shu sabab, ba’zi Ukraina bo‘linmalari uchun Yevropa poligonlarida jamoaviy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Lekin, ukrainalik harbiylar g‘arbiy poligonlarda to‘liq miqyosli tayyorgarlikka ega bo‘la olmasliklari haqida aniq tushuncha berdi, chunki ular urushda NATO tomonidan sertifikatlanmagan va g‘arbiy poligonlarda foydalanish mumkin bo‘lmagan o‘zlarining ko‘plab shaxsiy tizimlaridan (xususan, dronlar va o‘t ochishni boshqarish tizimlari) foydalanadi.

Muallif buning o‘rniga, Ukraina qurolli kuchlarining allaqachon mavjud kuchli tomonlariga e’tibor qaratiladigan o‘qitish usullarini joriy qilishni taklif etgan. Ammo buning uchun instruktorlarga tayyorlov kurslarini o‘z xohishiga ko‘ra o‘zgartirishga ruxsat berish va kurslarni ishlab chiqishda ukrainaliklar unda ishtirok etishga taklif qilish kerak.

Bundesver o‘quv bazasidagi ukrain harbiylari

Uotlingning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammo, aftidan, Ukraina qurolli kuchlarini tayyorlash G‘arb modellari bo‘yicha olib borilayotganidir. Chunki bu ma’lum bir tuzilmani va eng muhimi, vaqtni talab qiladi, ukrainaliklarda esa hozir u yo‘q.

Byurokratiya va uzoq urush

Byurokratik cheklovlar Ukraina hamkorlari uchun jiddiy muammoni ko‘rsatdi. Urush boshlanganidan beri G‘arb harbiylari Ukraina qurolli kuchlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish metodlarini moslashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo Yevropa xavfsizligi kelajagi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qarama-qarshilik natijasiga bog‘liq bo‘lishiga qaramay, Yevropa poytaxtlarida byurokratlar va diplomatlar hamon tinchlik davri namunalari bo‘yicha ishlamoqda.

Ukrainaga yetkazib berilayotgan snaryadlar uzoq muddatli ta’minotga yetmasligi 2022 yil iyul oyidayoq aniq bo‘lgandi. Biroq, NATO davlatlari o‘q-dorilar ishlab chiqarishni kengaytirishga shoshilmayapti, zaxira artilleriya to‘plarini ishlab chiqarish haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi.

Ammo, agar bu muammo hal etilmasa, Ukraina hozirda egalik qilayotgan ustunlikni qo‘ldan boy beradi va ittifoq Vilnyusda kelishilgan tayyorgarlik ko‘rsatkichlariga erisha olmaydi.

Jyek Uotling fikriga ko‘ra, operatsiya qanday kechishidan qat’i nazar, Ukrainaning xalqaro hamkorlari o‘z yordamlarini Ukraina qurolli kuchlarini yangi janglarga tayyorlashga yo‘naltirishi kerak.

Shu ma’noda, Yevropa xavfsizligi G‘arb poytaxtlarining kelajakni o‘ylash va o‘z vaqtida qaror qabul qilish qobiliyatiga bog‘liq.

«Ukraina sharqidagi qonli janglar kadrlari bizga har kuni kechikish va sustkashlik narxini eslatib turadi», deya o‘z maqolasiga xulosa qilgan Jyek Uotling.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top